Rossiya Olmaliqda misni qayta ishlash fabrikasi majmuasini qurish uchun 712 mln yevro ajratadi

O‘zbekiston 08:24 / 24.11.2021 3732

VEB.RF va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ (OKMK) o‘rtasida kredit shartnomasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi arafasida imzolangan

VEB RF kompaniyasining 712 million yevro miqdoridagi krediti Olmaliqda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega misni qayta ishlash fabrikasi majmuasi qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. 

Loyiha Yoshlik I konini o‘zlashtirish va keyinchalik uni mavjud Qalmoqqir koni bilan birlashtirishni nazarda tutadi. Qo‘shma kon mis rudasi zaxiralari bo‘yicha dunyodagi eng yirik konlardan biriga aylanadi. OKMK ma'lumotlariga ko‘ra, MDH hududida birinchi marta bunday quvvatga ega fabrikani qurish rejalashtirilgan. Uni amalga oshirish uchun Chili va Perudagi mis karerlarida shunga o‘xshash tarmoqlar o‘rganildi. 

Mablag‘lar loyiha doirasida Rossiya uskunalari va xizmatlari uchun haq to‘lashga, shuningdek, uni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi. 

Loyihaning ikkinchi bosqichini hisobga olgan holda, OKMK rudani qayta ishlash hajmini yiliga 160 million tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda, bu esa 2028 yilga borib katodli mis ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnagacha oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, OKMK 2028 yilgacha yiliga 270 tonna kumush va 50 tonna oltin qazib oladi. 

Fabrikaning qurilish qiymati 2 milliard dollarni tashkil etadi. Loyihani moliyalashtirishda Gazprombank va EKSAR ham ishtirok etmoqda. Avvalroq, VEB RF OKMKga tog‘-kon samosvallari va tog‘-kon uskunalarini sotib olish uchun kreditlar ajratgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: