O‘zbekiston Rossiyaning iFly aviakompaniyasi parvoziga qo‘yilgan taqiqni bekor qiladi - OAV

O‘zbekiston 11:37 / 24.11.2021 3326

O‘zbekiston aviatsiya ma'muriyati 25 noyabrdan boshlab Rossiyaning iFly Airlines aviakompaniyasining Rossiya shaharlariga charter reyslari uchun chiptalar sotilishi munosabati bilan ilgari kiritilgan vaqtinchalik taqiqni bekor qiladi. Bu haqda «Interfaks» «O‘zaviatsiya» agentligi vakiliga tayangan holda xabar berdi.

«iFly Airlines unga taqdim etilgan barcha e'tirozlarni inobatga olib, tuzatishlar kiritdi. 25 noyabrdan boshlab cheklovlar olib tashlanadi», degan «O‘zaviatsiya» agentligi vakili.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, iFly Moskvadan O‘zbekistonning Navoiy, Namangan va Urganch shaharlariga charter reyslarini tiklaydi.

Agentlikning ta'kidlashicha, Rossiya aviakompaniyasi O‘zbekistonga hozircha faqat charter asosida parvozlarni amalga oshirishda davom etadi.

«Agar kelajakda ular bizning talablarimizni buzmasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, ruxsatnoma oladi», deyilgan «O‘zaviatsiya» vakili xabarida.

Noyabr oyi boshlarida IFly Airlines aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘yildi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchilar huquqlari va tashuvchi majburiyatlariga rioya etishni ta'minlash maqsadida «O‘zaviatsiya» tomonidan 2020 yil oktabr oyida aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ - «O‘zaviatsiya»dan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.

«IFly Airlines aviakompaniyasi ushbu ogohlantirishga qaramay, tegishli ruxsatnomalarni olmasdan qo‘pol ravishda talablarni buzib, 2021 yil noyabr oyida Moskva – Urganch – Sankt-Peterburg – Urganch – Moskva, Navoiy – Moskva hamda Sankt-Peterburg – Navoiy – Sankt-Peterburg yo‘nalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. Natijada, aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda yo‘lovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yo‘nalishda parvozning bajarilmasligi yo‘lovchilar o‘rtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan», deyilgandi agentlik xabarida.

Avvalroq, Toshkent aeroportida 200dan ortiq yo‘lovchi to‘planib qolgani, ularning reysi jadvalga kiritilmagani ma'lum bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, yana bir turkompaniya 290 kishiga jadvalga kiritilmagan reysga aviachipta sotgani aniqlandi.

8 noyabr kuni esa Navoiy xalqaro aeroportida 200 yo‘lovchi to‘plangani, ularga ham jadvalda bo‘lmagan reysga chipta sotilgani ma'lum bo‘ldi

Bundan oldin, O‘zbekiston Rossiyaning 5ta aviakompaniyasiga muntazam parvozlar uchun ruxsatnoma bergani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: