Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Ayrimlar 1,5 mln oylik beraman, desa «kam» deydi, lekin 6 oylab uyda o‘tiradi»

O‘zbekiston 12:01 / 24.11.2021 50248

Shayxontohur tumaniga tashrif chog‘ida davlat rahbari yangi tayinlanayotgan hokim yordamchilari va mahallalar faollari bilan uchrashdi. Yig‘ilishda prezident aholini ish bilan ta'minlash masalasiga to‘xtaldi.

«Jinoyatning asl sababi – ishsizlik. Hammamizning asosiy vazifamiz bu muammoga qarshi kurashish bo‘lishi kerak. Toshkentday shahri azimda ishsizlik bo‘lmasligi kerak. Toshkentdagi holatni tahlil qilganimizda vakant o‘rinlar ham juda ko‘pligi ma'lum bo‘lyapti. Nima uchun ishsizlar bo‘laturib, bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p? Chunki ko‘pchilikda ma'lumot, malaka yo‘q. Biz shu ishsizlarni tezkor o‘qitib, qo‘liga kerakli hujjatni berib, ish bilan ta'minlashimiz kerak.

Mana Jizzax viloyatini olaylik – 2 mingdan ortiq traktorchi zarurligi ma'lum bo‘ldi. Traktorchi bor, lekin qo‘lida «prava»si yo‘q. Masala yechimi uchun zudlik bilan o‘qishlar tashkil qildik va 1 200 nafardan ortiq traktorchiga guvohnoma qilib berdik. Ularning aksariyati o‘n yillik traktorchi, lekin hujjati yo‘qligi uchun huquqi yo‘q. Ularga «guvohnomang yo‘q» deb 1 mln oylik beriladi, qolgan berilishi kerak bo‘lgan 1 mln esa cho‘ntakka uriladi. Guvohnomasi bo‘lsa, bemalol haqini talab qila oladi», – dedi prezident.

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

«Chindan ham vakant o‘rinlarimiz ancha ko‘p. Lekin ayrim ishsizlarga «Mana shu ishda ishlab tur, 1,5 mln so‘m maoshi bor, sekin-sekin oshirib borasan» desak «1,5 mln so‘m yetmaydi» deyishadi. Lekin 6 oylab uyda o‘tiraveradi.

Mana, yangi lavozim joriy etilyapti. Hokim yordamchilari mana shunday odamlar bilan tushuntirish ishlari olib borishi kerak. Chunki birdaniga ko‘p maosh berilmaydi, xodim asta-sekin ish o‘rganib, o‘zini ko‘rsatib borsa, oyligi ham oshaveradi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: