Kelasi bir necha oy davomida Germaniyada emlanish yoki kasallikni boshdan o‘tkazish hisobiga immunitetga ega bo‘lmagan ko‘pchilik o‘lim xavfi ostida.
Bu haqda Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan 22 noyabr kuni ma'lum qildi. “Ehtimol, qish fasli yakuniga kelib, Germaniyada deyarli hamma vaksina oladi, kasal bo‘lib tuzaladi yoki vafot etadi”, deya ma'lum qildi Shpan koronavirusning delta shtammi tarqalishi haqida gapirarkan.
Avstriya majburiy emlanishni joriy etmoqchi. Germaniya ham shu haqida o‘ylayapti
Shpan o‘zini majburiy emlash dushmani deb atadi (qo‘shni Avstriyada shunga o‘xshash choralarni joriy etish rejasi e'lon qilingach, Germaniyada bu keng muhokama qilina boshladi). Biroq emlanish – Germaniya aholisining “burchi” ekanini ma'lum qildi. Matbuot anjumanida vazirning yonida o‘tirgan Sharite shifoxonasi professori Lyayf Erik Zander o‘z fikrini yanada ochiq bayon etdi: “Hamma vaksina olishi kerak, o‘zga tanlov yo‘q”.
Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot anjumanidan keyin Focus nemis jurnalida “Agar Yyens Shpanni e'tibor bilan tinglasangiz, majburiy emlanish qanchalik yaqin ekanini sezasiz”, sarlavhasi ostida material chop etildi. Umuman olganda, deyiladi maqolada, yaqinda Germaniya kansleri lavozimini tark etadigan Angela Merkel majburiy emlanish qarorini uning vorisi tomonidan tuziladigan yangi hukumat qabul qilishini ochiq bayon etdi.
Nemislar Pfizer/BioNTech vaksinasiga ko‘proq ishonishadi. Ular shu darajada mashhurki, rasmiylar uning har bir vrachga to‘g‘ri keluvchi miqdorini cheklashgan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Germaniyada koronavirusga qarshi vaksinaning kamida bitta dozasini aholining 71 foizi olgan, 68 foizi esa to‘liq emlangan (bu ulushlar ko‘proq ham bo‘lishi mumkin). Aholining yana 7 foizi vaksinaning buster dozasini ham olgan. Mamlakatda eng mashhur preparatlar – AQShning Pfizer va BioNTech nemis vaksinalaridir. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Germaniyadagi shifokorlarning taxminan 90 foizi aynan unga buyurtma beradi.
O‘tgan haftada Shpan Pfizer/BioNTech preparatlarini bitta shifokorga bir haftada 30ta dozaga chekladi va aynan shuning uchun qat'iy tanqid ostida qoldi. Uning bu qadami Germaniya hukumati tomonidan AQShning Moderna kompaniyasidan sotib olgan boshqa vaksinaga bo‘lgan talabni oshirishdan iborat. Hozirda omborxonalarda ushbu vaksinaning 16 million dozasi mavjud. Ulardan foydalanilmasa, yaroqlilik muddati 2022 yilning birinchi choragida tugaydi, deya ma'lum qildi Shpan matbuot anjumanida.
U Moderna kompaniyasi vaksinasini “yaxshi, xavfsiz va juda samarali” deb atadi. “Ayrim shifokorlar BioNTech vaksinalar orasida “Mersedes”, Moderna esa “Rolls-Roys deyishadi”, – dedi vazir.
Germaniyada oktabr oyidan boshlab koronavirusning navbatdagi to‘lqini davom etmoqda. Kasallanganlar soni ortmoqda, biroq vafot etayotganlar soni bir yil avvalgi ko‘rsatkichga qaraganda kamroq.
Germaniyada pandemiya boshidan beri koronavirus bilan 5,4 million kishi kasallandi, ulardan 99 mingdan ortig‘i vafot etdi. Mamlakatda oktabr oyi boshidan beri koronavirus bilan kasallanish holatlari yana ortmoqda, noyabr oyi boshidan beri esa o‘sish sur'ati sezilarli ko‘paydi: o‘tgan haftada koronavirusga chalingan 344 ming yangi bemor aniqlandi. Bu esa koronavirusning ikkinchi to‘lqini vaqtida o‘tgan qish faslida belgilangan avvalgi haftalik eng yuqori ko‘rsatkichga qaraganda ikki marta ko‘proq.
Shu bilan birga, Germaniyada har hafta kuzatilayotgan o‘limlar soni hozirda ikkinchi to‘lqin avji – so‘nggi yetti kundagi qariyb 1400ta holatga qaraganda to‘rt marta kamroq.
Mamlakatda cheklovlarning yangi tizimi joriy etilyapti. Ular 2G va 2G+ deb ataladi
Shunga qaramay, sog‘liqni saqlash tizimining tobora ortib borayotgan bemorlar oqimiga dosh berishi qiyinlashmoqda. Shuning uchun Angela Merkel Germaniya federal yerlari rahbarlari bilan koronavirusga qarshi yangi cheklovlarni muhokama qildi. Siyosatchilar odamlarning alohida kategoriyalari – shifoxona va qariyalar uyi ishchilari uchun majburiy emlash haqida kelishib olishdi.
Bundan tashqari, 2G va 2G deb atalgan cheklovlar tizimi haqida kelishib olishdi. U 100 ming kishiga to‘g‘ri keluvchi shifoxonaga yotqiziladigan bemorlar soniga asoslangan. Agar federal o‘lkada bu ko‘rsatkich uch kishidan orsa, vaksina olganlar yoki so‘nggi yarim yil ichida koronavirus bilan kasallanganlar, ushbu ko‘rsatkich olti kishidan yuqori bo‘lsa, faqat vaksina olganlar yoki majburiy salbiy testga ega koronavirus bilan kasallanganlargina jamoat joylariga borishi mumkin.
Mazkur cheklovlarni belgilash vaqtida Germaniya bo‘ylab shifoxonalarga yotqizish o‘rtacha ko‘rsatkichi 100 ming kishiga 5,3 bemorni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan Bavariya va Saksoniya kabi yerlarda nafaqat jamoat joylariga borish cheklandi, balki ommaviy tadbirlar bekor qilindi va Rojdestvo yarmarkalari yopildi.
Jamoat transportidan foydalanish uchun emlanmaganlar har kuni koronavirusga ekspress-test topshirishi kerak
Bundan tashqari, yaqin kunlarda Germaniya shahar va shaharlararo transportida yangi 3G tizimi amal qila boshlaydi. Jami yo‘lovchilar (bolalar va talabalardan tashqari) emlanganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, so‘nggi yarim yil ichida koronavirus bilan kasallanganlik yoki bir sutka ichida topshirilgan koronavirus ekspress testi natijasini o‘zlari bilan olib yurishlari kerak bo‘ladi. Germaniyada yashovchi har bir odam bu kabi testni bir haftada bir marta bepul amalga oshirishi mumkin.
Berlin Texnika universiteti Yer va suv transporti instituti professori Kai Nagel ushbu choralarni asosli deb aytdi, biroq yaqin orada Germaniya hukumati yanada uzoqroq borib, 2G tizimini jamoat transportiga kengaytirishi, ya'ni vaksina olmaganlarga avtobus, poyezd va tramvaylardan foydalanish imkoniyatini cheklashiga ishonmaydi. “Hatto emlanmaganlar ham harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak”, — dedi professor Berliner Zeitung nashriga.