Jamoliddin Bobojonov: «Kelasi yildan Superligada jamoalar soni 16taga oshirilsa, bu – jinoyat»

Sport 20:22 / 23.11.2021 8118

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, ayrim OAV nashrlarida O‘zbekiston Superligasida kelasi yildan jamoalar soni 16taga yetkazilishi, bu mavsum yakunlariga ko‘ra hech bir jamoa Pro ligaga tushib ketmasligi haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Futbol ichidagi insonlar, jumladan, «Lokomotiv» matbuot kotibi Xayrulla Xoliqov, «Navbahor» maslahatchi murabbiyi Samvel Babayan ham jamoalar sonini oshirish kerak degan fikrni ilgari surishdi. Superligani tark etishi ma'lum bo‘lgach, «Andijon» muxlislari O‘FA rahbari Abdusalom Azizovga videomurojaat yo‘llashdi. Unda muxlislar klublar sonini 16taga yetkazish, shu orqali sevimli jamoalarini yuqori divizionda olib qolishni iltimos qilishdi.  

«Oriat Dono» radiosida efirga uzatiladigan «Futbol plyus» tok-shousida jurnalist Jamoliddin Bobojonov yuqoridagi voqealarga o‘z munosabatini bildirdi.

«Kelasi mavsumda Superligada jamoalar soni 16taga yetkazilsa, avvalo, prinsipsizlik bo‘ladi. 4-5 jamoa shuncha vaqt ligada qolish uchun nega kurashdi? Chempionatni Superligaga aylantirish uchun 3-4 yil davomida qilingan ishlar bir tiyinga chiqadi. 

Kerak bo‘lsa, 100ta jamoa qilishsin. Ammo reglamentga amal qilish kerak. 16ta jamoaga o‘zgartirish kerak bo‘lsa, avval reglamentga kiritinglar. Mayli, 2023 yildan shunday bo‘lsin. Mavsum boshida jamoalar nima uchun o‘ynayotganini bilsin. 

Adolatli, qonunan amalga oshiringlar. «Surxon» Superligaga tortilganidek bir qo‘ng‘iroq bilan futbolimiz shunday yo‘ldan ketaversa… Boshqa mamlakatlarda bunday holatlar yo‘q-ku. «Nyukasl» so‘nggi o‘rinlarda yuribdi, lekin shayxlari APL rahbariga qo‘ng‘iroq qilishiga ishonasizlarmi? Agar nimadir bo‘lib, kelasi yildan jamoalar soni 16taga o‘zgarsa, bu – jinoyat.

Pro ligaga tushib ketishi aniq bo‘lgan jamoa muxlislari harom yo‘l bilan chempionatda dabdurustdan 16ta jamoa bo‘lishiga rozi. 30 yildan beri shu ahvol. Sun'iy ravishda olib qolingan jamoalar hech qanaqasiga o‘zgargani yo‘q. Poydevor noto‘g‘ri qo‘yilar ekan, bunday jamoalarning kosasi hech qachon oqarmaydi!

Iltimos, odamlar bu jamiyatda qonun ishlashiga ishonsin. Qonun buzilishini talab qilmanglar. Aksincha, klubdan, murabbiy va futbolchilardan natija so‘ranglar. Undan ko‘ra futbolchilar muxlislardan kechirim so‘rab, kelasi yil yaxshi o‘ynab Superligaga qaytishga va'da berishsin», – deydi Bobojonov.

Ko‘proq yangiliklar: