«Hech qanday muammo yo‘q» - «O‘zbekkino» «Osmondagi bolalar 3» filmi bo‘yicha Zulfiqor Musoqovning e'tirozlariga javob berdi

Jamiyat 15:21 / 23.11.2021 12024

20 noyabr kuni Kun.uz saytida «Kalmar o‘yini» — Agar filmni o‘zbek rejissyorlari olganda unda qanday muammolar aks etardi?» nomli maqola e'lon qilingandi.

Kino rejissyorlarining o‘zbek jamiyati muammolari borasidagi mulohazalari aks etgan maqolada taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov ham fikr bildirgan va «O‘zbekkino» milliy agentligiga o‘zining ayrim tanqidlarini aytib o‘tgandi.

«Odamlar mendan «Osmondagi bolalar 3»ni qachon olasiz, deya ko‘p so‘raydi. Olaman, menda hatto ssenariy ham tayyor. «Osmondagi bolalar 3» (film nomi «Yerdagi otalar») nomli filmda avvalgi qahramonlarning farzandlari hayoti haqida hikoya qilinadi. Men bu ssenariyni «O‘zbekkino» milliy agentligiga berganimga 1 yil bo‘ldi. Ammo mas'ullar har xil bahonalar bilan filmimga mablag‘ ajratishni paysalga solib kelyapti, hatto muhokamaga ham o‘tkazishmayapti. Aslida shu kinoda ham ko‘p muammolar haqida so‘z boradi», — degandi Musoqov.

Kun.uz muxbiri rejissyor bildirgan ushbu tanqidlarga aniqlik kiritishni so‘rab «O‘zbekkino» milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Nozim Safari bilan bog‘landi.

Matbuot kotibiga ko‘ra, «Osmondagi bolalar 3» filmi moliyalashtirilishi bo‘yicha ishlar paysalga solinayotgani haqidagi gaplar asosga ega emas. Yaqindagina «Hayrat» filmini yakunlagan rejissyor yangi nizomga ko‘ra, agentlikka shunchaki loyihasini qayta topshirishi zarur bo‘ladi.

«Shu xolos. Boshqa hech qanday to‘sqinliklar mavjud emas.

Rejissyor Musoqov Kinematografiya agentligiga «Osmondagi bolalar 3» filmi bilan birga «Hayrat» filmining ssenariysini ham taqdim etgan. Badiiy kengash esa «Hayrat» filmi ssenariysini ko‘rib chiqib, tasdiqlagan. U 2021 yilda ishlab chiqarildi va tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi.

Filmlarning ssenariylari tartib bo‘yicha Kinematografiya agentligining Badiiy kengashida tanlov asosida ko‘rib chiqiladi. Tanlov mavzulari e'lon qilinganda, mavzuga oid original ssenariylar muhokamaga qo‘yiladi. Hozirda ushbu tanlovning yangi nizomi tasdiqlanishi kutilmoqda. U tasdiqlangan taqdirda rejissyor talablarga muvofiq o‘z filmi ssenariysini agentlikka qayta topshirishi mumkin. U albatta ko‘rib chiqiladi», – dedi matbuot kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: