MTRKda rais o‘zgargani haqida xabar tarqaldi. Madamin Safarov bu xabarni qat'iyan rad etdi

O‘zbekiston 11:23 / 22.11.2021 6136

Ijtimoiy tarmoqlarda 16 yildan beri MTRKga raislik qilib kelayotgan Alisher Xo‘jayev o‘rnini uning o‘rinbosari Madamin Safarov egallagani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarda bunga asos qilib UNESCO tomonidan MTRKga yuborilgan xatda milliy teleradiokompaniya raisi sifatida Madamin Safarov ismi ko‘rsatilgani keltiriladi.

Kun.uz muxbiri Milliy teleradiokompaniya raisi o‘rinbosari Madamin Safarov bilan bog‘landi va tarqalayotgan xabarlarga aniqlik kiritishni so‘radi.

Madamin Safarovga ko‘ra, mish-mishlar fitnadan boshqa narsa emas. U MTRKda rais almashishi masalasi kun tartibidagi masala emasligini ham qo‘shimcha qildi.

Madamin Safarov Foto: MTRK

«Yolg‘on hammasi. Qip-qizil fitna, yolg‘on. E'tibor bermang, o‘zi fitnaligi ko‘rinib turibdi-ku. Bunday masala ko‘rilayotgani ham yo‘q. UNESCO endi shunday xat yozib yuborgan-da. Bizda bunday xatlarni o‘nlab topish mumkin. MTRKga gohida rais sifatida umuman boshqa odamlar nomiga ham xatlar yuboriladi», — dedi u.

Ma'lumot uchun, Alisher Xo‘jayev 2005 yil aprelidan 2017 yil boshiga qadar O‘zMTRK rahbari bo‘lgan, 2017 yil boshida ishdan ketgan va uning o‘rniga Xurshid Mirzohidov tayinlangandi. Mirzohidov bu lavozimda yarim yil, 2017 yil avgustiga qadar faoliyat yuritdi. So‘ng Bobur Alixonov bir oyga yaqin vaqt davomida televideniyega rahbarlik qildi, biroq 2017 yil avgust oyi oxirida u lavozimdan olindi. O‘sha yil avgustning so‘nggi kunlari Alisher Xo‘jayev MTRK raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Alisher Xo‘jayev Foto: KUN.UZ

Alisher Xo‘jayev 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan, 1985 yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

U 1985—1993 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan, 1993—1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan.

Alisher Xo‘jayev 1996 yildan rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurita boshlagan. 1996 yildan 1998 yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998—2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.

2001—2002 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002—2005 yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan keyin 2005 yil 15 aprelidan O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga rahbarlik qilishni boshlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: