Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada yana mojaro, Shomurodovni almashtirgan vunderkind ikki gol urdi, «Real» - yakkapeshqadam
Yevropa futbolida yakshanba oqshomida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Fransiya: «Marsel» o‘yinida yana mojaro
«Lion» — «Marsel» — o‘yin to‘xtatildi
Karantindan keyin fransuz muxlislarini eplab bo‘lmayapti. Tribunalarda yuzaga kelgan mojarolar haddan tashqari ko‘payib ketdi, bundan ayniqsa «Marsel» futbolchilari jabrlanmoqda. Monpeleda Ronjyega petardu uloqtirishgandi. Nitssada Payyet o‘ziga qarata otilgan butilkani tribunaga qaytarib otgandi va bu ommaviy mushtlashuv keltirib chiqargandi. Lionda esa o‘yinning 3-daqiqasidayoq mezbon jamoa fanatlaridan biri marselliklar sardorining boshini butilka bilan aniq nishonga oldi.
Aybdorni tezda topishdi va stadiondan olib ketishdi. Ammo bundan oldin «Lion» fanatlari yetakchisi uning yuziga shapaloq tushirib qoldi.
Shundan keyin uzoq muddatli muzokaralar boshlandi. «Lion» va mahalliy rasmiylar o‘yin davom ettirilishini istashdi. Arbitr Ruddi Buke esa bunga qat'iyan qarshi edi. Undan qarorini o‘zgartirishni so‘rashganida, u avval Payyet bilan gaplashib olishi kerakligini aytdi. Futbolchi esa bu vaqtda shok holatida edi va voqealar qanday rivoj topsa ham, maydonga qayta olmasdi.
Yarim soatcha vaqt o‘tib o‘yin oxirigacha o‘ynab qo‘yilishi haqida xabar paydo bo‘ldi, lekin liga 1 rasmiylarning pozitsiyasiga qo‘shilmadi. Maydon egalaridan farqli o‘laroq, «Marsel» futbolchilari ikkinchi marta chigalyozdi mashg‘ulotlariga chiqmasdan, o‘yinni davom ettirishdan bosh tortishdi. Buke ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi, u ishtirokchilar xavfsizligi kafolatlanmaganini aytib, region prefektidan o‘z qarorini bekor qilishni so‘radi.
Muxlislarga o‘yin davom ettirilishi haqida e'lon qilinganidan 40 daqiqa o‘tib o‘yin keyinroqqa qoldirilgani haqida yakuniy qaror qabul qilindi. Bu vaqtga kelib tribunalar deyarli bo‘shab qolgandi, «Lion» prezidenti Jan-Mishel Olas esa norozilik bildirdi. Uning fikricha, «Marsel»ning reaksiyasi juda keskin chiqqan, o‘yinni davom ettirish uchun hech qanday muammo yo‘q edi. U argument sifatida butilka otgan muxlis fan-guruhga aloqador emasligi, uni stadiondan olib ketishgani va politsiya mahkamasiga qamab qo‘yishganini keltirdi.
O‘yinga televizion ekspert sifatida kelgan Terri Anri ham o‘z munosabatini bildirdi: «Biz demokratiyada yashaymiz va har kimning o‘z fikri bor. Ammo men o‘ylaymanki, o‘yinni to‘xtatish to‘g‘ri qaror». O‘yinning keyingi taqdiri dushanba kuni Fransiya chempionati tartib-intizom qo‘mitasining shoshilinch yig‘ilishida hal qilinadi. «Nitssa» — «Marsel» uchrashuvi ham to‘xtatilganidan keyin o‘yin betaraf stadionda, bo‘sh tribunalar qarshisida qayta o‘ynalgandi.
Angliya: Kontening ilk g‘alabasi
«Manchester Siti» — «Everton» — 3:0 (Sterling, 43. Rodri, 55. Bernardu Silva, 86).
Manchesterning qizil qismi hozircha Ole Gunnar Sulsher o‘rniga yangi murabbiy qidirish bilan band bo‘lsa, norvegiyalik mutaxassis tomonidan uch bor mag‘lub etilgan «Siti» turnir jadvalida «Liverpul»ni quvib o‘tdi va peshqadam «Chelsi»ni uch ochkolik farq bilan ta'qib etmoqda. Shu bilan birga, Xosep Gvardiola jamoasi ortda qolgan 12 turda jami 6 gol o‘tkazib yuborgan, xolos.
«Shaharliklar» «Everton»ning mustahkam himoyasini yorib o‘tish uchun bo‘lim davomida ter to‘kdi va bunga faqat tanaffus arafasida erishdi. Premer-ligada 300-o‘yinida maydonga tushgan Sterling mehmonlarning ofsayd qopqonini mohirlik bilan chetlab o‘tdi va Joau Kanseluning himoyachilar ortiga tashlangan to‘piga bir teginish bilan hisobni ochdi. Portugaliyalik bu mavsumdagi golli uzatmalari sonini 6taga yetkazdi va bu uning avvalgi ikki mavsumdagi natijasidan yaxshiroq.
Aftidan, chempionlar bu oqshom faqat chiroyli gollar urish uchun maydonga tushishgandi, buni ikkinchi bo‘lim boshida Rodri tasdiqladi. Odatda raqib hujumlarini buzish bilan shug‘ullanadigan bu futbolchi raqib jarima maydoni atrofida ham nimalarga qodirligini ko‘rsatdi, Allan to‘pni uzoqlashtirish uchun muvaffaqiyatsiz harakat qilganida u to‘pni egallab olib, uzoq masofadan kuchli zarba bilan darvoza «to‘qqizligi»ni aniq nishonga oldi.
E'tiborli tomoni, Angliyaga kelgunicha Rodri uzoq masofadan faqat bir marta gol urgan, APLda esa jarima maydoni tashqarisidan urilgan gollari sonini 4taga yetkazdi.
«Tottenhem» — «Lids» — 2:1 (Heyberg, 58. Regilon, 69 — Jyeyms, 44).
Terma jamoada Keyn Albaniya darvozasiga het-trik, San-Marinoga esa poker qayd etdi, bu oqshomda u gol urmagan bo‘lsa-da, katta hajmdagi ishni bajardi. Ikkinchi bo‘lim boshida u «shporlar»ning 24 oktabr kunidan keyingi darvoza sohasiga yo‘llangan ilk aniq zarbasi muallifi bo‘ldi, bungacha jamoa 4 soat 27 daqiqa davom etgan seriya qayd etgandi.
«Tottenhem» bu zarba berilgan vaqtda 0:1 hisobida ortda borayotgandi, ammo o‘yinda burilish allaqachon ro‘y bergandi. Ko‘p o‘tmay Heyberg hisobni tenglashtirdi. Antonio Konte bu golni jamoasi xuddi sovrin yutayotgandek nishonladi va bu energiya futbolchilarga ham yuqdi.
10 daqiqa o‘tib standart vaziyatdan g‘alaba goli urildi - Dayyerning zarbasi jonli devordagilar orqali ustunga borib qaytdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Regilon yetib keldi.
O‘yin yakunlangani haqidagi hushtak yangraganidan so‘ng bu uch ochko londonliklarni yevrokuboklar zonasiga olib o‘tgani ayon bo‘ldi. Beshinchi o‘rindagi «Arsenal» bilan oradagi farq bir ochko, YeChLga yo‘llanma beruvchi kvartetni yakunlab turgan «Vest Hem»gacha esa — to‘rt.
Ispaniya: la ligada yetakchilar almashinuvi
«Granada» — «Real» — 1:4 (Suares, 34 — Asensio, 19. Nacho, 24. Vinisius Junior, 56. Mendi, 76).
«Real Sosedad» — «Valensiya» — 0:0.
Karlo Anchelotti jamoasi «Granada» o‘zi uchun naqadar qulay raqib ekanini yana bir bor namoyish etdi. Madridliklar bu jamoaga qarshi derbilarda qatorasiga 13-g‘alabaga erishdi. Sentabr oyida «Malorka» darvozasiga urilgan het-trikdan keyin gol urmagan Asensio hamda avgust oyidan buyon o‘z nomini tabloga yozdirmagan Nacho Kroosning uzatmalaridan gollar urishdi.
Ikkinchi goldan ko‘p o‘tmay Vinisius Junior o‘z jarima maydoni yaqinida xatoga yo‘l qo‘ydi va Suares Kurtuani rikoshet orqali ilojsiz holda qoldirdi. Keyin qaymoqranglilar darvozasi oldida yana bir necha xavfli vaziyatlar sodir bo‘ldi, ammo bu vaqtda «Real» ham bir necha imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Hujumlar almashinuvi Benzemaning kesib uzatilgan pasidan keyin Modrich Vinisiusni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarguncha davom etdi.
Mezbonlarning o‘yinni qutqarish uchun umidlari 67-daqiqada Monchu chetlatilgach butunlay so‘ndi, ko‘p o‘tmay arbitr «Granada» bosh murabbiyi Roberta Morenoni ham tribunaga jo‘natdi. Shundan keyin ikki tomon ham faqat o‘yinni yakunlab qo‘yish uchungina o‘ynadi. Mehmonlar qolgan yarim soatga yaqin vaqtda katta kuch sarflashni istamadi va birgina gol urish bilan kifoyalanishdi - Mendi hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi hamda «Real» birinchi o‘ringa qaytdi.
«Qirollik klubi» avvalgi turlarda ham bir necha bor birinchi o‘ringa chiqqan, ammo turdagi o‘z o‘yinini keyinroq o‘tkazgan «Real Sosedad» har safar peshqadamlikni qaytarib olayotgandi, bu safar esa basklar «Valensiya» bilan uy uchrashuvida gol ura olmadi va birinchi o‘rinni madridliklarga topshirdi. Bu o‘yinda Oyyarsabalning uzoq kutilgan qaytishi ham yordam bermadi. Qolaversa, u zaxiradan o‘yinga qo‘shilganidan 15 daqiqa o‘tib Elustondo chetlatilishi tufayli mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi.
Italiya: «Napoli» ham ilk mag‘lubiyatini qabul qildi
«Inter» — «Napoli» — 3:2 (Hoqon Chalxono‘g‘li, 25, penaltidan. Perishich, 44. Martines, 61 — Zelinski, 17. Mertens, 78).
Shanba kungi o‘yinlarda «Milan» mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilgandi, «Napoli»ning Milanga tashrifidan keyin Yevropadagi kuchli beshlik jamoalarida mag‘lubiyatga uchramagan jamoa qolmadi. «San-Siro»ga qaytish Luchano Spalletti uchun yaxshi boshlangandi — Zelinskining kuchli zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘sini ostidan to‘rga borib tushdi. Ammo tanaffusga «Inter» hisobda oldinda borayotgan holda chiqib ketdi, ikki golni ham mezbonlar zamonaviy texnika yordamida urishdi. Dastlab VAR orqali penalti belgilandi, keyin to‘pda o‘rnatilgan moslama Perishichning zarbasi darvoza chizig‘ini kesib o‘tganini qayd etdi.
Bu ustunlik ikkinchi bo‘lim boshidagi qarshi hujumni yakunlab bergan Lautaro Martines tomonidan yanada mustahkamlandi, «Napoli» esa qolgan vaqt davomida Mertensning tarixiy goli bilan javob qaytarishga ulgurdi. Belgiyalik bu futbolchi — nafaqat klub uchun urilgan gollar soni bo‘yicha mutlaq rekordchi, balki jamoaning A Seriyadagi eng yaxshi to‘purari. Uning hisobidagi gollar soni 103taga yetdi, bu orqali u o‘tgan asrning 20-30-yillarida janubliklar safida javlon urgan Antonio Voyakni ortda qoldirdi.

«Jyenoa» — «Roma» — 0:2 (Afena-Gyan, 82, 90+4)
Andrey Shevchenkoning «grifonlar» boshqaruvidagi debyuti Joze Mourino bilan duelga to‘g‘ri keldi. Kuchlar nisbati ayon edi, «Jyenoa» qatorasiga to‘qqiz tur g‘alaba qozona olmagach, xavfli hududga tushib ketdi va murabbiyni almashtirdi. Bu o‘yinda ham mezbonlar himoyada o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Nazariy jihatdan, ular bu o‘yinda yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Mxitaryanning goli hisobga olinmadi, Shomurodov esa qulay vaziyatdan foydalana olmadi.
Tanaffusdan keyin ham o‘yin kartinasida jiddiy o‘zgarish kuzatilmadi, ammo «Jyenoa» qarshi hujumda «bo‘rilar»ni jazolashi mumkin edi. Ammo uzatma kuchli chiqqani tufayli darvozabon hududida turgan Sturaro to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmadi va to‘p o‘rniga o‘zi darvoza to‘riga kirib ketdi. Mxitaryan esa gol urmagan bo‘lsa-da, bu o‘yin taqdirini hal qiluvchi harakatni amalga oshirdi - u maydon markazida to‘pni egallab, raqib jarima maydonigacha bordi va qanotda ochilgan 18 yoshli Afenu-Gyanni golli pas bilan ta'minladi.
74-daqiqada Shomurodovni almashtirgan vunderkind o‘yin yakunlanishi arafasida qanotda to‘pga ega chiqib, markaz tomon bir necha qadam tashladi va kuchli zarba bilan «to‘qqizlik»ni nishonga oldi.
«Roma» beshinchi o‘ringa ko‘tarildi, Shevchenkoda esa oldinda qiladigan ko‘p ish kutib turibdi. Uning vazifasi — jamoani ligada saqlab qolish.
«Sassuolo» — «Kalyari» — 2:2 (Skamakka, 37. Berardi, 51, penaltidan — Keyta Balde, 40. Joau Pedru, 56, penaltidan)
Odatda chempionatning o‘rtamiyonalari to‘qnashuvi sifatida e'tibor qaratilmaydigan bu uchrashuvda e'tiborga molik voqea sodir bo‘ldi - bu o‘yinda «Kalyari»ning «quruq» seriyasiga barham berildi. Agar Sardiniya jamoasi 338 daqiqadan buyon gol urmayotgani e'tiborga arzimasa ham, Keyta Baldening bu seriyani yakunlab bergan goli chiroyi muxlislarni maftun etadi. Senegallik futbolchi chalqancha holatda bergan zarbasi bilan darvoza to‘rini titratdi, bu shedevr nafaqat tur xit-paradini, balki Italiyadagi mavsumni bezay oladi.
Germaniya chempionati o‘yinlari
Turnir jadvali
Kun statistikasi
- «Feyyenooord» bu mavsumda qatorasiga uchinchi o‘yinda 4 gol farqi bilan g‘alaba qozondi. Rotterdamliklar yarimhimoyachisi Til yakshanba kuni 15-golini urdi va bu avvalgi ikki mavsumda urilgan gollari soniga teng.
- «Venetsiya» A Seriyada 1941/42 yilgi mavsumdan buyon startdagi 13 o‘yinda 4 g‘alabaga erishdi.
- «Galatasaroy» boshqaruvida Fotih Terim «Fenerbahche» bilan derbilarda 9-mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. «Kanareykalar» — Imperatorning Turkiya chempionatidagi eng noqulay raqibidir.
- «Ayaks» Erik ten Haag boshqaruvidagi 185 o‘yinda 504 gol urishga ulgurdi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekiston fuqarolari uchun Kanada, Argentina va Avstraliya vizasini olish osonlashishi mumkin
O‘zbekiston | 19:46 / 07.07.2025
Fermerlar yana sinov qarshisida: moratoriylar nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 16:39 / 07.07.2025
2025 yilgi iyun ekstremal quruq oy bo‘ldi – O‘zgidromet
O‘zbekiston | 15:03 / 07.07.2025
O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi
O‘zbekiston | 11:41 / 07.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
TSAHAL ilk bor Eron hujumi oqibatida harbiy obektlarga shikast yetganini tan oldi - Reuters
Jahon | 05:05
-
Interpol firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini Litvada qo‘lga oldi
Jamiyat | 23:47 / 08.07.2025
-
O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish tartibi bekor qilinadi, xorijdan qaytgan fuqarolar majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi - mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 23:35 / 08.07.2025
-
AQSh import bojlaridan keladigan daromad 300 mlrd dollardan oshishini kutmoqda
Jahon | 23:23 / 08.07.2025
Mavzuga oid

11:26 / 06.07.2025
«Real» – «Borussiya» o‘yinida drama: qo‘shimcha daqiqalarda uchta gol urildi

12:15 / 02.07.2025
«Real»da yangi yulduz porlashda davom etmoqda, Ramos uyga qaytdi

11:59 / 27.06.2025
Vinisius «Real»ni birinchi o‘rinda olib chiqdi, «Siti» «Yuventus»ga 5 ta gol urdi

18:58 / 21.06.2025