Alves va jarimalar qaytdi, yangi qoidalar va derbidagi g‘alaba. Xavi «Barselona»da ishni nimalardan boshladi?

Sport 20:42 / 22.11.2021 18964

Afsonaning qaytishi

Xavining «Barselona» bosh murabbiyligidagi ilk haftasi axboriy bombalar bilan kechdi va hafta yakunida Dani Alvesning «Kamp Nou»ga qaytishi e'lon qilindi. Maoshi to‘lanmagani uchun «San-Paulu» bilan shartnomasini bekor qilgan faxriy futbolchi o‘z xizmatini kataloniyaliklarga taklif etayotgani haqida anchadan beri xabarlar tarqayotgandi, ammo bu taklif qo‘llab-quvvatlangani baribir ko‘pchilikni hayron qoldirdi. «Barselona»da avlodlar almashinuvi kechayotgan davrda 38 yoshli himoyachi tarkibga qaytarilishi tushunarsiz hol edi.

Qolaversa, vatanida afsonaviy himoyachining tanqidchilari yetarlicha edi, qator ekspertlar ham uning o‘ng qanot himoyachisidan tayanch yarimhimoyachisiga aylanishi xato bo‘lganini ta'kidlashardi. Xatoliklar bo‘lgani shubhasiz, ammo ushbu braziliyalik — unikal futbolchi. Agar jarohatlar bo‘lmaganida, u yozda Amerika Kubogida qatnashgan bo‘lardi, ammo u Tokio Olimpiadasida qatnashib, 43-bor sovrin yutdi va futbol tarixidagi eng sovrindor futbolchi sifatidagi maqomini mustahkamladi.

Ronald Kumanga u kerak emasdi, ammo kontaktlar uzilmadi va kataloniyaliklar prezidenti Joan Laporta Alves uchun klub tuzilmasida joy axtara boshladi. Braziliyalik esa boshqa narsani orzu qilishda davom etar va Instagram sahifasida shunday yozdi: «Men bu ro‘y berishi uchun besh yil davomida aqldan ozgandek harakat qildim. Qaytish shunchalar qiyin bo‘ladi va ko‘p vaqt oladi deb o‘ylamagandim. Ammo mening yuragim bu kun kelishini his qiladi. Men hech qachon qalbimdan ketmagan joyga qaytaman».

Alves faqat yanvar oyida maydonga tushishi mumkin. Ammo bu g‘olib futbolchi jamoada doimiy yaxshi muhit yaratish uchun ham hozir olib kelindi. Braziliyalik futbolchi nafaqat jangchi va klub an'analari qo‘riqchilaridan biri, balki pozitiv yaratish bo‘yicha mutaxassis ham hisoblanadi. Ispaniyadagi nashrlar yozishicha, Xaviga sobiq jamoadoshining barcha xususiyatlari kerak  bo‘lgan va shu tufayli nafaqat Alvesning o‘zi, balki «Barselona» ham uni qaytarish uchun bor imkoniyatlarni ishga soldi - maoshlar uchun o‘rnatilgan chegara tufayli «1+1» sxemasidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun la liga bilan kurash olib bordi. Aftidan, ko‘k-anorranglilar amaldorlarni qishki transferlar darichasi ochilgach, klubning to‘lovlar vedomostini yengillashtirishlariga ishontirishdi va sobiq yulduzining shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. 

G‘alaba hidi

FIFA kunlari uchun tanaffus yakunlanib, chempionatlarda navbatdagi turlar boshlanishi arafasida Alvesning taqdimoti o‘tkazildi. U bu marosimni ham haqiqiy shouga aylantirib, maydon gazonini hidladi va undan sovrinlar hidi kelayotganini aytdi. U klubda Andres Inestaning raqamida (8) o‘ynaydi va uning yillik maoshi miqdori la liga qoidalari imkon beradigan minimal miqdorda bo‘ladi - yiliga 155 ming yevro.

Albatta, bonuslar ham bo‘ladi, ammo Alves — «Barselona» o‘zi uchun shunchaki klub emasligini ta'kidlab keladi. Joan Laporta esa klubda yuzaga kelgan bayramona muhitda to‘lqinlanib, kelgusida Inesta va Messi ham qaytishi mumkinligini istisno etmadi. Buning uchun esa klub avvaliga mavjud muammolarini hal etishi kerak, chunki ayni vaqtda maoshlar vedomosti limiti qishda hozirgi tarkibdan bir necha futbolchi sotuvga qo‘yilmasa, qishda yangi futbolchilar sotib olishga imkon bermaydi.

OAVda «Barsa» bozordagi eng talabgir futbolchisi Frenki de Yongni 70 million yevroga sotishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi, ko‘p o‘tmay rahbariyat bunday qadam tashlamoqchi emasligi ma'lum qilindi. Lekin bu yaqin kunlar uchun dolzarb masala emas, murabbiylar shtabi qarshisida tezroq hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar talaygina.

Xususan, prognozlarga zid o‘laroq Pedrining qaytishi yana bir oyga kechiktirildi, shanba kungi derbiga qarshi o‘yin boshlanishiga bir necha soat qolganida Serxio Agueroning yuragidagi muammo u faoliyatini to‘xtatishiga sabab bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi, ko‘p o‘tmay argentinalik ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali bu ma'lumotni rad etgan bo‘lsa-da, u sog‘ligi tufayli jamoaga doim yordam bera olmasligi tayin.

Shunga qaramay, Xavi qayg‘uda emas va «Espanol»ga qarshi derbidayoq olib borilgan ishlar taktikada, psixologiyada va yakuniy hisobda aks etishiga umid bildirdi.

Xaviga tarkibni kuchaytirish uchun kamida 10 million yevro ajratilgan. Hozirgi narxlarda — bu arzimas miqdor, bunday pul bilan faqat ijara shartnomalari bo‘yicha kelishuvga erishish mumkin, qishda kataloniyaliklar «Chelsi»da asosiy tarkibga kira olmayotgan Saulni olib kelishi mumkin, shuningdek erkin agentga aylanishi kutilayotgan Rahim Sterlingga taklif bilan chiqilishi kutilmoqda. Angliyalik futbolchi transferiga Xavi shaxsan qiziqmoqda. Murabbiy qanotda Usmon Dembelega ishonch bildirmoqda, ammo ushbu fransuzning doimiy jarohatlari tufayli bu pozitsiyani mustahkamlash zarurati bor.

Bundan tashqari, klubning 17 yoshli tarbiyalanuvchisi, vunderkind Gavi bilan shartnomani yangilash kerak bo‘ladi. Yozda klubdagi vaziyat butkul o‘zgarishi mumkin, agar «Barselona» yangi titul homiy topa olsa. Mahalliy insayderlarga ishonilsa, ehtimoliy hamkorlar qatorida klubga yiliga 100 million yevro ajratishga qodir bo‘lgan Saudiya Arabistoni kompaniyasi ham bor.

Qat'iy tartib-intizom

 Foto: GETTY IMAGES

«Futbolchilardan o‘ziga yanada talabchan bo‘lishni so‘rayman, chunki biz «Barsa»miz — bu dunyoning eng yaxshi klubi. Ish vaqtida biz o‘zimizni maksimal bag‘ishlashimiz, ko‘p ter to‘kishimiz kerak». Bu Xavining tayinlovdan keyingi ilk so‘zlari bo‘lgandi. U shunchaki pafos bilan cheklanmadi, «Barsa» fanatlari Xavi anchagina qat'iy menejyer ekaniga amin bo‘lishdi.

Xavi jamoada yangicha tartib o‘rnatdi. Hech kimga, hatto o‘z vaqtida bosh murabbiy bilan yelkama-yelka to‘p surganlarga ham istisno qilinmadi va ular ham barchasini noldan boshlashiga to‘g‘ri keladi.

Yangi qoidalar:

  • «Barsa» futbolchilari bazaga mashg‘ulotlar boshlanishiga bir yarim soat vaqt qolganida yetib kelishi kerak - bu vaqt ichida ular nonushta qilishi, mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishi va individual mashqlarni bajarishi lozim. Murabbiylar shtabi a'zolari esa mashg‘ulotlar boshlanishidan 2 soat oldin klub bazasida bo‘lishi shart.
  • Futbolchilar tushlik va kechki ovqatni diyetologlar nazorati ostida qilishadi. Diyeta jarohatlarning oldini olish uchun kerak bo‘ladi.
  • Yangi jarimalar tizimi joriy etiladi, aniqrog‘i eski tizim tiklanadi. Luis Enrike ketgach bekor bo‘lgan rejim qaytadi, unga ko‘ra takroriy qoidabuzarlik uchun jarima miqdori geometrik progressiyada oshib boradi.
  • O‘yinga ikki kun vaqt qolganida futbolchilar uyga kech qaytishi taqiqlanadi. Xavi ular barcha talablarga javob berish holatida bo‘lishini (konditsiya) istaydi.
  • Bo‘sh vaqt nazorati. Shahardan uzoqroqqa ketish uchun Xavining ruxsatini olish kerak. Syorfing bilan shug‘ullanish va elektrovelosiped haydash — mumkin emas.
  • Yana bir qat'iy talab — futbolchilar «Barsa»ning imijini buzmasligi va ommaga o‘rnak bo‘lishi kerak. Shov-shuvli intervyular berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda futbolchilarga sanksiyalar qo‘llanadi.

Jamoa hayotidagi ritmni o‘zgartirish zaruratining asosiy sababi — jarohatlar epidemiyasidir (Aguerodan tashqari yana yetti futbolchi turli jarohatlar tufayli safdan chiqqan). Xavining tashabbusi bilan klub tibbiy shtabi boshlig‘i Ramon Kanalu, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Alberto Roke hamda fizioterapevt Xuanxo Brau ishdan bo‘shatildi. Ularning o‘rniga Xavi bilan «As-Sadd»da birga ishlagan Karles Nogeyr hamda Ivan Torres ish boshladi. Bundan tashqari, murabbiy klubga Rikardo Prunani qaytarishni so‘radi — Ispaniyada sport tibbiyoti sohasidagi eng yaxshi mutaxassis, u «Barselona»da 25 yil ishlagan.

Xavi o‘zining eski qadrdoni — faxriy himoyachi Jyerar Pikening og‘zini yopdi. U El Hormiguero dasturiga intervyu berishni istagandi, ammo yangi murabbiy barchani dog‘da qoldirdi. Xavi Pikega jurnalistlar bilan gaplashishni taqiqladi. U Jyerar juda gapdonligi va tez-tez sportga deyarli aloqasi bo‘lmagan tadbirlarda ko‘p gapirib yuborishini tanqid qildi. Endi bunday bo‘lmaydi. Xavi Pikening intervyusini bekor qilish orqali, kelgusida barcha futbolchilarning o‘y-fikri faqat «Barsa» bilan bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdi.

Endi futbolchilar mashg‘ulotga barvaqt kelib, o‘zini tayyorlashi kerak. Ya'ni Kuman davrida bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanishadi. Boshqacha rejimga odatlangan Serxio Aguero mashg‘ulotlardan oldin trenajyor zali yopiq turganiga duch kelib hayron bo‘lgandi, futbolchilar esa bazaga maydonga chiqishga yarim soat vaqt qolganida kelishardi.

Endi kech qolish jazolanadi, sanksiyaga birinchi bo‘lib kutilganidek uch daqiqa kech qolgan Dembele duchor bo‘ldi. Kechikish ushbu forvardning eski kasalligi, ammo jarima miqdori geometrik progressiya tarzida o‘sib borishi unga ta'sir qilishi kerak. Bundan tashqari, jamoada har kuni vaznni o‘lchash yo‘lga qo‘yildi. Futbolchilar birgalikda ko‘p vaqt o‘tkazishi, menyu esa diyetologlarning doimiy nazoratida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ehtimol, yuklamalar ortgani kimgadir yoqmagandir, ammo umuman olganda jamoada kayfiyat yaxshilanib bormoqda. Bu borada Samyuel Umtitini namuna qilish mumkin, u ikki barobar kuch bilan harakat qilib, o‘zining «Barselona»ga kerakligini isbotlashga urinmoqda. Kuman fransuz himoyachisiga ishonch bildirmagandi.

17 yoshli debyutant va biroz omad
Murabbiy hayratlantirishni va'da qilmagandi, ammo u bunga erishdi - 17 yoshli Ilias Ahomach boshlang‘ich tarkibda debyut qildi. Kelib chiqishiga ko‘ra marokashlik bo‘lgan bu yosh futbolchi joriy mavsumda «Barselona B» safidagi to‘rt o‘yinda 2 gol urishga ulgurgan va uning premerasi ertaknoma bo‘lib ketishi ham mumkin edi. Ammo maydonda biroz hayajonlandi va 13-daqiqada yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi to‘sindan ancha yuqoridan o‘tib ketdi.

Shundan keyin Xavi Pike va Busketsni oldiga chaqirib, qandaydir ko‘rsatmalar berdi, faqat o‘yinning borishida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi. «Barsa» to‘pga va hududlarga egalik qilishda davom etdi, vaziyatlar yaratishga urindi, ammo futbolchilarga yoki so‘nggi aniq harakat yetishmasdi, yoki «Espanol» odatdagi kabi derbiga yaxshi tayyorlangani va raqibning har qanday rejalarini hisobga olgani ko‘rinib qolardi. Shu tufayli ko‘k-anorranglilar birinchi bo‘limda jami 11 bor zarba berib, mavsumdagi eng yaxshi natijasini qayd etgan bo‘lsa-da, bu aldamchi taassurot edi.

Buning o‘rniga «Barselona»ning agressiv pressingi e'tiborni jalb qildi, bu raqib jarima maydonida Niko Gonsales yiqilganida penalti olib kelishi ham mumkin edi. O‘yinning ayrim qismlarida yangi bog‘lamlar yaxshi ish berdi, masalan Gavi chap qanotga siljigan vaqtida Jordi Alba bilan o‘zaro tushunib o‘ynadi. Xavi esa oddiy yechimlardan voz kechgan holda izlanishda davom etdi. Tanaffusda u Ahomachni Serji Roberto yoki Filippe Koutinoga emas, Serxi Barxuan davrida asosiy tarkibga jalb etilgan 19 yoshli Abdi Ezzalzuliga almashtirdi.

Bu vunderkind o‘yinda juda faol bo‘ldi va raqib himoyachilarini tinimsiz ravishda bosim ostida ushlab turdi. Ammo natijani u emas, yangi avlodning asosiy yetakchisiga aylanib borayotgan Gavi ta'minladi. Ikkinchi bo‘lim boshida uning himoyachilar ortiga bergan aqlli pasidan keyin jarima maydoniga yorib kirgan Depay yiqitildi va niderlandiyalik futbolchi penaltini aniq ijro etdi. Ammo bu natijani Xavi effekti deyish biroz soddalik bo‘ladi.

Birinchidan, murabbiy o‘z g‘oyalarini tatbiq etishga endigina kirishgan. Ikkinchidan, ko‘k-anorranglilar omad kelmaganda uch ochko ololmasdi.

Bu o‘yingacha qatorasiga besh o‘yinda golli seriya qayd etgan Raul de Tomasning ikki zarbasi darvoza ustuni va to‘siniga tegdi, Dimata uch metr masofadan aniq zarba yo‘llay olmadi, so‘nggi soniyalarda esa ter Shtegen U Leyning oyog‘idagi to‘pni olib qo‘ydi. Umuman olganda, barchasi yaxshilik bilan tugadi va Xavi derbidagi g‘alaba bilan boshladi. Xuddi 1998 yilda Yohan Kroyff bilan bo‘lgani kabi.

Ko‘proq yangiliklar: