Vodorodli samolyot, OIV va bezgakka qarshi vaksina. 2022 yilda qanday texnologiyalar paydo bo‘lishi kutilmoqda?

Fan-texnika 18:31 / 21.11.2021 47554

The Economist 2022 yilda turli yo‘nalishlarda kutilayotgan sinovlar, startaplar to‘plamini e'lon qildi.

Quyosh geoinjyeneriyasi

Vulqonlarni atmosferaning yuqori qatlamiga olib chiquvchi chang va kul sovitish ta'siriga ega: 1991 yilda Filippinda Pinatubo vulqoni otilishi Yerni bir necha yil davomida 0,5 darajaga sovitgandi.

Quyosh nurlarini boshqarish sifatida ma'lum bo‘lgan quyosh geoinjyeneriyasi ham nazariy jihatdan xuddi shunday qila olishi mumkin. 2022 yilda Harvard universiteti olimlari SCoPEx nomli tadqiqot o‘tkazishni rejalashtirishgan.

Ular 2 kg noma'lum materialni tashlab yuboradigan havo sharini stratosferaga uchirishadi. Keyin esa u quyosh energiyasiga qanday reaksiya qilishi va uni tarqatishini o‘lchaydi.

Issiqlik nasoslari

Dunyoda energiya iste'molining to‘rtdan bir qismi qish faslida binolarda issiqlikni ushlab turish ulushiga to‘g‘ri keladi. Odatda bu ko‘mir, gaz va neftni yoqishga bog‘liq. Issiqlik nasoslaridan foydalanish – istiqbolli muqobil variant. Muzlatkich – ana shunday qurilmaga misol bo‘ladi.

Issiqlik nasosi qizitilganida muzlatkich kabi ishlaydi, biroq qarama-qarshi yo‘nalishda: atrofdagi sovuqroq havodan issiqlikni oladi va uni isitilayotgan xonaga chiqaradi.

San-Fransiskogi Gradient startapi sovitish va isitishning gibrid tizimida ishlaydi. Uning qurilmalari deraza tokchasiga ikki tomondan o‘rnatiladi. U 2022 yilda savdoga chiqariladi.

Foto: Gradient

Vodorodda ishlaydigan samolyotlar

2022 yilda vodorod yonilg‘isi elementlariga ega ikki o‘rinli samolyot sinovdan o‘tkazilishi kerak. U Niderlandiyadagi Delft texnologiya universitetida qurilyapti. Kaliforniyaning ZeroAvia startapi 20 o‘rinli samolyot sinovini yakunlashni rejalashtirgan.

Kaliforniya Universal Hydrogen kompaniyasining 40 o‘rinli samolyoti 2022 yil sentabr oyida havoga ko‘tariladi. 

CO2ni to‘g‘ridan to‘g‘ri ushlab qolish

2022 yilda Kanadaning Carbon Engineering kompaniyasi Texasda havoni bevosita ushlab qolish texnologiyasiga ega korxonani (direct air capture, DAC) qurishga kirishadi. U mazkur texnologiyaga ega dunyodagi yirik korxona bo‘ladi. Bu yerda yiliga 1 mln tonna SO2 ushlab qolinadi.

Shveytsariyaning ClimeWorks kompaniyasi 2021 yilda Ispaniyada DAC ishlab chiqarish korxonasini ochdi. Amerikaning Global Thermostat kompaniyasining ikkita sinov zavodi mavjud.

ClimeWorks Orca’ning o‘rnatilishi
Foto: climeworks.com

Vertikal fermalar

Buyuk Britaniyada Jones Food Company 2022 yilda maydoni 13 750 kv metrga teng dunyodagi yirik fermani ochadi. Amerikaning AeroFarms kompaniyasi ham Virginiyada o‘zining eng katta fermasini tashkil qiladi, boshqa ishlab chiqaruvchilar ham kengayishni rejalashtirishyapti.

Yelkanli konteyner kemalar

2022 yilda Fransiyaning Michelin kompaniyasi yelkani shishiriladigan yuk kemasini jihozlaydi. Bunday yelkan yonilg‘i sarfini 20 foizga kamaytirishi kutilmoqda.

Yaponiyaning MOL yuk tashuvchi kemalar kompaniyasi avgust oyida kemaga teleskopik qattiq yelkanni o‘rnatishni rejalashtiryapti. Naos Design kompaniyasi sakkizta kemani buriladigan va yig‘iladigan qattiq “yelkanlar” bilan jihozlaydi.

MOL yelkani tasviri
Foto: mol.co.jp

VR mashg‘ulotlar

VR mashg‘ulotlar pandemiya davrida fitnes klublar yopiq bo‘lgan vaqtda ommalashdi. Ayni vaqtda bozorda Oculus Quest 2 arzon garniturasi paydo bo‘ldi. Uning yangilangan modeli 2022 yilda chiqadi.

Bu vaqtda Yevropada virtual reallikdagi mashg‘ulotlar uchun Supernatural ilovasi chiqarilishi mumkin. U hozirda faqat Shimoliy Amerikada mavjud.

OIV va bezgakka qarshi vaksinalar

Moderna Covid-19’ga qarshi vaksinalarda qo‘llanayotgan mRNA-texnologiyasi asosida OIV vaksinasi ustida ish olib boryapti. U allaqachon klinik sinovlarning dastlabki bosqichida, tadqiqotning birinchi natijalari 2022 yilda olinishi rejalashtirilgan.

BioNTech bezgakka qarshi mRNA-vaksina ustida ish olib boryapti. Uning klinik sinovlari 2022 yilda boshlanishi kerak. Oksford olimlari ham bezgak va OIV vaksinalari ustida ish olib borishyapti.

Suyak implantlarini 3D printerdan chiqarish

Particle3D va A.D.A.M. startaplari 2022 yilda odamga implantatsiya qilish uchun 3D printerda suyaklar chiqarishga umid qilishmoqda. Har ikki kompaniya ham bosib chiqarish uchun asosi kalsiydan iborat mineraldan foydalanadi, implantlar esa bemorlar kompyuter tomografiyasi asosida buyurtmaga tayyorlanadi.

A.D.A.M.
Foto: adambioprinting.com

Aerotaksi

2022 yilda vertikal uchish va qo‘nish elektrosamolyotlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish uchun sertifikatlashtirish uchun bir necha kompaniyalar sinov o‘tkazishadi.

Kaliforniyaning Joby Aviation kompaniyasi o‘ndan ortiq besh o‘rinli aerotaksi qurmoqchi.

Germaniyaning Volocopter kompaniyasi esa 2024 yil Olimpiy o‘yinlarida havo taksisini ishga tushirishni rejalashtirgan. Bu kabi startaplar orasida eHang, Lilium va Vertical Aerospace ham bor.

Volocopter aerotaksi
Foto: evtol.news

Fazo turizmi

2021 yilda Richard Brensonning Virgin Galactic, Jyef Bezosning Blue Origin hamda Ilon Maskning SpaceX kompaniyalari fuqaro ekipajlarini fazoga yuborishdi. 2022 yilda har uchala kompaniya yanada ko‘proq yo‘lovchilarni jalb etishga umid qilishmoqda.

SpaceX missiyasining to‘rt nafar “sayyoh” bilan uchirilishi

Dronlarda yetkazish

Goluey grafligida havo bo‘ylab kitoblar, yegulik va dorilarni yetkazib beruvchi Irlandiyaning Manna startapi butun mamlakat va Buyuk Britaniyaga kengayishni rejalashtiryapti. Google’ning shu'ba korxonasi Wing AQSh va Finlandiyada dronlarda yetkazib berishni sinovdan o‘tkazyapti.

Bolgariyaning Dronamics startapi 39ta Yevropa aeroporti o‘rtasida yuklarni yetkazib berish uchun dronlardan foydalanmoqchi.

Yuklarni yetkazib berish droni Dronamics Silicon Canals
Foto: siliconcanals.com

Tovushdan tez bo‘lgan samolyotlar

2022 yilda NASA’ning x-59 QueSST (quiet supersonic technology so‘zlarining qisqartmasi) birinchi sinov parvozini amalga oshiradi. U Kaliforniyaning “Edvard” aviabazasida o‘tkaziladi. Bu muhim, chunki birinchi tijoriy tezuchar Concorde avialayneri quruqlik ustida tovushdan tez ucha olmagan.

Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, NASA regulyatorlar yer ustida tovushdan tez bo‘lgan parvozlarga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashiga umid bildirmoqda.

Lockheed Martin va NASA’ning tovushdan tez bo‘lgan yo‘lovchi samolyoti

3D’da chiqarilgan uylar

2022 yilda Kaliforniyaning Mighty Buildings kompaniyasi Rancho Miraj shahrida 3D’da chiqarilgan 15ta uy qurilishini yakuniga yetkazadi. Texasning ICON startapi Ostin yaqinida 100ta uydan iborat rayon qurilishini boshlashni rejalashtirgan. Bu shunga o‘xshash loyihalarning eng yirigi bo‘ladi.

Mighty Buildings loyihasi
Foto: mightybuildings.com

Uyqu texnologiyalari

Uyqu sifatini yaxshilash uchun Kremniy vodiysida uyqu trekeri, matrasni sovitish va isitish qurilmalari, “aqlli” uyg‘otkich va boshqa texnologiyalar anchadan beri qo‘llanadi. Google uyquni kuzatish funksiyasiga ega ikkinchi avlod Nest Hub’ni namoyish etdi. Amazon ana shunday qurilmani 2022 yilda chiqarishni rejalashtirgan.

Har bir odamga moslashtirilgan ovqatlanish

AQShda har bir odamga moslashtirilgan ovqatlanishga ixtisoslashtirilgan kompaniyalar ishga tushirilgach, boshqa bozorlarga kirib borish hamda diabet va bosh og‘rig‘ini davolashda ana shu texnologiyalarni qo‘llash uchun regulyatorlar ruxsatini olishga erishish rejalashtiriladi. Nashrlar bu borada muayyan startaplarni keltirmagan.

Salomatlik trekerlari

2021 yilda Fitbit va Apple Watch kabi qurilmalar asosan fitnes trekerlar sifatida foydalanilyapti. Biroq telemeditsina rivojlanishi bilan iste'molchi va tibbiyot o‘rtasidagi chegara yo‘qolib bormoqda. “Aqlli” soatlar hozirda qondagi kislorod ko‘rsatkichini o‘lchashi, EKG qilishi mumkin.

Qondagi glyukoza va alkogol miqdori, arterial qon bosimi va tana haroratini o‘lchash keyingi funksiyalar bo‘lishi mumkin.

Metakoinot

2022 yilda metakoinot videoo‘yin, ijtimoiy tarmoq va “kishini o‘ziga jalb etuvchi yangi taassurotlar yaratish” uchun boshqa ko‘ngilochar mashg‘ulotlarni o‘zida mujassamlaydi. Minecraft, Roblox va Fortnite kabi o‘yinlar metakoinotni yaratish yo‘lidagi qadamlar, Facebook esa o‘z nomini Meta deb o‘zgartirdi.

Kvant hisob-kitoblar

Kvant kompyuteri imkoniyatlari ko‘rsatkichlaridan biri – kubitlar soni. Masalan, 2021 yilda xitoylik jamoa 66 kubitli tizim Zuchongzhi 2’ni ishga tushirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, superkompyuter o‘zining eng yaqin raqobatchisi — Google Sycamore’dan million marta kuchliroq. IBM 2022 yilda 433ta kubitga va 2023 yilda 1000ta kubitga yetishni mo‘ljallayapti.

Virtual inflyuyenserlar

Virtual bloger va modellar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z akkauntlarini yuritishyapti. Bunga bir misol amerikalik o‘ylab topilgan 19 yoshli model Lil Mikela. Uning Instagram’da 3 mln obunachisi bor. Bunday virtual inflyuyenserlar soni ortishi kutilyapti.

Lil Mikela
Foto: Instagram /lilmiquela

Neyrointerfeyslar

Ilon Maskning “fikr kuchi” bilan videoo‘yin o‘ynovchi maymunni namoyish etgan Neuralink kompaniyasi 2022 yilda o‘z qurilmasini odamlarda sinamoqchi. Synchron kompaniyasi bu kabi sinovlarni boshlash uchun Amerika regulyatorlari roziligini oldi. To‘qqiz yoshli maymunga tasvirga olishdan taxminan olti hafta oldin Neuralink chiplari o‘rnatildi. Uni rag‘batlantirish uchun trubkada bananli smuzi berildi.

Sun'iy go‘sht va baliq

2022 yilda bir necha startaplar sun'iy go‘sht va baliq savdosiga ruxsat olishi mumkin. Masalan, Isroilning SuperMeat startapi tovuqli burgerlar savdosiga ruxsat olishni mo‘ljallayapti. Kaliforniyaning Finless Foods startapi esa “tunets balig‘i” savdosini boshlashga umid qilyapti.

SuperMeat startapi tomonidan ishlab chiqarilgan “tovuq” go‘shti
Foto: supermeat.com
Ko‘proq yangiliklar: