«Profilaktik hisobga kiritishga asos bo‘luvchi ma'muriy huquqbuzarliklar turi kamaytiriladi» – Baxtiyor Berdialiyev

O‘zbekiston 14:34 / 21.11.2021 8369

«Profilaktik hisobdagi shaxslar ichki ishlar idoralari nazoratida turadi. Nazorat deganda qayta jinoyat yoki huquqbuzarlikka qo‘l urishi mumkin bo‘lganlar, ilgari sudlangan shaxslar ustidan o‘rnatiladigan nazoratni tushunish kerak. Ushbu hisobda turuvchilarni ilgarigiday ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirib, eshikning tagida soatlab kuttirib qo‘yish, o‘g‘rilik sodir bo‘lsa, faqat shularni chaqirib gumon qilish mexanizmlaridan voz kechganmiz.

Biz shunday nazorat o‘rnatganmizki, muqaddam sudlangan shaxslar oilasini qanday boqyapti, tirikchiligi qanday o‘tyapti, muntazam surishtirib turamiz. Chunki ayni shu narsa ularni qayta jinoyat ko‘chasiga yetaklashi mumkin.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev
Foto: Kun.uz

Odatda o‘g‘rilik yoki boshqa bir jinoyati, mu'muriy huquqbuzarlik uchun sudlanib chiqqan shaxslarga ko‘p joyda ish berishmaydi. Shu bois sudlanib chiqqandan so‘ng ularning ish topishiga ko‘maklashamiz, ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam beramiz. Shu maqsadda ular yashash joyidagi profilaktika inspektorining profilaktika hisobiga olinadi. Buni hech ham «qora ro‘yxat» deb bo‘lmaydi», deydi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV mulozimi taklif etilayotgan o‘zgarishlar kuchga kirsa, profilaktika inspektorlarining profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan uyiga borib yoki xizmat xonasiga chaqirib suhbat qilib turish amaliyotiga barham berilishini ta'kidladi.

«27ta turdagi ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bo‘yicha profilaktika hisobi yuritiladi. Yangi qonun loyihasida shuni 8taga tushirish ko‘zda tutilgan. «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi vaziriligimiz tomonidan ishlab chiqildi.

Bu o‘zgarishlar bizga nima beradi? Agar qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, profilaktik hisobga kiritishga asos bo‘luvchi ma'muriy huquqbuzarliklar turi 27tadan 8taga kamaytirilib, ular bilan yakka tartibda, ya'ni sektorlar kesimida «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritish orqali ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Ya'ni profilaktik hisobdan chiqariladigan shaxslarni kambag‘allikdan chiqarish boshqa yo‘nalishlar orqali amalga oshiriladi.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev
Foto: Kun.uz

Profilaktika inspektori profilaktik ro‘yxatdagi shaxsga nisbatan bir yil davomida hujjat yuritardi. Ular bilan uyiga borib yoki xizmat xonasiga chaqirib suhbat qilib turardi. Bu masalalar hammasi qisqartirilib, elektron ko‘rinishga o‘tkaziladi», deydi Baxtiyor Berdialiyev.

Parlament quyi palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, 16 noyabr kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, muhokamalardan so‘ng birinchi o‘qishda qabul qilingan. Loyihaga ko‘ra, ichki ishlar organlari profilaktik hisobiga olingan hamda profilaktika ishi yuritiladigan shaxslarga sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishiga ko‘maklashish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun faollardan ushbu shaxslarga murabbiy biriktiradi va har oy yakunida amalga oshirilgan ishlar hisobotini eshitadi.

Qonun loyihasida profilaktik hisobga qo‘yish quyidagi shaxslarga nisbatan yuritilishi taklif qilingan:

– ilgari sudlanganlarga;

– o‘ziga nisbatan sudning jazo tayinlanmagan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxslarga;

– Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40, 41, 45, 47, 52, 56, 183, 184-2, 184-3, 188, 188-1, 189, 189-1, 190, 191-moddalarida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlarga;

– ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytganlarga.

Yakka tartibdagi profilaktika ishi quyidagi toifadagi shaxslarga nisbatan olib boriladi:

– tuhmat, haqorat qilish, yengil tan jarohati yetkazish, mayda bezorilik sodir etganligi uchun vakolatli organ yoki mansabdor shaxs tomonidan ma'muriy javobgarlikka tortilganlar;

– fohishalik qilgani uchun vakolatli organ tomonidan ma'muriy javobgarlikka tortilgan xotin-qizlar;

– vakolatli organlar tomonidan ishsiz deb topilgan uyushmagan yoshlar;

– oilasida turli ko‘rinishda nizoli holatlarni keltirib chiqaradiganlar;

– alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan, ruhiy kasalliklarga, OIV infeksiyasiga, tanosil kasalliklariga va atrofdagilar uchun xavf soluvchi boshqa kasalliklarga chalinganlar.

Ko‘proq yangiliklar: