Endi sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanma davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali beriladi

O‘zbekiston 14:01 / 21.11.2021 5840

Bu Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 noyabrdagi 693-sonli qarori bilan tasdiqlangan Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentida ko‘zda tutilgan, deb xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi.

Yo‘llanmalar quyidagi toifadagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi:

  • urush nogironlariga va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari);
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar;
  • Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojiz I guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar;
  • yoshga doir pensiya oluvchilar.

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, sanatoriyga yo‘llanma berganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

«Yo‘llanmalar bilan bog‘liq davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi, ya'ni ushbu xizmatlar bepul. Sanatoriyaga yo‘llanmalar keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 12 kunga, yo‘llanmaning amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin beriladi.

Yo‘llanma faqat unda ko‘rsatilgan muddatda haqiqiy hisoblanadi, boshqa paytda undan foydalanib bo‘lmaydi. Yo‘llanmada ko‘rsatilgan muddatdan oldin sanatoriyga qabul qilinmaydi, basharti fuqarolarimiz qaysidir sababga ko‘ra sanatoriyga yo‘llanmada ko‘rsatilgan muddatdan bir necha kun kechikib borsalar, o‘tib ketgan kunlar tiklab berilmaydi.

Qolaversa, yo‘llanmadan faqat unda ko‘rsatilgan shaxsgina foydalanishi mumkin, ya'ni uni kimgadir sovg‘a qilish imkonsiz. Bitta yo‘llanma bilan bittadan ortiq kishi qabul qilinmaydi. Bu yosh bolalarga ham tegishli. Bundan anglashiladiki, sanatoriyga kelayotgan shaxslar boshqa sheriklarini, jumladan, nevaralarini o‘zlari bilan olib kelishlari mumkin emas», deya DXA axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanalida yozilishicha, hukumat qaroriga ko‘ra «Elektron sanatoriy» platformasi ishlab chiqilishi belgilangan. Bunda:

  • sanatoriylarga yo‘llanma olish uchun murojaat qilgan aholi elektron axborot tizimi orqali hisobga olinadi;
  • yo‘llanmalar bo‘yicha navbatni kuzatish imkoniyatini beruvchi mexanizmlar joriy etiladi.
Ko‘proq yangiliklar: