Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteri tashkil etiladi

O‘zbekiston 22:12 / 21.11.2021 3564

Prezidentning «Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

«Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodi» AJ, «Agregat zavodi» AJ, «Texnolog» AJ, «Texnolog-Stan» MChJ, «Agrosanoatmashinvest» MChJlar (korxonalar) ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini Chirchiq shahridagi «Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ hududiga ko‘chirish hamda korxonalarni qayta tashkil etish masalalari ularning aksiyadorlari umumiy yig‘ilishi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan va tegishli qarorlar qabul qilingan. Ularning negizida Qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasteri tashkil qilinadi.

Shuningdek, «Toshkent traktor zavodi» MChJ («TTZ» MChJ) tashkil etiladi. «Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ hamda yuqorida aytib o‘tilgan korxonalarning ustav kapitallaridagi davlat ulushlari nominal qiymatda ushbu korxonaga o‘tkaziladi. «TTZ» MChJdagi davlat ulushi «O‘zavtosanoat» AJga 2 yil muddatga ishonchli boshqaruvga beriladi.

Korxonalarga tegishli bo‘shayotgan yer maydonlari, bino va inshootlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotiladi. Ularni sotishdan tushgan mablag‘lar «TTZ» MChJning alohida g‘aznachilik hisobraqamiga o‘tkaziladi.

Moliya vazirligi tomonidan «TTZ» MChJga korxonalarni «Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ hududiga ko‘chirish, aksiyalarning qaytarib sotib olinishini talab qilgan aksiyadorlardan ularga tegishli aksiyalarni sotib olish (zaruratga ko‘ra) bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun MBning asosiy stavkasida 100 mlrd so‘m miqdorida ssuda mablag‘lari ajratiladi. Ushbu ssudani so‘ndirish muddati – 1 yil. Ssuda keyinchalik bo‘shayotgan aktivlarni elektron onlayn-auksion savdolarida sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan kam bo‘lmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilar yoki ularning vakolatli dilerlik tashkilotlari tomonidan xaridorlarga yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun quyidagi subsidiyalardan bir vaqtda foydalanishga ruxsat beriladi:

  • qishloq xo‘jaligi texnikasi qiymatining 15 foizi miqdorida ajratiladigan subsidiya. Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olish uchun jalb qilingan kredit yoki lizing bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirishga yo‘naltiriladi;
  • kredit yoki lizing shartlari asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinganda foiz xarajatlari subsidiyasi. Bunda foiz xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

«Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ hamda uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga ko‘chirilayotgan korxonalar tomonidan yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan subsidiyalar ajratilishi istisno tariqasida 2023 yil 31 dekabrga qadar tatbiq etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: