Koronavirus: Avstriyada to‘liq lokdaun, bir yil davomida himoya qiladigan kokteyl

Jahon 11:28 / 20.11.2021 6059
Emlanmaganlar uchun lokdaun amalda bo‘lgan Avstriyada aholining 65 foizi vaksina olgan
Foto: Reuters

Avstriya kansleri Aleksandr Shallenberg lokdaun hozircha 20 kunga joriy etilgani, 2022 yil 1 fevralidan boshlab mamlakatda emlanish majburiy bo‘lishi haqida aytdi.

Rasmiylar yangi kasallanish holatlarining rekord ko‘rsatkichi hamda g‘arbiy Yevropadagi eng past emlanish darajasi sababli ana shu qadamni qo‘ydi.

 “Biz beshinchi to‘lqinni istamaymiz”, — dedi Shallenberg o‘z qarorini tushuntirarkan. So‘nggi hafta ma'lumotlari shuni ko‘rsatdiki, kasallanish darajasi 100 ming kishiga 990ta holatni tashkil qildi. Sog‘liqni saqlash vaziri Volfgang Myukshteyn bu raqamlar bilan karantinni joriy etish zaruriy choraga aylanganini aytdi.

Dushanba kunidan boshlab Vena ko‘chalari yana kimsasiz bo‘lib qoladi
Foto: Reuters

Avstriyaliklar yana uyda qolib ishlashlariga to‘g‘ri keladi. Oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari qolgan barcha do‘konlar yopiladi. Maktablarga faqat ayrim sabablarga ko‘ra masofadan ta'lim ololmaydigan va maktabga borib o‘qishga ehtiyoji borlargina kelishadi.

Ana shunday qoidalar 12 dekabr kunigacha amal qiladi, biroq ular 10 kundan keyin qayta ko‘rib chiqiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mintaqaviy direktori Hans Klyuge qish og‘ir bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

U Yevropada yuqumliroq delta varianti tarqalishi ijtimoiy masofa va niqob taqish kabi profilaktika choralaridan voz kechilgani fonida emlanish hali ham past darajada qolayotganini aytib o‘tdi. 

Germaniya: favqulodda holat va Rojdestvo so‘roq ostida

Germaniyada to‘liq emlanganlar 67,7 foizni tashkil etadi
Foto: EPA

Pandemiyaning to‘rtinchi to‘lqini Germaniyani qamrab oldi. Yevropadagi yirik iqtisodiyot kasallanish yangi holatlari tufayli yuzaga kelgan favqulodda holatni e'lon qildi.

Germaniya rasmiylari koronavirus tufayli kasalxonalarga yotqizish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan rayonlarda emlanmaganlar uchun cheklovlar joriy etishga qaror qilishdi. Bu Germaniyadagi 16ta o‘lkadan 12tasiga tegishli bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Span odamlarni ijtimoiy kontaktlarni qisqartirishga chaqirib, vaksinaning o‘zi kasallanish holatlari sonining qisqarishiga olib kelmasligini ma'lum qildi. Germaniyada to‘liq lokdaun joriy etilishi haqidagi savolga vazir vaziyat shundayki, hech narsani istisno qilib bo‘lmaydi, deya javob qaytardi.

Iqtisodchilar Germaniyada yana bir lokdaun oldingi yilgi cheklovlardan keyin endigina tiklanishni boshlagan Yevropa iqtisodiyoti uchun juda yomon xabar bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Yyens Span Germaniya jonlantirish bo‘limidagi ish yuki hali eng yuqori cho‘qqiga chiqmagani, agar hech qanday chora ko‘rilmasa, vaziyat yomonlashishi mumkinligini ma'lum qildi. “Rojdestvo qanday bo‘lishini bilmayman. Bu faqat bizga bog‘liqligini ayta olaman, xolos”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Polsha, Slovakiya, Niderlandiya va Chexiya: emlanmaganlar uchun lokdaunlar

Polshada aholining yarmidan biroz ko‘prog‘i to‘liq emlangan
Foto: Reuters

Qisman lokdaunlar Slovakiya, Chexiya va Niderlandiyada ham joriy etilgan. Cheklovlar emlanmagan kishilarga tegishli. Yangi qoidalarga ko‘ra, emlanganlar yoki so‘nggi olti oyda koronavirus bo‘lganlik haqida ma'lumotnomaga ega kishilar qahvaxona, restoran va savdo markazlariga kirishlari mumkin. Vaksina olmaganlar faqat oziq-ovqat do‘konlariga kira olishadi. Agar ishxonaga borish zarur bo‘lsa, doimiy ravishda test qilish kerak.

Bu kabi qisman lokdaunlar bir necha hafta uchun joriy etilyapti va dushanba kuni amal qilishni boshlaydi.

Juma kuni pandemiya boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich — 11 mingdan ortiq yangi kasallanish holatlari aniqlangan Vengriyada sog‘liqni saqlash sohasining barcha xodimlari uchun majburiy buster emlanish joriy etilyapti.

Bundan tashqari, 29 noyabrdan boshlab bino ichkarisida ham niqob taqish yana majburiy bo‘lyapti.

Ukraina: emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat sotib olganlarga amnistiya

Ukrainada aholining 22 foizigina to‘liq emlangan.
Foto: EPA

Ukrainada “kovid amnistiya” dasturi ishga tushirilmoqda. U qalbaki sertifikat sotib olib, davlat reyestrida vaksina olgan deya qayd etilganlarga haqiqiy privivkani olish va jarimadan qutulish imkonini beradi.

Bunday dastur hozircha Zakarpateda amal qilishni boshlaydi, biroq butun mamlakat bo‘ylab tarqatilishi mumkin.

Hozirda emlanganlik to‘g‘risidagi qalbaki sertifikatni sotib olganlik uchun jarima katta emas. 850 griven yoki taxminan 30 yevroga teng. Biroq Ukraina parlamenti jarima 20 marta oshirilishi va 600 yevro bo‘lishi haqidagi qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Ukrainada kamida 200 mingta emlanganlik to‘g‘risidagi qalbaki sertifikat sotib olingan.

AstraZeneca: antitanali kokteyl bir yil mobaynida himoya qiladi

AstraZeneca pandemiyani to‘xtatishi mumkin bo‘lgan dorilar ustida ish olib borishda davom etadi 
Foto: Reuters

AZD7442 yoki Evusheld deb nomlangan muolaja infeksiyadan 83 foiz himoya qiladi. Uning ta'siri esa bir yilgacha davom etishi mumkin, deya ma'lum qildi AstraZeneca kompaniyasi.

Evusheld bu – antitanalardan tayyorlangan kokteyl bo‘lib, vaksina olish man etilgan odamlar uchun muqobil variantga aylanishi mumkin.

AstraZeneca ma'lumotlariga ko‘ra, bunday kishilar dunyoda aholining 2 foizini tashkil etadi. Bunga dializdagilar, kimyoviy muolaja olayotgan saraton kasalligiga chalingan bemorlar, revmatoid artrit kabi holatlarda immunodepressant qabul qiluvchilar kiradi.

Ushbu preparat faqat bir marta, bir vaqtning o‘zida ikkita inʼeksiya bilan kiritiladi. Bundan tashqari, ilk belgilar paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab uch kun ichida qilingan AZD7442 inʼeksiyasi kasallik og‘ir kechish xavfini 80 foizga pasaytiradi.

Antitana asosidagi muolaja hali sinov bosqichida, biroq olimlar u pandemiyaga qarshi kurashda yana bir qurol bo‘lishini aytmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: