Kamala Harris AQSh tarixiga kirdi. U 1,5 soat davomida prezident vakolatini oldi

Jahon 18:19 / 20.11.2021 18208

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris navbatdagi marta mamlakat tarixiga kirdi. U yil boshida Amerikaning 245 yillik tarixida ilk ayol vitse-prezident bo‘lib tarixga kirgandi. Harris bu lavozimni egallagan ilk qora tanli va ilk kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan siyosatchi ham bo‘lgandi. Endi Harris AQSh prezidenti vazifasini bajargan ilk ayol bo‘ldi.

AQShning 78 yoshli prezidenti Jo Bayden juma kuni tonggi soat 09:00 da tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Vashingtondagi Uolter Rid harbiy hospitaliga bordi. Tekshiruv jarayonida Bayden kolonoskopiya tekshiruvidan ham o‘tdi. Bu amaliyot vaqtida esa inson anesteziya olishga majbur va bir muddat narkoz ta'sirida bo‘ladi. 2 soat-u 35 daqiqa davomida anesteziya ta'sirida bo‘lgan Bayden o‘z vakolatlarini vaqtincha vitse-prezident Kamala Harrisga topshirdi.

«Konstitutsiyaga muvofiq muolaja davomida prezident Bayden vakolatini qisqa muddat vitse-prezidentga topshiradi. Chunki u bu vaqt davomida narkoz ta'sirida bo‘ladi», dedi bu haqda Baydenning matbuot kotibi Jyen Psaki.

AQSh prezidenti o‘z vakolatini vaqtincha topshirishi mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatishga asoslanadi. Unga ko‘ra, vaqtincha vakolatini bajara olmaydigan prezident bu haqda vakillar palatasi spikeri va «pro tempore» prezidentga xat yozadi. «Pro tempore» prezident – vitse-prezident vakolatni bajara olmaydigan holatdagi vaqtincha prezident, ya'ni zaxira varianti. Bu odatda senatning eng yoshi ulug‘ vakili bo‘ladi.

25-tuzatishga ko‘ra, prezidentlik vakolati ilk marta 2002 yil vaqtincha vitse-prezidentga o‘tgan. O‘shanda prezident kichik Jorj Bush narkoz ta'sirida tekshiruvdan o‘tgani sabab vakolatini vaqtincha vitse-prezident Dik Cheynga topshirgan. 5 yil o‘tib yana shu sabab bilan kichik Bush vakolati vaqtincha Dik Cheynga o‘tgan.

AQShning 245 yillik tarixida birorta ayol vitse-prezident bo‘lmagani kabi tabiiyki biror ayol vaqtincha prezident ham bo‘lmagan. Shu sabab Harris bu borada ham AQSh tarixiga kirdi. Ma'lumot uchun, AQSh tarixida ayol kishi biror marta prezident ham bo‘lmagan. 2016 yilgi saylovlarda Hillari Klinton bu ishni uddalashini ko‘pchilik kutgandi, lekin Donald Tramp demokratlarning bu boradagi orzularini chippakka chiqargandi. Ijtimoiy so‘rovlarda g‘alaba qozonishi taxmin qilingan va saylov yakunlariga ko‘ra ko‘p sonli saylovchilarning ovozini olgan Klinton AQShdagi saylov o‘tkazish tartibi sabab mag‘lub bo‘lgandi.

Foto: AP

Bayden va Harrisning munosabatlari haqida mish-mishlar

Oxirgi vaqtlarda AQSh prezidenti Jo Bayden vitse-prezident Kamala Harrisga o‘zini ko‘rsatishi uchun yetarlicha imkon bermayotgani haqida turli mish-mishlar tarqaldi. Ularga ko‘ra, Bayden go‘yoki keyingi saylovlarda o‘ziga raqobatchi bo‘lishidan cho‘chib Harrisga imkoniyat bermayapti. Oq uyda bu ma'lumotlar asosga ega emasligini ma'lum qilishdi.

Oxirgi kunlarda sodir bo‘lgan voqealar esa bu boradagi mish-mishlarga butunlay chek qo‘yishi mumkin. 1,5 soat davomida prezidentlik vakolatlariga ega bo‘lgan Harris keyingi kundan Bayden katta qiyinchiliklar bilan imzolashga erishgan 1,2 trillion dollarlik infratuzilma loyihasi doirasidagi turneni boshladi. Ilk manzil Ohayo shtati bo‘ladi. Harris bu loyihaning muhimligini fuqarolarga tushuntirish asnosida pullar joylarda qanday taqsimlanishi shuningdek, turne yakunlari bo‘yicha tavsiyalarini prezidentga bildiradi.

Baydenning salomatligi joyida

AQSh prezidenti Jo Baydenning salomatligi haqida uning shaxsiy shifokori Keyin O'Konnor axborot berdi: «Prezident Baydenning ahvoli juda yaxshi. U 78 yoshli erkak uchun yetarlicha bardam va barcha vakolatlarini bajarish uchun yetarlicha salomat», degan Baydenning shifokori.

Janob O'Konnorning aytishicha, Bayden chekmaydi, alkogol iste'mol qilmaydi va haftasiga kamida 5 marta sport bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, oxirgi vaqtlarda o‘z salomatligiga ehtiyot bo‘luvchi Bayden tomog‘ini tez-tez chayqashni odat qilgan. Baydenning yoshi sabab amerikaliklar uning salomatligi bilan ko‘p qiziqishadi. Demokrat oldingi hamkasbi Donald Trampdan tashqari salomatligi haqidagi ma'lumotlarni yashirmaydi, sog‘lom turmush tarziga amal qiladi va tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turadi. U prezidentlikka kirishishi bilan jamoat joylarida majburiy niqob taqish rejimini joriy qilib, bu borada oldingi hamkasbidan farqli qarashda ekanini ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: