“4000 nafarga yaqin kishi yashagan To‘pqopi saroyi Istanbul shahridagi Saroyburnida joylashgan” – deya, hikoya qiladi Uzbek.life kolumnisti Sabohat Rajabova.
Siz ham o‘z hikoyalaringizni biz bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz Telegram’da @uzbeklifebot ga murojaat qiling.
Usmonli imperiyasining 600 yillik tarixi hisobidan 400 yil mobaynida hukumat markazi sifatida foydalanilgan va nafaqat usmonli podshohlari, balki bir paytning o‘zida jami 4000 nafarga yaqin kishi yashagan To‘pqopi saroyi Istanbul shahridagi Saroyburnida joylashgan.
To‘pqopi saroyi 1478 yilda Fotih Sulton Mehmet tomonidan barpo ettirilgan hamda saroy xalqining Dolmabahche, Yildiz va boshqa saroylarda yashab boshlaganidan so‘ng sekin-sekin bo‘shab qolgan. Ammo podshohlar tomonidan tark edilganidan keyin ham To‘pqopi saroyi o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi.
Saroy ilk marotaba cheklangan bir omma uchun bir muzey sifatida Sulton Abdulmajid hukmronligi davrida ochildi. O‘sha paytdagi ingliz elchisiga To‘pqopi saroyi xazinasidagi buyumlar ko‘rsatilganidan so‘ng ushbu ko‘hna asarlarni kelgan mehmonlarga ko‘rsatish bir an'anaga aylanadi va Sulton Abdulaziz davrida xazinalar bir-bir vitrinada taqdim etilib, xorijliklarga ko‘rsatila boshlaydi. Sulton Abdulhamid II taxtdan ag‘darilgan davrlarda To‘pqopi saroyi Xazina-i Humoyunining yakshanba va seshanba kunlari mahalliy aholining ziyorati uchun ham ochilishi rejalashtiriladi. Ammo amalga oshirilmaydi. Keyinchalik esa Mustafo Kamol Otaturkning buyrug‘i bilan 9 sentabr 1924 yilda saroy xalqning ziyorati uchun muzey sifatida ochiladi.
Saroyni shahardan ayirgan va Fotih Sulton Mehmet tomonidan saroy inshooti bilan birgalikda qurilgan Sur-i Sultoni ichidagi saroy hududiga Bob-i Humoyundan kiriladi. Kirganingizda esa saroyning birinchi Hovli maydonini ko‘rasiz. Ushbu maydon hukmdor va ulamolarining saroyga ot ustida kira olgan yagona hudud bo‘lib, bu yerga belgilangan kunlarda aholi kelib, davlat bilan aloqalarini mustahkamlar va siyosat haqida baxs-munozaralar o‘tkazar edi.
Saroy kirishining chap qismida Fotih Sulton Mehmet hukmronligi davridan boshlab omborxona bo‘lib xizmat qilgan Aya Irini cherkovi joylashgan.
Saroyning ikkinchi hovlisida saroy kasalxonasi, qandolatchilik bo‘limi, haram, devon, saroy oshxonalari va saroyning boshqa bo‘limlariga kirish joylarini ko‘rasiz. Saroy oshxonalari Marmara dengizi va hovli o‘rtasidagi bir ichkari ko‘chada XV asrda barpo qilingan.
Qubbaolti xonasi Devon-i Humoyun, ya'ni podshoh devoni uchun xizmat qilar edi. Keyinchalik u yerda podshohning sadr-i a'zami, ya'ni hukumat bosh vaziri majlislarni o‘tkazadigan bo‘ldi.
Haram bo‘limini ko‘pchilik faqatgina ayollar va sultonning joriyalari yashagan yer, deb o‘ylashi mumkin. Aslida esa Haram-i Humoyunda sultonning o‘zi, oilasi va ularga xizmat qilgan toifa, ya'ni joriyalar yashagan.
Tashqi dunyoga yopiq va masofali bo‘lgan haramning qurilishi va arxitekturasi ham bunga mos. XVIII asrdan boshlab haramga bo‘lgan tashqi qiziqish ortgani sababli haram haqida tadqiqotlar ko‘paygan. Lekin haram tashkilotining yopiqligi va sirliligi bois tadqiqotlar uchun yetarlicha ma'lumot yo‘q bo‘lib, insonlar haram haqida turli rivoyatlar to‘qishni boshlaganlar.
Sabohat Rajabova,
Uzbek.life kolumnisti