Britaniya Pekindagi Olimpiada o‘yinlarini diplomatik boykot qilishi mumkin

Jahon 14:43 / 20.11.2021 4196

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Xitoyning inson huquqlari sohasidagi harakatlariga norozilik belgisi sifatida Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlarini diplomatik boykot qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Times gazetasi xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, hukumatda Buyuk Britaniya ham Olimpiada-2022ni diplomatik boykot qilishi mumkinligini e'lon qilgan AQShning izidan borishi kerakligi to‘g‘risida "faol munozara" bormoqda. Nashrning ta'kidlashicha, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamoqda.

XXIV qishki Olimpiada o‘yinlari Pekinda 2022 yil 4-20 fevral kunlari, Paralimpiya o‘yinlari 4-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq The Washington Post gazetasi AQSh ma'muriyati Pekin Olimpiadasini diplomatik boykot qilishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgandi.

Bu boradagi yakuniy qaror hozircha qabul qilinmagan. Gazetaning yozishicha, prezident Baydenga boykot bo‘yicha tavsiyalar taqdim etilgan. Prezident shu oy oxirigacha qaror qabul qilishi kutilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: