Putin pandemiyaga qaramasdan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi o‘sayotganini aytdi

Jahon 19:19 / 19.11.2021 8103

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi pandemiyaga qaramasdan oshib bormoqda va bu ikki mamlakat hamkorligi hatto murakkab davrda ham muvaffaqiyatli bo‘lib qolayotganini bildiradi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi chog‘ida aytdi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston umumiy tovar almashuv hajmining 17 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Tovar almashuv hajmi o‘smoqda: o‘tgan yili pandemiyaga qaramasdan u 15 foizga o‘sdi va bu eng murakkab davrda ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotganimizni ko‘rsatadi”, — dedi Rossiya prezidenti.

O‘zbekiston prezidentining ma'lumot berishicha, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya-O‘zbekiston tovar almashuv hajmi 7 mlrd dollarga yetadi.

Putin O‘zbekiston Rossiya uchun nafaqat yaqin qo‘shni, balki ittifoqchi ekaniga e'tibor qaratdi. U O‘zbekistonni Rossiya bilan ham tarixiy, ham bugun juda ko‘plab narsalar bog‘lab turadigan yirik mamlakat deya ta'kidladi.

Putinning qayd etishicha, ikki mamlakat alohida qiziqarli tashabbuslarga ega.

“Bu yerda hamkorlikda ishlashimiz uchun ulkan maydon mavjud. So‘zlashadigan mavzularimiz bor. Sizni ko‘rganimdan judayam xursandman. Darhaqiqat, ko‘rishmaganimizga ancha bo‘lgandi, xush kelibsiz”, — dedi Rossiya prezidenti Shavkat Mirziyoyevga.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Rossiyaga tashrif bilan bordi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ma'lumot berishicha, tashrif davomida xalqaro axborot xavfsizligini ta'minlash sohasida hamkorlik bo‘yicha yirik siyosiy qo‘shma bayonot qabul qilinadi. Prezidentlar uchrashuvi chog‘ida turli sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 18 ta hujjat imzolanadi.

Ko‘proq yangiliklar: