Bayden benzin narxi nega pastlamayotganini tekshirishni buyurdi

Jahon 04:51 / 18.11.2021 7553

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatda benzin narxi balandligicha qolayotganining sababini o‘rganishni buyurgan. Bu haqda WSJ'ga asoslanib Forbes yozmoqda.

Manbada aytilishicha, Bayden AQSh Federal savdo komissiyasiga benzin narxining balandligicha qolayotganida neft kompaniyalarning qanchalik roli borligini tekshirishni buyurgan. AQSh prezidentining fikricha, benzin narxining tushmayotganiga neft kompaniyalarining iste'molchilar huquqlariga zid harakat qilayotgani sabab bo‘lishi mumkin va bu borada shubhali ma'lumotlar tobora ko‘payib bormoqda.

Financial Times nashrining yozishicha, reytingi borgan sari tushib borayotgan Baydenni fuqarolar benzin narxining ko‘tarilib ketishida ham ayblagan va prezident aynan shu sabab harakatga tushib qolgan. AQShning eng yirik neftogaz kompaniyasi Exxon bu gaplarga munosabat bildirmagan. Yana bir gigant Chevron esa AQSh neft instituti so‘roviga javob berar ekan Bayden shunchaki yuqori darajadagi o‘zgarishlardan odamlarni chalg‘itish uchun shunday bahona topganini bildirgan.

AQSh neft instituti American Petroleum Institute vitse-prezidenti Frekn Makkiarola ham Baydenning bu fikriga munosabat bildirgan: «Shundog‘am kunlik nazoratda bo‘lib turgan bozorni tekshirishni buyurish yoki OPeKdan neft ishlab chiqarishni oshirishni so‘rashdan ko‘ra neft va gazni sifatli qayta ishlashni rivojlantirish haqida o‘ylaganimiz tuzuk, menimcha», degan mutaxassis.

AQShda ayni damda bir litr benzin narxi 99 sentgacha ko‘tarilgan. Bu 2014 yildan keyingi eng baland narx hisoblanadi. Taqqoslash uchun o‘tgan yil AQShda benzin o‘rtacha 1 litri uchun 55 sentdan sotilgan.

Neftni qayta ishlovchilar benzin narxining oshishiga Jo Bayden tomonidan Keysote XL neft o‘tkazgichi qurilishining to‘xtatib qo‘yilganini keltirishmoqda. Kanadadan AQShga neft olib kelishga moslashgan bu yirik loyiha yana bir demokrat prezident Baraka Obama davrida to‘xtatib qo‘yilgan edi. Keyinchalik Donald Tramp qurilish tiklanganini e'lon qilgan va ba'zi ishlar tiklangandi ham. Ammo Jo Bayden saylovoldi dasturida ekologiya borasida bergan va'dasini bajarish asnosida Keystone XL loyihasini to‘xtatib qo‘ydi. Endilikda Kanada va AQSh sudlashishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Ko‘proq yangiliklar: