Turkiya Armanistonning Syunik oblastidagi harakatlarini terrorizm deb baholamoqda

Jahon 19:15 / 17.11.2021 8367

Turkiya Armanistonning Syunik oblastidagi harakatlarini «terrorchilik hujumi» deb baholaydi va Ozarboyjonni bu vaziyatda «tashlab qo‘ymaydi». Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li ma'lum qildi.

«Biz qardosh Ozarboyjonni tashlab qo‘ymaymiz. O‘z yerlarini qaytarib olgan Ozarboyjonning qadamlariga nazar tashlaylik. Mintaqadagi barqarorlik uchun muhim loyihalar amalga oshirildi. Armaniston esa o‘t ochish to‘xtatilishi bilan Ozarboyjon yerlariga bostirib kirdi va ozarboyjonlik askarlarga hujum qildi. Bu terrorchilik hujumi», — dedi u.

Chovusho‘g‘li shuningdek, Yerevan bu harakatlari befoydaligini tushunishi kerakligini aytdi.

«Bu hech qachon natija keltirmaydi», — dedi u.

So‘nggi kunlarda Tog‘li Qorabog‘ va Armanistonning Syunik oblasti bilan chegaradosh hududlarda vaziyat keskinlashdi. Tomonlar qurolli to‘qnashuvlar haqida ma'lum qilmoqda.

Xabar qilinishicha, ushbu voqealar bois Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Armaniston va Ozarboyjon mudofaa vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilgan. Rossiya mudofaa vazirligining bildirishicha, ikki mamlakat mudofaa vazirlari chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun tegishli choralarni ko‘rgan.

Ko‘proq yangiliklar: