Sobyanin Moskvadagi qurilishlarda migrantlar sonini kamaytirishni buyurdi

Jahon 18:45 / 17.11.2021 8461

Moskvadagi renovatsiya dasturi asosida bunyod etilayotgan uylar qurilishida mehnat migrantlari soni kamaytirilishi lozim. Shahar meri Sergey Sobyanin ana shunday topshiriq berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qurilishlarga «boshqacha sifatdagi, boshqacha maosh oluvchi ishchilar kerak». U «Krost» pudratchi firmasi bosh direktori Aleksey Dobashinga yaqin-atrofdagi regionlardan rossiyalik ishchilarni jalb etishni maslahat berdi.

Sobyaninning topshirig‘iga ko‘ra, ularga tegishli mehnat sharoiti yaratilishi, oylik maoshi yuqori bo‘lishi shart.

Avvalroq Bloomberg agentligi Rossiyada ish kuchi yetishmasligi mamlakat iqtisodiyoti tiklanishini sekinlashtirayotganini ma'lum qilgandi.

Agentlikning yozishicha, yirik kompaniyalar ishchilar yetishmasligi muammosiga duch kelgan. Oktyabrda markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina ham ish kuchi yetishmovchiligi haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi zarur.

Ko‘proq yangiliklar: