«O‘zbekneftgaz» AJ aniqlagan holatga ko‘ra, Andijon neft bazasida AI-80 avtobenzindan 84 tonna, AI-91 avtobenzindan 280 tonna, AI-92 avtobenzindan 6,7 tonna va Eko dizel yonilg‘isidan 1,9 ming tonna bo‘lgan, o‘rtacha qiymati 19 mlrd so‘mni tashkil etuvchi kamomad aniqlangan.
Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning xabariga ko‘ra mazkur holat bo‘yicha «Andijon neft bazasi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov yakunlanib, shu yil 3 noyabr kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.
Xabarda ishning boshqa tafsilotlari, shu jumladan ayblanuvchilar soni, ularga nisbatan e'lon qilingan ayblovning mazmuni (JK moddalari) tanlangan ehtiyot chorasi, tergov organi aniqlagan jami zarar summasi va uning undirilgani kabi ma'lumotlar ochiqlanmagan.
Avvalroq, Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida jami 185 milliard so‘m miqdoridagi neft mahsulotlari talon-toroj qilingani xabar qilingandi.
Jizzax neft bazasidagi 146 mlrd so‘mlik va Buxoro neft bazasidagi 20,7 mlrd so‘mlik talon-torojlik holatlari haqida hozircha ma'lumot berilmagan.