Merkel Lukashenko bilan gaplashdi, migrantlar hujum qilmoqda. Chegaradan so‘nggi xabarlar

Jahon 21:03 / 16.11.2021 18816
Dushanba kuni chegara chizig‘iga bir necha yuz migrant keldi, ammo polshalik chegarachilar ularni o‘tkazmadi.

Yevropa ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy komissari Jozep Borrel Belarusga qarshi sanksiyalarning beshinchi raundi kompaniyalarga va xususiy shaxslarga aloqador bo‘lishini ma’lum qildi, uning yakuniy tafsilotlari yaqin kunlarda kelishiladi.

Irlandiya tashqi ishlar vaziri Saymon Kovenining aniqlik kiritishicha, YeI Belarus davlat aviakompaniyasi bo‘lmish «Belavia» bilan samolyotlarni lizingga berish bo‘yicha shartnomalarni bekor qiladi. «Yoki ular bu samolyotlarni qaytarishadi, yoki, bilishimcha, sudga murojaat qilinadi», deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi. Koveni «Belavia» tasarrufidagi 30 samolyotdan 17tasidan irland kompaniyalari bilan lizing bo‘yicha kelishuv asosida foydalaniladi.

Dushanba kuni AQSh tomoni ham migratsiya inqirozini «g‘ayriinsoniy rag‘batlantirish» tufayli Belarusga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llanishi haqida ma’lum qildi. AQSh Davlat departamentining rasmiy vakili Ned Prays jurnalistlarga bunday choralar «Lukashenko rejimini keyin ham demokratiya, inson huquqlari va xalqaro normalarga qilinayotgan tinimsiz hujumlari uchun javobgarlikka tortishga yordam beradi». U aynan qanday sanksiyalar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Merkel Lukashenko bilan gaplashdi
Dushanba kuni kechqurun Germaniya kansleri Angela Merkel migratsiya inqirozini muhokama etish uchun Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin ilk marta (G‘arb saylov natijalari soxtalashtirilgan deb hisoblaydi) Belarus prezidenti va G‘arbning biror davlati yetakchisi o‘rtasida o‘tkazilgan ilk telefon muloqoti bo‘ldi.

Germaniya yetakchisi rasmiy vakili Shteffen Zaybert Merkel va Lukashenko «Belarus va Yevropa ittifoqi chegarasidagi murakkab vaziyatni muhokama qilgan, unda bu yerda bo‘lib turgan migrantlar va qochqinlarga insonparvarlik yordami yetkazib berish zarurligi urg‘u qaratgani»ni tasdiqladi.

Belarus davlat agentligi «Belta» xabariga ko‘ra, Merkel va Lukashenko 50 daqiqaga yaqin suhbatlashgan va «asosan Belarus-Polsha, Belarus-Litva hamda Belarus-Latviya chegaralaridagi vaziyatni muhokama qilgan». «Muloqot chog‘ida chegaradagi vaziyat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun migratsiya muammosini hal qilish yo‘llari va istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi», deya xabar beradi agentlik Lukashenkoning matbuot xizmatiga tayangan holda.

Shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan xuddi shu masalani muhokama qilgan.

Chegaradagi to‘qnashuvlar

LEONID SHCHEGLOV/BELTA/TASS

15-16 noyabr kunlari chegarada vaziyat keskinlashdi. 15 noyabr kuni, Belarus-Polsha chegarasida to‘planganiga bir hafta bo‘lgan uch mingga yaqin migrantlar o‘rmon ichidagi palatkalarini yig‘ishtirib, «Bruzgi — Kuznitsa» chegara o‘tkazish punktining yopiq hududiga ko‘chib o‘tishdi. Polsha mudofaa vazirligi migrantlar chegaraning bu hududiga Belarus kuch ishlatar tuzilmalari hamrohligida kelganini ma’lum qildi.

Leonid SHCHeglov / BelTA / AFP / Scanpix / LETA

Birinchi kuni qochqinlar chegarani buzib o‘tish uchun harakat qilishmadi va nazorat-o‘tkazuv punkti yonginasida yangi lager qurishdi, palatkalar o‘rnatilib, gulxanlar yoqildi. Lekin tunda, Polsha mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt nafar belarus ofitseri chegara devoriga zarar yetkazishga uringan va 11 nafar migrantni to‘siqdan o‘tishga majburlagan, ammo polshaliklar bunga to‘sqinlik qilishgan.

Migrantlar Belarus va Polsha chegarasidagi o‘tkazish punktini ishg‘ol qilishdi
Leonid SHCHeglov / BelTA / TASS / Scanpix / LETA

16 noyabr kuni migrantlarning bir guruhi polshaliklar o‘rnatgan to‘siqlardan oshib o‘tishga harakat qilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda chegaraning Belarus tomonidan kelayotgan migrantlar to‘siqqa yaqinlashib, politsiyachilar safiga qarata toshlar, kaltaklar, metall parchalari va turli buyumlarni uloqtirayotgani, ularni ingliz tilidagi so‘zlar bilan bo‘ralatib so‘kayotganini ko‘rish mumkin. Polshaliklar esa qalqonlar ortiga yashiringan. Videolarda migrantlar politsiyachilarga dubinkalar uloqtirgani, ayrimlar uzun xodalar bilan to‘siqni yorib o‘tishga uringanini ko‘rish mumkin. 

Belarus muxolifatchilari kanali chegarada olingan videoyozuvni tarqatdi, unda belaruslik ekani aytilgan shaxs «migrantlarga kelgusida qanday harakatlanish bo‘yicha maslahat berayotgani» aks etgan.

Polshalik harbiylar migrantlarga qarshi vodomyotlar (suv to‘plari) va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan. Belarus va Rossiya nashrlari migrantlarga qarshi shovqinli va tutunli  granatalar qo‘llangani haqida yozdi. Videoyozuvlardan birida chegaraning Belarus tomonida turgan migrantlar yaqinida granatalar portlayotgani aks etgan. Polsha mudofaa vazirligi esa migrantlar shovqinli granatalar bilan qurollangani, Belarus maxsus xizmatlari ularni shunday vositalar bilan ta’minlagani haqida ma’lum qilgan. Chegarada olingan videolardan birida migrant qo‘lida ko‘rinishi shovqinli granataga o‘xshash buyum ko‘ringan.

16 noyabr kuni migrantlar nazorat-o‘tkazish punktidan ketishgan. «Sputnik Belarus» xabariga ko‘ra, ular avvalgi lager joylashgan hududga qaytishgan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, ularni Belarus chegarachilari olib ketgan - ular qochqinlarga «dam olish va isinib olish»ni taklif qilgan.

BELARUSIAN STATE BORDER COMMITTEE

Polsha tomoni bir politsiyachi yaralangani haqida xabar berdi. Belarus nashrlari esa ikki jurnalist jabrlanganini ma’lum qilgan. Polsha mudofaa vazirligi «belaruslar ilhomlantirgan odamlarning hujumi natijasida politsiyachilardan biri jiddiy jarohatlangani» haqida xabar qilgan — uning bosh suyagi. Belarusdagi ONT telekanali va «Sputnik Belarus» agentligi esa o‘z xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan jabrlanganini ma’lum qilgan. Gaz qo‘llanishi oqibatida qancha migrant jabrlangani haqida ma’lumot yo‘q. «Belta» aniq raqamlarni keltirmagan holda, «ko‘pdan ko‘p qochqinlar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgani» haqida yozgan.

LEONID SHCHEGLOV/BELTA/TASS

YeI qanday sanksiyalar qo‘llashi mumkin?
Yevropa ittifoqi va NATO davlatlari Belarusni 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin inson huquqlari buzilishi tufayli qo‘llangan sanksiyalarga javoban chegarada qasddan migratsiya inqirozi yuzaga keltirishda ayblaydi.

Yoz oylarida Belarusga minglab migrantlar kela boshladi, ular asosan Iroq, Suriya va Yamandan yo‘lga chiqib, Belarus hududi orqali YeI davlatlariga kirishni mo‘ljallagan: Polsha, Litva va Latviyaga. G‘arb siyosatchilari Belarus hukumati migrantlarni ularga to‘sqinliksiz Yevroittifoqqa olib o‘tishni va’da qilgan holda Yaqin Sharq mamlakatlaridan to‘plab olib kelayotganiga ishonchi komil.

Ammo Belarus hukumati yuzaga kelgan vaziyatda qochqinlarni qabul qilishni istamayotgan va Minskka adolatsiz tarzda iqtisodiy va siyosiy bosimlar o‘tkazayotgan YeIni ayblaydi.

REUTERS

Dushanba kuni Bryusselda yig‘ilgan YeI davlatlari tashqi ishlar vazirlari prezident Aleksandr Lukashenkoning atrofidagi shaxslarga hamda Yaqin Sharqdan Minskka migrantlarni tashish bilan shug‘ullangan aviakompaniyalar va turistik kompaniyalarga nisbatan yangi cheklovlar qo‘llash imkoniyatini muhokama qildi.

Uchrashuvdan oldin Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas migrantlarni Belarusga tashigan aviakompaniyalarga YeI davlatlaridagi aeroportlarga qo‘nish taqiqlanishi mumkinligini aytdi. U YeI arsenalida ushbu inqirozda aybdor bo‘lganlarga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar yetarlicha ko‘p ekanini qayd etgan.

YeI bosimi ostida bir necha aviakompaniyalar Minskka parvozlarni amalga oshirishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Iroq hukumati ham o‘z fuqarolarini Belarusdan qaytarib olib kelish uchun aviareyslar tashkillashtirishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari afg‘onlar, suriyaliklar, yamanliklar va iroqliklarga o‘z aeroportlaridan Minskka uchishini taqiqladi.

Borrel dushanba kuni migrantlarni olib uchuvchi reyslar to‘xtatilishi - muammoni hal etish variantlaridan biri ekanini ta’kidladi. «Migrantlar oqimi masalasi hal qilinsa vaziyat nazorat ostiga qaytadi», dedi u.

Lukashenko: «Biz himoyalanamiz»
Dushanba kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat hukumati chegarada ziddiyat yuzaga kelishini istamasligi haqida gapirdi.

«Biz davlatimiz chegarasida hech qanday ziddiyat bo‘lishini istamaymiz. Bu biz uchun mutlaqo noto‘g‘ri», deya uning so‘zlarini keltirdi prezident matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan «Pul Pervogo» Telegram kanali. Lukashenkoning fikricha, bunday qarama-qarshilik Polshaga kerak. «Ichki va Yevropa Ittifoqi bilan bog‘liq muammolar yetarlicha ko‘p – bu olomon esa davlat chegarasida otishma boshlayapti», dedi u.

Lukashenko mamlakat hukumati migrantlarni uylariga qaytarishga uringani, ammo ular bunga qarshilik ko‘rsatishganini aytdi. «Biz ularning barchasini samolyotlarga o‘tqazib, uylariga qaytarishga tayyormiz. Ammo bu odamlar, aytish kerakki, juda qaysar: hech kim qaytishni istamayapti», deya undan iqtibos keltiradi TASS.

Belarus prezidenti yana bir bor inqiroz qasddan uyushtirilganini rad etdi va ehtimoliy sanksiyalarga qat’iy javob qaytarishini va’da qildi. «Belarus orqali migratsiya oqimini tashkil etish - o‘zimizga qimmatga tushadi. Biz hech qachon bu ish bilan shug‘ullanmaganmiz va shug‘ullanmoqchi emasmiz. Sanksiyalar bilan qo‘rqitishmoqda. Yaxshi, ko‘ramiz. Ular meni hazillashadi, og‘ziga kelganini valdirayveradi deb o‘ylashmoqda. Bunday emas. Biz himoyalanamiz. Bizning chekinadigan joyimiz yo‘q», degan Lukashenko.

Avvalroq Lukashenko sanksiyalar kengaytirilishiga nisbatan Yamal—Yevropa gaz quvurini uzib qo‘yish bilan tahdid qilgandi.

15-16 noyabr kunlari ro‘y bergan boshqa voqealar

  • Polsha chegara xizmati yakshanba kuni chegaradan noqonuniy o‘tish uchun 118 urinish bo‘lganini qayd etgan.
  • Latviya Belarus chegarasiga mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun 3 ming harbiy xizmatchi yo‘llanganini ma’lum qildi.
  • Rossiya migratsiya inqirozini hal etishda YeI va Belarus hukumati o‘rtasida vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi.
  • Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerika rasmiylarining migratsiya inqirozi Ukraina chegarasida rossiyalik harbiylar to‘planishi bilan bog‘liq vaziyatdan e’tiborni chalg‘itish maqsadida yuzaga keltirilgani haqidagi farazlarini rad etdi. «Biz bu bayonotni noto‘g‘ri deb baholaymiz. Bu Belarus-Polsha chegarasidagi migratsiya inqirozini noto‘g‘ri traktovka qilishdir», - deya Peskovning so‘zlarini keltiradi TASS. Ammo Litva tashqi ishlar vaziri G‘arb mamlakatlari butun dunyoning diqqati Polsha va Litva chegaralariga qaratilgan vaqtda rossiyaliklar Ukrainaga hujum qilishi ehtimolini nazardan qochirmasligini aytib o‘tdi.
  • Chegaradagi vaziyat tufayli Polshaning Kujnitsa shahri va qo‘shni Novi-Dvurdagi maktablarda o‘qish onlayn rejimga o‘tkazildi.
Ko‘proq yangiliklar: