Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida shifoxonaning jarrohlik bloki bo‘limlariga 900 mln sumlik, shundan umumiy xirurgiya, urologiya, proktologiya, qon-tomir xirurgiyasi, yiringli xirurgiya, travmatologiya bo‘limlariga operatsion stollar, operatsion lampalar va koagullyator apparatlari xarid qilindi.
Bundan tashqari, fizioterapiya bo‘limi uchun fizioterapevtik apparatlar va urologiya bo‘limi uchun rezektoskop jamlanmasi xarid qilindi. Bu orqali transuretalnyy rezeksiyalar adenomalari operatsiyalarini bajarish imkoniyati paydo bo‘ldi. 2021 yilning 29 sentabr kuni birinchi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Hozirgi kunda markazda murakkab yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, ya'ni, chanoq-son bo‘g‘imlarida endoprotezlash, uzun naysimon suyaklarda BIOS amaliyoti, karotid endartekektomiya va profundoplastika (klassik, eversion usulda) ishemik insult oldining olish, arterio-venoz fistula o‘rnatish (gemodializ seanslari o‘tkaziladigan bemorlarda), boshni ikkala tepa sohasidagi suyak yetishmovchiligini protokril bilan yopish, bosh miya peshona sohasidagi o‘smalarni olish, otoplastika, uvilloplastika operatsiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
Kelgusida markazda bemorlar uchun respublika miqyosida bajariladigan boshqa jarrohlik amaliyotlari ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Joriy yilda markazda xo‘jalik hisobidagi 18 o‘rinli reabilitatsiya bo‘limi tashkil etildi.
Ta'kidlash joiz, markaz xorijdagi nufuzli tibbiyot muassasalari bilan tajriba almashish bo‘yicha memorandumlar imzolagan.
- Markazimiz Germaniyaning KFW banki moliyaviy mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilayotgan “Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash” loyihasiga kiritilgan, - deydi markaz bosh shifokori To‘lqin Rasulov. - Shu paytgacha mazkur loyiha doirasida markazning neyroxirurgiya bo‘limi ko‘chma rentgen-tashxislash tizimi va portativ rentgen apparati bilan ta'minlangan edi. Yaqinda bu xayrli tadbirning uzviy davomi sifatida loyiha doirasida markazga Niderlandiyada ishlab chiqarilgan Philips firmasining 1 million yevrolik zamonaviy MRT uskunasi keltirildi va ishga tushirildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot turizmi yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida barcha bo‘limlarda chet el va mahalliy sayyohlar uchun 2-3 kishilik, barcha qulayliklarga ega VIP palatalar va maxsus parhez taomlar ham tashkil etilgan.
Muassasa qoshida tashkil etilgan mobil poliklinika zamonaviy tibbiy uskunalar, xususan, EKG, UTT tekshiruvi hamda laborator tahlillar olish uchun zarur apparatlar bilan ta'minlangan. Ushbu mobil poliklinika hamda viloyat markazidan borgan malakali tor soha mutaxassislari ko‘magida olis hududlarda tibbiy xizmat samaradorligini oshirish maqsadida, aholi orasida tarqalgan va erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni erta aniqlash, nogironlikning oldini olish maqsadida skrining tadbirlari amalga oshirilyapti.
O‘z navbatida markazda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun ham shart-sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, xodimlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sport inventarlari bilan ta'minlangan sport zali ishga tushirildi.
Tan olish kerak, 2020 yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun katta sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili bo‘ldi. 2020-2021 yillar jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi barcha davlatlar uchun murakkab va sinovli kechmoqda. Eng muhimi, koronavirusga qarshi kurashda tunu kun metin iroda bilan faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini munosib qadrlash doimiy e'tiborda turibdi. Ayni paytda dunyo xalqlarini tahlikaga solib qo‘ygan COVID-19 infeksiyasi bizga inson salomatligi, hayotini asrash uchun o‘zi va yaqinlari halovatidan voz kechayotgan, jonini tahlikaga qo‘yayotgan oq libos sohiblarining mehnati naqadar ulug‘ ekanini yana bir bor eslatib qo‘ydi.
Bir so‘z bilan aytganda, kelgusida ham tizimni shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va erta aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish borasidagi ishlarimiz davom ettiriladi.
Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Ⓣ