O‘zbekistonning aksariyat hududlarida odamlar 4-5 oy davom etadigan sovuq kunlardan qanday chiqib olishni o‘ylay boshlaydi. Kimdir yarmidan ko‘pi kukun bo‘lgan arzon ko‘mir xarid qiladi, kimdir esa hovlisidagi daraxtni kesib yoqadi. Yaxshiroq daromadga ega bo‘lganlar Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keltirilayotgan sifatli ko‘mir sotib olishadi. Yoki o‘tin bozorlarda yuk mashinalarida sotilayotgan o‘tinga xaridor bo‘lishadi.
Yoqilg‘i bor. Endi uni qanday yoqish kerak? Odamlar bu borada ham turli usullar qo‘llashadi. Aksariyat odamlar uylarni oddiy pechkalar bilan isitishadi. So‘ngi yo‘llarda ustalar ham sharoitga moslashib ancha tejamkor pechkalarni kashf etyapti.
Ana shunday ustalardan biri Urgut tumani Xo‘jabaland mahallasida yashovchi Abdumannon Ubaydullayev hisoblanadi. U bundan 12 yil avval Rossiyadan o‘rganib kelib yoqilg‘i tejaydigan pechkani yasay boshlagan. Bugun ushbu pechlar «Pochvon pechka» nomi bilan nafaqat Samarqand viloyatida, balki qo‘shni voha viloyatlarda ham mashhur bo‘lib ulgurgan.
«Bundan 13 yil avval Rossiyaga ishlagani borganman. O‘sha yerda biz yashagan uyda turgan pechka ozgina ko‘mir yoki o‘tin bilan xonani uzoq vaqt isitib turardi. Shunda uni qanday yasalganini ko‘rdim va keyingi yil Rossiyaga bormay, o‘zimizda o‘sha pechga o‘xshatib pechka yasay boshladim. Boshida odamlarga yasayotgan pechkamning afzalliklarini tushuntirish biroz qiyin bo‘ldi. Ammo keyinchalik ishlarimiz yurishib ketdi va tejamkor pechkalarimiz ommalasha boshladi», — deydi usta.
Ustaning aytishicha, u faoliyatini endigina boshlagan kezlarda pechkalarini mavsumga qarab asosan kuz hamda qish fasllarida yasashgan. Bugun usta o‘z shogirdlari bilan yil davomida pechka yasayapti, ammo shunda ham buyurtmalarni tayyorlashga ulgurishmayapti. Pechka so‘rab kelayotgan odamlarga bir oylik muhlat aytilishi buyurtmachilarni xafa bo‘lib qaytib ketishiga ham sabab bo‘lmoqda. Ayrim odamlar «Oshiqcha pul to‘layman, tezroq yasab bering», deb ham taklif qilishadi. Ammo usta navbatni buzmoqchi emas.
«Hozir buyurtmalar shunchalik ko‘pki, «Pochvon pechka» yasab beringlar deb kelayotgan odamlarga bir oydan so‘ng tayyor bo‘lishini aytishga majburmiz. Aksariyat mijozlar bir oy kutishga ham tayyor. Ayrimlar esa kutmay boshqalarga ham ketib qolishadi. Biz yasayotgan pechkalarning dovrug‘i qo‘shni viloyatlarga ham yetib bordi va endi ular ham ko‘plab buyurtmalar berishyapti. Hozir Qashqadaryo viloyatidan kelgan buyurtmani yasayapmiz», — deydi Abdumannon Ubaydullayev.
Ta'kidlanishicha, yasalayotgan pechka is gazi chiqarmaydi. Shuningdek, unda olov oqib emas, balki nayzasimon bo‘lib yonadi. Bundan tashqari, pechkaning ostidagi kuldon oxirigacha yopib qo‘yilsa unda yonayotgan o‘tin qorako‘mir bo‘lgan holda sutkalab saqlanib turadi. Ma'lum vaqt o‘tib kuldon ochilganda qorako‘mirning ostida qolgan arzimagan cho‘g‘ bilan olov qayta yonib ketaveradi. Eng muhimi — «Pochvon pechka» oddiy pechlarga qaraganda yoqilg‘ini uch barobar tejaydi.
«So‘nggi yillarda biz yasayotgan isitish pechlari odamlarga ma'qul tushib, u ommalashib ketganidan so‘ng ayrim boshqa ustalar uni o‘zlashtirib, yasab «Pochvon pechka» deb sota boshlashdi. Ammo ularning isitish pechlari yoqilg‘i tejaydigan bo‘lib chiqmaydi. Shu sababli ulardan pechka olganlar bizga qaytib kelishadi. Biz yasayotgan ushbu pech yoqilg‘ini uch barobar tejaydi. Ozgina o‘tin yoki ko‘mir bilan katta xonalarni ham uzoq vaqt isitib turadi. Bu pechlarimizni yasashda kichik bir siri bor va u hech kimga aytilmaydi. Raqobatchilarimiz ana shu sirni bila olmay dog‘da qolishyapti va biznikiga o‘xshatib yasagan pechlari tejamkor bo‘lib chiqmayapti», — deydi Abdumannon Ubaydullayev.
Usta endi ish boshlaganida barcha ishlar qo‘lda bajarilganini va shu sababli ish unumdorligi past bo‘lganini aytadi. Hozir esa ustaxonada ko‘plab dastgohlar bor. Temirni kesish, tekislash, buklash va yana bir qator ishlar turli dastgohlar yordamida bajariladi. Faqat payvandlash ishlari qo‘lda qilinadi. U kelajakda ustaxonani kengaytirib, yanada ko‘proq odamlarni ish bilan ta'minlashni maqsad qilgan.
«Hozir asosiy ustaxonadan tashqari, ikkinchi joyda ham filialimizni ochdik. Shunda ham ulgurmayapmiz. Kelajakda ustaxonani kengaytirib pechkalarni konveyer usulida ishlab chiqarish rejalarimiz bor. «Biz bir necha xil isitish pechlarini yasaymiz. Devor orasiga qo‘yiladigan, shuningdek uy isitish bilan birga suv isitib beradigan pechlarimiz bor. Kim qanday pech buyurtma bersa, o‘shani yasab beramiz. Bugun eng ko‘p narxi hamyonbop bo‘lgan pechlarimizga buyurtma ko‘p tushyapti. Qo‘shni viloyatlardan ham asosan shu pechga buyurtma olyapmiz», — deydi Abdumannon Ubaydullayev.
Bugun Abdumannon Ubaydullayevning qo‘l ostida 15 nafardan oshiq yigit ishlamoqda. Shogirdlar o‘ziga biriktirilgan ish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Tayyor holga kelgan har bir pech ustaning nazoratidan o‘tadi va shundan so‘ng mijozga beriladi. Usta ishning sifatiga juda jiddiy qaraydi va uni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Shu boisdan shogirdlaridan ham sifatga e'tiborli bo‘lishlarini so‘raydi. Mahsulotning sifatli tayyorlanishini yutuqlarning debochasi deb biladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev