Xatolarga asoslangan biznes: bo‘yoqni blenderda ko‘pirtirib, korrektor ixtiro qilgan kotiba tarixi

Fan-texnika 15:06 / 07.11.2021 31379

Korrektorning birinchi partiyasi kotiba tomonidan garajda yaratilgan. Keyinchalik bu bir necha million dollarlik savdolarga ega kompaniyaga aylandi.

1950-yillardagi mashinkachi qizlar. Xatolarni to‘g‘rilash uchun korrektor yaratgan Gremning o‘zi ham yozuv mashinkasida ishlagan. CNBC

Bo‘lajak kashfiyotchi 1924 yilda Texas shtatidagi Dallas shahri yaqinida tug‘ilgan. Harbiy Uorren Nesmitga turmushga chiqib, o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i Ikkinchi jahon urushidan qaytgach, er-xotin ajrashishadi va farzand tarbiyasi yolg‘iz Gremning zimmasiga tushadi.

1957 yil, Grem o‘g‘li Maykl bilan The Hustle

U Texas Bank and Trust bankiga kotiba bo‘lib ishga joylashdi. Bankda oyiga 300 dollar ishlab topardi (2021 yilda bu oyiga taxminan 3000 dollarga to‘g‘ri keladi). Keyinchalik u mas'ul kotib lavozimiga ko‘tariladi. 1950 yilda bu bank xodimi egallashi mumkin bo‘lgan eng yuqori lavozim edi.

XX asr o‘rtalarida IBM elektr yozuv mashinkalarini sotuvga chiqargandi. Biroq klavishlar avvalgi modellarga nisbatan yengil bosilgani tufayli foydalanuvchilar yozuvda tez-tez xato qila boshlaydi. Uglerod plyonkali lentalar xatolarni tuzatishni qiyinlashtirardi.

Korrektorning yaratilishi va ilk savdolar 

Grem o‘z xatolarini to‘g‘rilash usulini topishni istardi. Lavozimi ko‘tarilguniga qadar u bank oynalarini bezatish orqali qo‘shimcha pul ishlab topardi. U rassomlar xatolarini o‘chirmasdan, ustidan chizishda davom etishini bilardi. “Ana shu usuldan foydalanishga qaror qildim”, - deya xotirlaydi u.

Grem temper bo‘yoq retseptini kutubxonadan topdi. Suyuqlikni oq tusga kirguniga qadar blenderda aralashtirib, uni tirnoq uchun lakdan qolgan bo‘sh flakonga quyadi. Ish hujjatlarida xatolarni tuzatish uchun ana shu korrektordan yashirincha foydalana boshlaydi. O‘z ixtirosini yashirishga qanchalik harakat qilmasin, tez orada hamkasblari bundan xabar topishdi.

1950-yillar elektr yozuv mashinkasi Found Image Holdings/Corbis via Getty Images

1957 yilga kelib, Grem hamkasblariga oyiga 100 flakon korrektor sotardi. Talabni qondirish uchun u korrektor ishlab chiqaruvchi mini zavod tashkil etdi. Grem o‘g‘li va o‘g‘lining do‘stlari mayda shisha flakonlarni to‘ldirib, qo‘lbola yorliqlarni yopishtirishlari uchun soatiga 1 dollardan to‘lardi. U o‘z mahsulotiga Mistake Out deb nom berdi.

Grem biznesni kengaytirish uchun mahsulot sifatini o‘zgartirish kerakligini bilardi. O‘g‘lining kimyo fani o‘qituvchisi va bo‘yoqlar do‘koni xodimi ularga Gremning formulasini takomillashtirishda yordam berishdi. U Texasdagi ulgurji korxonalarga o‘z ixtirosini namoyish etardi. Hech kim mahsulotga qiziqmasdi, shuning uchun Grem mahsulotini bozorga olib chiqishga qaror qildi.

Korrektor reklamasi jurnalda e'lon qilingach, tadbirkorga butun AQShdan 500ta buyurtma kelib tushdi. Grem xato qilib, xatlardan biriga Texas Bank and Trust o‘rniga o‘zining kompaniyasi The Mistake Out Company imzosini qo‘ygani uchun bankdan ishdan haydaladi.

Liquid Paper kompaniyasi va 1 million dollarlik sotuvlar

1958 yili Grem mahsulot nomini Liquid Paper deb o‘zgartirdi va patent olish uchun ariza berdi. Korrektor ommalashgach, Grem garajdan ofisga ko‘chib o‘tdi. U marketing, ishlab chiqarish va yetkazib berishlarni tashkillashtirish uchun xodimlarni ishga oldi.

1964 yilda korrektor ishlab chiqarish hajmi haftasiga 5000 flakongacha ortdi. 1967 yilda esa savdo hajmi 1 million dollarlik ko‘rsatkichga yetdi, bu 2021 yilda taxminan 8 million dollarga teng.

O‘ylashimcha, qandaydir yutuqqa erishgan har bir odam qo‘rquv bilan yuzma-yuz keladi. Muvaffaqiyatga erishish uchun qo‘rquvni yengish kifoya. Doimiy ravishda qo‘rquv va ikkilanishlarga qarshi turish hamda takror va takror ularni yengish kerak.

Bett Nesmit Grem

Kompaniya xodimlarning ta'lim olishi uchun kompensatsiya taklif qilardi. Ofis hududida bolalar xonasi, shuningdek, nogironlar aravachasida harakatlanish uchun infratuzilma mavjud edi. Grem barcha irqdagi xodimlarni ishga olardi va ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun ikkita xayriya fondini tashkil qildi.

Bett Grem Shimoliy Texas universiteti arxivi

Intervyularidan birida Grem shunday degandi: “Agar odam sabrli bo‘lsa va o‘z fikrida qat'iy tursa, o‘z ildizini yerga qo‘ygan o‘simlik kabi o‘sayotgani va rivojlanayotganini sezmay ham qoladi. Yer ostida nima bo‘layotganini ko‘rish imkonsiz, biroq ildiz tobora chuqurroq o‘saveradi”.

Gremning mahsuloti The Tonight Show kabi teleko‘rsatuvlar praym-taymlari, Glamour va Fortune jurnallari sahifalarida reklama qilinishi uchun katta mablag‘ sarfladi. 1975 yilda u ishlab chiqarishni Dallasdagi 3000 kvadrat metr maydonga ega sexga joylashtirdi. Bu yerda yiliga 26 million flakon korrektor ishlab chiqarilardi.

Liquid Paper reklamasi

Raqobat va kompaniya savdolari

Bir necha raqobatchilar, jumladan, korrektor ishlab chiqaruvchi Wite-Out kompaniyasi Liquid Paper’ni bozordan siqib chiqarishga harakat qildi. Biroq Grem yetakchilik pozitsiyasini saqlab qoldi. 1962 yilda u muzlatilgan mahsulotlar sotuvchisi Robert Gremga turmushga chiqdi va kompaniya ustidan qisman nazoratni unga berdi.

1976 yilda ular ajrashishdi, Robert korrektor formulasini o‘zgartirib va rafiqasini direktorlar kengashidan chiqarib, sobiq turmush o‘rtog‘ini firmani boshqarish imkoniyatidan mahrum etishga harakat qildi. Shunga qaramay, Grem o‘z kompaniyasini qaytarib oldi va 49 foiz aksiyalarni saqlab qoldi.

1979 yili sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli u Liquid Paper’ni 47,5 million dollarga, 2021 yil kursi bo‘yicha 173 million dollarga Gillette kompaniyasiga sotdi. Sotilgan har bir flakondan mualliflik ulushini oldi. Yarim yildan keyin 56 yoshda insult tufayli vafot etdi.

O‘g‘li Maykl The Monkees pop guruhi ishtirokchisi sifatida shuhrat qozondi. 1990-yillargacha onasining mahsulotini reklama qilib, uning merosini asrab-avayladi. U Liquid Paper’dan daromad olishda davom etdi va bu pullarni PopClips musiqa video kliplarini ishlab chiqarish bo‘yicha kompaniyani ishga tushirishga sarfladi.

Maykl Nesmit Liquid Paper’ni reklama qilyapti

Liquid Paper hali ham mavjud va Rubbermaid, Sharpie va Elmer's ga egalik qiluvchi Newell Brands konglomeratiga tegishli.

Ko‘proq yangiliklar: