Nurafshon shahrida haykal va yodgorlik majmuasi qurish uchun 28,4 mlrd so‘m (2,6 mln dollardan ortiq) mablag‘ ajratilgani tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
II jahon urushida besh o‘g‘lini yo‘qotgan Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlanadigan majmua qurilishi uchun buncha mablag‘ni Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov 3 noyabr kungi farmoyishi bilan ajratgan.
“Agar rostdan ham Zulfiya opaga ehtirom ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, opaning nomidan ana shu 28 milliard so‘mga bitta maktab quraylik! To‘ytepaning yo‘lini tuzataylik! 200 ta kambag‘alga uy qurib beraylik! Bu ishimizdan Alloh ham, Zulfiya opaning ruhi ham, xalqimiz ham rozi bo‘ladi”, – deya munosabat bildirdi jamoatchilik faoli Alisher Nazir.
Iqtisodchi Otabek Bakirov davlat budjeti defitsiti YaIMga nisbatan 6 foizga yaqinligi, respublika konsolidatsiyalashgan budjeti bir necha o‘n trillion so‘m kamomadda ekanini eslatdi.
“Dunyoning hech bir mamlakatida hech kim saylamagan taqsimlovchilar qo‘liga bunchalar ko‘p mablag‘ tortiq qilinmagan”, – deydi u.
Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati holatga izoh berib, Zulfiya Zokirova yodgorlik majmuasi prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyat saylovchilari bilan uchrashuvdagi taklifi asosida bo‘layotganini bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, uchrashuvda Zulfiya Zokirova hamda viloyatning asl farzandlari, yetuk qahramonlari, mustabid tuzum davrida qatag‘onga uchragan istiqlol fidoyilari nomini abadiylashtirish taklifi jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan.
“Yuqoridagi takliflar yuzasidan Toshkent viloyati hokimining farmoyishiga ko‘ra, Nurafshon shahrining “Nurafshon Business City” hududida Zulfiya Zokirova yodgorlik majmuasi bog‘ini qurishga qaror qilindi. E'lon qilingan tenderda g‘olib bo‘lgan qurilish korxonasi tomonidan ayni paytda loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda”, – deyiladi hokimlik bayonotida.
Otabek Bakirov rasmiy izohning yuqoridagi parchasini “eng “go‘zal” qism” deb atadi:
“E'lon qilingan tenderda g‘olib bo‘lgan qurilish korxonasi tomonidan ayni paytda loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda”. Ya'ni go‘yo tender o‘tkazilgan, g‘olib ham allaqachon aniq. Lekin loyiha yo‘q. Loyiha bo‘lmasa, qiymatni qanday aniqladinglar? Qiymat bo‘lmasa, tenderni qanday o‘tkazdinglar?” – deya savol qo‘ydi iqtisodchi.
Viloyat hokimligi axborotiga ko‘ra, majmua 2,97 gektar maydonda quriladi. Unda park, o‘yin va piknik maydonlari, amfiteatr, terassali va yopiq turdagi kafelar, favvoralar, o‘rindiqlar, yashil hududlar, piyodalar va velosipedchilar yo‘laklari, bolalar maydonchalari bo‘ladi.
Mazkur qurilishga oid farmoyishda kutubxona qurish uchun 6 mlrd so‘m ajratilishi ham belgilangan. Hokimlikning ma'lum qilishicha, “Nurafshon Business City” hududida quriladigan 3 qavatli kutubxona 1,1 gektar maydonni egallaydi, funksional zonalar va kompyuter uskunalari bilan jihozlanadi.
Kutubxonada internetdan foydalanish, individual ishlash va dam olish uchun kovorking zonalari, tadbirlar o‘tkazish, ijod bilan shug‘ullanish va qiziqarli intellektual o‘yinlar o‘tkazish uchun maxsus xonalar ajratiladi.
Toshkent viloyati hokimligi jamoatchilikdan holatni bitta haykal uchun juda katta pul ajratilayotgandek talqin qilmaslikni, farmoyishning o‘zida ushbu mablag‘ yodgorlik majmuasi va uning atrofini obodonlashtirish uchun ajratilayotgani ko‘rsatilganini ta'kidlagan.
“Ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda budjetdan juda katta mablag‘ go‘yoki bittagina haykal uchun ajratilgandek talqin qilinayotgani kuzatilmoqda. Vaholanki, E-qaror elektron tizimida mablag‘ yodgorlik majmuasi va uning atrofini obodonlashtirish uchun ajratilayotgani ko‘rsatilgan. Hurmatli jurnalist va blogerlarimizdan bu mavzudagi axborotni tarqatishda tafsilotlarga e'tibor qaratishlarini so‘raymiz. Qurilish ishlarining borishi va unga sarflanayotgan mablag‘lar haqida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berib boriladi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati qurilishi rejalashtirilgan maskanlarning loyiha shaklini ilova qilgan. Maxsus komissiya taklifi bilan ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ham mumkinligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya Zokirova turmush o‘rtog‘i vafot etgach besh o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ayol Ikkinchi jahon urushida besh azamat o‘g‘lining baridan ayrilgan.
2019 yil 9 may – Xotira va qadrlash kunida prezident Shavkat Mirziyoyev Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi.
2020 yil Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘i markazida bu haykal ochildi, shuningdek Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlab “Ilhaq” filmi yaratildi.