Yangi texnologiyalar yurak xurujini oldindan aniqlab bera oladi

Fan-texnika 14:37 / 06.11.2021 25365

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, yurak-qontomir kasalliklari tufayli jahonda yiliga 18 million kishi vafot etadi. Bu o‘limlarning qariyb 85 foizini yurak xurujlari va insult oqibatlari tashkil etadi.

Michigan shtati universiteti olimlari yurak xuruji boshlanishidan oldin uni aniqlashga mo‘ljallangan potensial vizualizatsiya texnikasini ishlab chiqishdi.

Foto: Shutterstock.com

Yurak salomatligini yaxshilashning bir necha yo‘llari bor; masalan, jismoniy faollik yurak xurujidan keyin sog‘ayib ketishni 45 foizgacha oshirishi mumkinligini tadqiqotlar ko‘rsatgan. Lekin, patsiyentlar oldindan ogohlantirilsa yurak xurujining oldini olish imkoniyatlari yanada kengayadi. Bu konsepsiya olimlar jamoasi tomonidan yaratilgan yangi vizualizatsiya usuli asosida yotadi.

Tovush, yorug‘lik va nanozarralar yordamida yurak xurujini aniqlash

Mualliflardan biri, professor Brayan Roneyn Smitning aytishicha, yangi usulni uning jamoasi yorug‘likni yutuvchi alohida zarrachalar yuborilgan arteriyaga yorug‘likni yo‘naltirib yaratishgan. «Zarrachalar bizga yurakdagi vaziyatning uch o‘lchamli tasvirlarini qurish imkonini beruvchi ma'lumotlar berishdi».

Inson qulog‘i hamma tovushni eshita olmasa ham, uni ultratovushni qayta ishlovchi qurilmalar bilan osongina qayd etish mumkin.

Dastlab yangi texnologiya sichqonlarda sinab ko‘rilgan. Smit va uning hamkasblariga ko‘ra, endi texnologiyani arteriyalarda paydo bo‘ladigan, yurak xuruji va insultlarga sabab bo‘luvchi yog‘ to‘plamlari — aterosklerotik quyqalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri skanerlash uchun ishlatish mumkin.

Smitning aytishicha, yangi usulning qiymati undan hujayralarni o‘zi tanlashida. Ayni paytda quyqalarning tasvirini olishning boshqa usullari ham bor. Lekin bu yondashuvning farqli tomoni — u hujayralar bilan ishlaydi. Olimlar makrofaglar va monotsitlar deb ataluvchi va quyqa paydo bo‘lishiga mas'ul hujayralarni maxsus o‘rganishgan.

Muayyan quyqa insult yoki bemorning yurak xurujiga sabab bo‘lishini ko‘rsatish qiyin, lekin Smitning fikricha, moyil quyqalar eng xavflisi sanaladi. Bunday quyqalar yorilib, qon yuruvchi arteriyalarni berkitib qo‘yishi mumkin.

Moyil quyqalar yog‘ qatlamlaridan tashqari, o‘z tarkibida ko‘plab immun hujayralar, makrofaglar va monotsitlar to‘playdi. Smit va uning hamkasblari uglerod atomlaridan iborat va o‘ta kichik quvurcha shaklidagi nanozarra yaratishgan ular tabiiy yo‘l bilan shunday hujayralarni aniq izlab topadi.

Foto: Shutterstock.com

Olimlar zarrachalarni tanaga kiritishar ekan, quvurchalar quyqalarda to‘planuvchi spetsifik immun hujayralarni izlab topa boshlaydi. Shundan so‘ng olimlar arteriyaga lazer nurini yo‘naltirishadi. Agar quyqa moyil bo‘lsa, zarrachalar yorug‘likni yutadi va tovush to‘lqinlarini o‘tkazadi. Shundan so‘ng olimlari signalni qabul qilib, quyqaning joylashgan o‘rnini aniqlashadi va uni vizuallashtirishadi.

Normal qon yuruvchi arteriyani quyqa mavjud bo‘lgan arteriyaga solishtirar ekan, Smit quyqali arteriyada makrofaglar va monotsitlar haddan ziyod ko‘p bo‘lishini tushuntiradi. Smitning texnikasi birinchi navbatda monotsitlar va makrofaglarni aniqlashga yo‘naltirilgan. Chunki nonozarrachalarni yutishi mumkin bo‘lgan boshqa hujayralar amalda yo‘q.

Kelajakda vrachlar Smitning innovatsiyasi yordamida arterial quyqalarni nanozarrachalar bilan aniq va tanani yorib ko‘rmasdan aniqlab olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Ayni paytda yurak xuruji yoki insult keltirib chiqarish mumkin bo‘lgan sezgir quyqalarni aniq ko‘rsatib bera oladigan va davolaydigan samarali usullar yo‘q. Tadqiqotchilar ularning yangi tadqiqoti vaziyatni o‘zgartirishda yordam beradi, deb hisoblashmoqda.

Yana bir umidli voqea: Smitning laboratoriyasi nanozarrachalarga quyqalarni kamaytirishi mumkin bo‘lgan dori kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Olimlar kelajakda ko‘p narsa va'da qilayotgan bu zarrachalarga yana qimmatli qo‘shimchalar ustida ish olib borishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: