O‘zbekistonning qator hududlarida 4 noyabrdan beri chang-g‘uborli anomal ob-havo sharoiti saqlanib qolmoqda. “O‘zgidromet” Toshkent havosidagi chang miqdori ba'zi vaqtlarda me'yordan 30 barobargacha ortganini ma'lum qilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga bunday changli havoda niqob taqish, allergik va astma kasalligi bor bemorlarga tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.
Xo‘sh, changli ob-havo aholiga qanday ta'sir qildi? Biz Toshkentda turli yoshdagi aholi vakillariga shunday savol bilan yuzlandik.
“Kun so‘rovi”da ishtirok etganlarning deyarli barchasi bu havoda nafas olishga qiynalganini bildirdi. Yoshi katta, allergik va astma kasalligi borlar nafas olish qiyinlashganini aytishdi.
Eslatib o‘tamiz, g‘uborli havo qachon to‘la chekinishi borasida sinoptiklar prognozlari hozircha yo‘q. Dam olish kunlari havo harorati ilishi kutilmoqda.