Haydovchilikdan katta kompaniya rahbarligigacha – IT tadbirkor Jon Toshmatov bilan suhbat

Jamiyat 17:17 / 05.11.2021 8734

Uzbek.life portalining bu galgi suhbatdoshi AQShda qariyb 24 yildan buyon istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor, “My IT education” kompaniyasi rahbari Jon Toshmatov bo‘ldi.

Muvaffaqiyat ortidagi qiyinchiliklar

Men Farg‘ona viloyatida tug‘ilib o‘sganman. O‘rta maktabni tugatgach, Farg‘ona politexnika institutida tahsil oldim. Bolalikda kosmonavt bo‘lish orzuim bo‘lgan. Lekin keyinchalik, AQShga borganimda xonadosh do‘stim sabab aynan IT sohasiga qiziqib qolganman.

Endi o‘ylab qarasam, 24 yil avval Qo‘shma Shtatlarga borib aeroportidan tushishim bilan ilk mustaqil hayot va qiyinchiliklar boshlangan ekan. Amerika deganda ko‘pchilikning xayolida o‘z shaxsiy mashinasiga ega bo‘lish, uy sotib olish yoki muvaffaqiyatli karera qilish keladi. Lekin hamma joyning o‘z qonun-qoidalari bor. O‘z o‘rningizni topib ketguningizcha sizda turli qiyinchiliklar bo‘ladi. AQShga ilk borgan kunimda menda yangi atmosfera va ijtimoiy muhitga ko‘nikish, ish, o‘qish va pul bilan bog‘liq muammolar boshlangan. Birinchi anglagan narsam, mening ingliz tilini bilish darajam ancha kamlik qilarkan. Meni maqsadim ilm olish bo‘lgani bois, kechqurunlari ham qo‘shimcha ishlardim. Restoranda idish yuvgan, fermada tinimsiz ishlagan va ertalabgacha haydovchilik qilgan kunlarimda o‘qishni tashlayman degan vaqtlarim bo‘lgan. Biroq maqsadga erishish, holatimni o‘zgartirish va o‘zimning yaxshi kasbimni topishga bo‘lgan intilish menga qiyinchiliklarni yengib o‘tishda eng kuchli motivatsiya bergan. Men uchun og‘ir mehnatni aqliy mehnatga aylantirish juda muhim bo‘lgan.

Amaliyot nazariyadan muhim

Ta'lim jarayonini kuzatarkanman, ko‘pincha nazariyaga e'tibor berilishi bilangina yaxshi kadrlar yetishib chiqmaydi. Meni fikrimcha, har qanday kasbni egallashda amaliyot juda muhim. Masalan, IT sohasini oladigan bo‘lsak siz Java, C++, Frontend kabi dasturlash tillarini nazariy jihatdan yaxshi bilsangiz-u, lekin amaliyotda sinab ko‘rmagan bo‘lsangiz yaxshi mutaxassis bo‘lolmaysiz. Tajriba va haqiqiy ish muhiti aslida insonni yaxshi mutaxassis sifatida shakllantiradi. Shu boisdan men ta'lim jarayonida 40 % nazariya va 60 % amaliyot deb hisoblayman.

“My IT education” kompaniyasi rahbari Jon Toshmatov

Nimadan boshlash kerak?

Men 20 yildan buyon IT sohasi ichidagi inson sifatida endi sohaga kirayotgan va nimadan boshlashni bilmay turgan insonlarga bir nechta tavsiyalar bera olaman. Eng birinchi navbatda siz o‘zingizga yo‘nalish tanlashdan avval bir nechta dasturlarni o‘rganib chiqing. Ya'ni IT'ning tarmoqlari haqida fundamental bilimlarga ega bo‘lish bu soha siznikimi yoki yo‘qmi, qaysi dastur sizga mos keladi? Bular haqida bilib olasiz. Kamida 3 oy davomida IT sohasining asosini yaxshilab o‘rganishini tavsiya qilaman. IT juda ham keng tarmoq. Biz IT deganda faqat dasturlashni tushunmasligimiz kerak. Shu boisdan, o‘z tanlayotgan kasbingiz haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lgandan so‘ng professional ta'lim olish mumkin. Yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘rganish jarayonida eng muhimi, tajriba va olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olishni bilish lozim.

Har kun izlanish va yangi bilimlarni olish kerak

Zamon shiddat bilan o‘sib boryapti. Sizdan har kun nimadir o‘rganish va o‘z ustingizda izlash talab etiladi. Men hayotim davomida har doim izlanish va yangiliklarga ochiq bo‘lish tarafdoriman. Tajribaman kelib chiqib aytamanki, siz qanchalik tajribali bo‘lsangiz, sizga to‘lanadigan maosh ham, ish bo‘yicha takliflar ham doim yuqori bo‘ladi. 

O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish 

IT sohasining rivojlanishi bu mamlakat iqtisodiyotining ham o‘sishiga sabab bo‘ladi. Bunda jarayonda birinchi o‘rinda internet tezligini yaxshilash zarur. Ikkinchidan, malakali kadrlarni tarbiyalash IT kelajagini belgilaydigan omillardan. Haqiqiy muhitni ko‘rgan, katta xorijiy kompaniyalarda ishlagan malakali mutaxassislarni jalb qilish kerak deb hisoblayman. Nega tayyor xalqaro tajribaga ega mutaxassislarimizdan foydalanmaymiz? Bu orqali O‘zbekistonda IT sohasi bo‘yicha o‘qitish tizimiga yangiliklar kiritish va yaxshi kadrlarni tarbiyalash imkoni bor. Uchinchidan esa, yaxshi kadrlarni O‘zbekistonda olib qolish uchun yaxshi ish o‘rinlari va munosib sharoitlarni yaratish ham muhim. O‘ylashimcha, keyingi 5 yil ichida O‘zbekistonda IT sohasi bo‘yicha katta yangiliklar bo‘ladi.

Kelajakdagi maqsad va rejalar

Hozir IT sohasi bo‘yicha Farg‘ona vodiysida kompaniya tashkil etish niyatidaman. Bu loyiha ustida jamoa bilan ishlayapmiz. Ya'ni o‘zimiz o‘qitib, keyin ularni ish bilan ta'minlash reja qilingan. 

To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Mashhura Rahmonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: