Avstraliyada uchar elektromobillar poygasi o‘tkazildi

Fan-texnika 22:03 / 05.11.2021 25668

Avstraliyada Alauda Racing startapi uchar elektromobillar Airspeeder’da dunyodagi birinchi bunday turdagi poygani o‘tkazdi. Poygada ikkita elektromobil ishtirok etgan va ular masofadan boshqarilgan.

MK3 Speeder Airspeeder elektromobili 4 metr uzunlikka va 130 kg og‘irlikka ega bo‘lib, 250 km/soat tezlik bilan ucha oladi. Uning elektr dvigatellari litiy-polimer batareyalardan ishlab, ular to‘liq quvvatlanganda 15 daqiqa parvozga yetadi.

Elektromobilning kabinasida boshqaruvchi uchun joy ko‘zda tutilgan bo‘lib, poyga vaqtida qurilma masofadan boshqarilgan. Kabinada yerdagi boshqaruvchi bilan bog‘langan robot bo‘lgan va u boshqaruvchining barcha harakatlarini qaytarib turgan. Kompaniya kelgusida poygalarni odam ishtirokida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Alauda Airspeeder Mk3 havoda to‘qnashuvlardan qochish uchun LiDAR datchiklari va radiolokatsion tizim bilan jihozlangan.

Avvalroq qurilma Janubiy Avstraliya cho‘lida sinovdan o‘tkazilgan. U “Formula-1” kabi poygalarga tayyorlanmoqda. Har bir poygada 10 tagacha elektromobil ishtirok etishi mo‘ljallanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: