O‘zbekiston Kinaorboblari ijodiy uyushmasi “Oltin Humo” milliy kinotaqdimotining saralash bosqichi yakuniga yetgani haqida xabar qildi. Saralash komissiyasi a'zolari tomonidan tanlangan nomzodlar nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblik uchun da'vogarlik qilishadi.
Saralangan filmlar "Oltin Humo" milliy kinotaqdimotida 2019 yilning 1 yanvaridan 2020 yilning 31 dekabriga qadar (ikki yil davomida) premerasi bo‘lib o‘tgan kinomahsulotlar orasidan tanlab olingan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, badiiy filmlar uchun ajratilgan jami 14 ta nominatsiyaning 13 tasida – "Eng yaxshi kompyuter grafikasi", "Eng yaxshi ovoz rejissyori", "Eng yaxshi grim rassomi", "Eng yaxshi montaj ishi", "Eng yaxshi libos bo‘yicha rassom ishi", "Eng yaxshi rassom ishi", "Eng yaxshi kino bastakori", "Eng yaxshi operatorlik ishi" , "Eng yaxshi rejissyorlik ishi", "Eng yaxshi ayol roli", "Eng yaxshi erkak roli", "Tomoshabin mehrini qozongan film" nominatsiyalarida “Ilhaq” badiiy filmi g‘oliblikka da'vogarlik qilgan.
Biroq eng muhim nominatsiyalardan biri bo‘lgan"Eng yaxshi ssenariy" da'vogarlari orasida "Ilhaq" yo‘q.
“Ilhaq” badiiy filmi ssenariysi hammuallifi Hasan Toshxo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bunday qarordan hayratda ekanligini bildirdi:
– Biz o‘qigan dargohlarda film muvaffaqiyati uchun ssenariy juda muhimligini uqtirishgan. Kino olamida bir gap bor – katta-katta kinotanqidchi va kinotalqinchilarning fikriga ko‘ra, har qanday filmning zamirida uchta faktor – ssenariy, ssenariy va yana ssenariy yotadi. Biroq 13 ta nominatsiyada 5 ta kuchlilar qatorida bo‘lgan "Ilhaq" "Eng yaxshi ssenariy"da loaqal beshinchi o‘ringa ham loyiq ko‘rilmagani meni taajjubga soldi.
Albatta, hammuallif bo‘lganim uchungina xafa bo‘layotganim yo‘q. Lekin ssenariysi bo‘sh bo‘lgan film qanday qilib 13 ta nominatsiyada da'vogarlik qilishi mumkin?
Uyushma raisi Matyoqub Matchonovdan bu masala bo‘yicha izoh oldik:
– Bir jihatni ta'kidlashim kerak – uyushmamiz bu tanlov tashkilotchisi bo‘lsada, saralashda ishtirok etmagan. Boshqaruv kengashimiz tomonidan tuzilgan komissiya a'zolari mustaqil ish olib borganlar va hech kim ularning ishiga aralashmagan. Endi shaxsiy fikrimni aytsam – “Ilhaq” badiiy filmi juda ko‘p nominatsiyalarda da'vogar bo‘lib turibdi. Bittagina nominatsiyaga kirmay qolgani film qadrini tushirmaydi.
Sizga “Ilhaq” filmi bo‘yicha bir yangilik aytishim mumkin. Belarusda o‘tkaziladigan “Listopad” tanlovi short-listiga shu badiiy film ham kiritilgan. Bu har film ijodkorlariga, umuman o‘zbek kinosiga berilgan o‘ziga xos e'tirof, deyishimiz mumkin.
Uyushma kanalida berilgan ma'lumotlarga ko‘ra "Oltin Humo" milliy kinotaqdimoti saralash komissiyasi a'zolari tarkibi quyidagi mutaxassislardan iborat:
1. Isamat Ergashev – saralash komissiyasi raisi, kinorejissyor, aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi;
2. Shuhrat Mahmudov – kinorejissyor, Davlat mukofati sovrindori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi;
3. Baxtiyor Nazarov – rassom, dotsent, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi;
4. Oybek Kopadze – kinoshunos, san'atshunoslik fanlari doktori;
5. Mavzur Mahmudov – rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi;
6. Baxtiyor Yakubov – kinoshunos, san'atshunoslik fanlari doktori (RND).