#Kitobdor: «1984» romani – o‘tmish, bugun va kelajakning dahshatli ssenariysi

Jamiyat 14:14 / 02.11.2021 23644

Jurnalist Otabek Tillayev o‘zbek kitobxonlari orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mazkur asar mohiyatini o‘ziga xos yondashuv bilan ochib beradi.

«Ajoyib» ta'rifiga arziydigan asar

Bundan bir necha yillar muqaddam xorijga yo‘l olayotgan paytim o‘zim uchun eng qadrli bo‘lgan ba'zi o‘zbekcha kitoblarni ham birga olishga qaror qildim. Bagaj kilosi cheklangan, tabiiyki, hamma narsani olish imkonsiz. Shuning uchun ham o‘sha payt qiyin bir tanlov qarshisida qolgandim – shaxsiy kutubxonamdagi o‘zim uchun eng qadrli va eng yaxshi deb bilgan kitoblarimni saralab olishimga to‘g‘ri kelgan va shu tariqa yuk xaltamdan o‘ntacha asar o‘rin egallagandi.

Bugun ana shu kitoblardan biri – dunyoning qaysi bir nuqtasida bo‘lishimdan qat'i nazar, kitob javonimni hamisha bezab turuvchi, meni ohanraboday o‘ziga tortib, qayta-qayta o‘qishga undaydigan ajoyib bir asar haqida so‘z ochmoqchiman. To‘g‘ri, biz ba'zi narsalarni ta'riflar ekanmiz, «ajoyib» so‘zini ishlatishni yaxshi ko‘ramiz. Ammo ishoningki, bu kitob «ajoyib» degan ta'rifga chindan ham arziydi.

Utopiyami yoki realistik roman?

«1984» romani – asl ism-sharifi Erik Artur Bler bo‘lgan ingliz yozuvchisi Jorj Oruellning kelajak haqidagi dahshatli ssenariysidir. Romanda individuallik va inson huquqlari butunlay vayron qilingan, ong nazorat ostiga olingan, odamlar esa mexanizatsiyalashgan bir massaga aylangan totalitar dunyo tartibi hayratlanarli darajadagi tasavvur kuchi bilan hatto eng nozik detallarigacha tasvirlanadi. Asar garchi utopik xarakterga ega bo‘lsa-da, ba'zi tanqidchi va yozuvchilar tomonidan realistik asar sifatida baholanadi.

Ha, syujyeti farqli bo‘lishi mumkin, xayoliy tasavvurlar asosiga qurilgan bo‘lishi mumkin, ammo dastlabki 20-30 sahifadan so‘ng xohlang dunyoga, xohlang mamlakatingizga, xohlang yashayotgan shahringizga, xohlang oilangizga, xohlang jamiyatning eng kichik hujayralariga boqing – siz duch keladigan manzara Jorj Oruellning «1984» asarida tasvirlangan manzaradir. Xohlang, televizorni yoqing; xohlang, radioning qulog‘ini burang; xohlang, gazetalarga ko‘z yugurtiring, xohlang, internetga kiring – yana o‘sha manzara qarshingizdan chiqib kelaveradi.

Otabek Tillayev

Asar nomi nega «1984»?

Bu savolga javob berishdan avval ushbu kitob yozilgan davr va Jorj Oruell boshdan kechirgan voqealarga biroz to‘xtalib o‘tsak. Yozuvchi bu kitobni 1947 yil yoza boshlaydi. Ta'kidlash joizki, bu davr Oruell hayotining eng og‘ir damlari edi – xotini o‘lgan, o‘zi esa og‘ir xastalikka chalingan damlar. Ichini yolg‘izlik kemiradi. O‘gay o‘g‘li bilan Shotlandiyada yashaydi. Ayoli vafot etgach, sil kasalligiga chalinadi va shifoxonaga yotishga majbur bo‘ladi. Azobli kunlarning esa keti uzilmaydi. U hayot-mamot jangiga kirishadi. Biroz ahvoli yaxshilangach, shifoxonadan chiqadi va shoh asarini yozishga kirishadi. Keyin yana ahvoli og‘irlashib, shifoxonaga yotqiziladi. Shifoxonada ham qo‘lidan qalamini qo‘ymaydi.

O‘rni kelganda aytish kerakki, hech bir buyuk yozuvchining shoh asari osoyishta kutubxonalarda o‘tirib, xotirjam holda qurut shimib yozilmagan. Hamisha ular azoblar ichra, qashshoqliklar ichra, xastaliklar ichra jon olib, jon berib, mana shunday asarlarni yaratishgan. Jorj Oruell ham bu kitobini shifoxonada, shifoxona palatalarida yozadi.

Shunday qilib, asar nihoyat 1948 yilda yozib tugallanadi. Yozuvchi dastlab uni «Yevropadagi oxirgi odam» deb nomlamoqchi bo‘ladi. Ammo bu fikridan qaytib, 1948dagi oxirgi ikki raqamni ters o‘girib, uni 1984ga aylantiradi. Shu tariqa roman «1984» nomini oladi. Kitob chop etilganidan yetti oy o‘tib esa Jorj Oruell hayot bilan vidolashadi.

«Katta Og‘a seni kuzatib turibdi»

Romanning bosh qahramoni – Uinston Smit. Ammo undan oldin boshqa bir obraz haqida so‘z yuritmasak bo‘lmaydi. Bu – Katta Og‘a timsoli. Katta Og‘a hamma narsani ko‘radi, hamma narsani eshitadi – hamma narsani biladi. U hamma narsadan xabardor, uning hamma narsadan xabari bor. Uning iznisiz hatto chivin ham qanot qoqa olmaydi; undan xabarsiz kapalak ham bir guldan ikkinchi gulga qo‘na olmaydi. Katta Og‘a butun mamlakatni, butun xalqni, butun millatni – hamma-hammani nazorat qilishni istaydi. U barcha uylarning ichiga telekran qo‘ygan. Ko‘chalarni-ku gapirmadim, hatto uylarning ichida nimalar ro‘y berishini ham ko‘rib, kuzatib turadi. Holat shu darajadaki, bir xonadan ikkinchi bir xonaga o‘tishingiznigina emas, yuz ifodangiz, mimikangiz, xafa yoki xursand ekaningiz – qo‘yingki, har qanday munosabat va imo-ishorangiz ham Katta Og‘a tomonidan nazorat qilib turiladi. Katta Og‘a go‘yoki Tangri kabidir.

Inson eng xavfli, eng tahlikali on – u Xudo rolini o‘ynashga kirishgan ondir, deyishadi. Katta Og‘a ham mana shunday dahshatli tusga kirgan kuch va mutlaq hokimiyatning timsolidir.

Katta Og‘a hamma narsadan xabardor bo‘lgani uchun undan hamma qo‘rqadi. Odamlar har bir qadamini, har bir nafasini unga ko‘ra oladi. Katta og‘a barcha narsaning egasi, barcha narsaning sohibidir. Shaxs yo‘q, shaxsiyat yo‘q! Davlat yo‘q, davlatchilik yo‘q! Faqat va faqat Katta Og‘a bor. Hamma narsa u uchun, hamma narsa faqat u tomonidan hal etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, hamma uning quli.

Uch asosiy qahramon

Asarning uch asosiy qahramoni bor. Ulardan biri Katta Og‘aning qilgan ishlari yanglish ekanini anglagan Uinston Smit. To‘g‘ri, u ishlar yanglish ketayotganini ko‘rib, bilib turadi, o‘ziga xos xarakterga ham ega, ammo u ham qo‘rqadi.

Ikkinchi qahramon – Parsons ismli obraz. U Katta Og‘aning partiyasiga qullarcha sig‘inadi. Katta Og‘a va uning partiyasi nima qilsa, o‘sha narsa to‘g‘ri – savol berish mumkin emas! Tanqid qilish mumkin emas! Churq etib og‘iz ochish mumkin emas! Katta Og‘a qilayotgan hamma ish to‘g‘ridir. Katta Og‘aning partiyasi aytgan hamma narsa mutlaq haqiqatdir. Bu – ikkinchi xarakter tipi.

Endi mundoq atrofimizga qaraylik, Parsonsga o‘xshagan bir qancha xarakterlar bilan birga yashayotganimizni ko‘ramiz.

Uchinchi obraz – Julia. Unga hech narsaning farqi yo‘q. Na Smit kabi sodir bo‘layotgan yanglish ishlarni payqaydi, na Parsons kabi siyosatga sig‘inadi. «Mamlakatni qutqarish kelib-kelib menga qolibdimi? Meni chaqmagan ilon ming yil yashasin», deydiganlar xilidan.

Eng kichik tanqid ham xiyonatdir

Bundan tashqari, Emmenuel Goldsteyn obrazi ham borki, u davlatning dushmanidir, Katta Og‘aning dushmanidir, partiyaning dushmanidir. Holbuki, unday emas. Emmenuel Goldsteyn Katta Og‘a bilan inqilobni birga amalga oshirgan, mamlakat boshqaruvini birga qo‘lga kiritgan. Aslida, u bir paytlar Katta Og‘aning yo‘l hamrohi edi.

Ammo haqiqat shuki, o‘ziga Tangri rolini bergan, oliy va tengsiz rahbar, hamma narsani biluvchi rahnamo rolini ijro etayotganlar ma'lum bir vaqtdan so‘ng, ya'ni og‘ir va talotumli kunlar ortda qolgach, safdoshlarini xuddi ishlatilgan qo‘lqopday bir chetga itqitishadi. Emmenuel Goldsteyn, aslida, ko‘p narsa demaydi. Faqatgina «Shu ish xato bo‘lyapti, nazarimda. Buni shunday qilsak, qanday bo‘larkin? Bu shunday qilinishi kerak emasmidi? Yo‘lga birga chiqayotgan paytimiz bunday kelishmagandik-ku! Kuch va iqtidorni qo‘lga kiritgach, nega bunday o‘zgarib qolding?» deyishi hamon u xoin deb e'lon qilinadi.

Ha, bu davlatda eng kichik tanqid ham vatanga xiyonatdir. Davlat uchun, partiya uchun, hatto Katta Og‘aning o‘zi uchun bo‘lsa ham, to‘g‘ri deb bilganingni aytish, to‘g‘ri deb bilganingni bildirish xiyonat bilan ayni bir narsa. Gapira olmaysan, o‘ylay olmaysan, og‘zingga talqon solib yurishga, og‘zingda qatiq ivitishga majbursan! Katta Og‘a nimani istasa, o‘sha narsani o‘ylashing kerak. Katta Og‘a nimani gapirsa, o‘sha narsani gapirishing kerak. Katta Og‘a nima qilishingni istayotgan bo‘lsa, o‘sha narsanigina qilishing kerak. Yaxshi niyatda qilgandirsan, o‘z vataning uchun qilgandirsan, ishonganing uchun shunday yo‘l tutgandirsan – bunday narsalarning zig‘ircha ahamiyati yo‘q. Agarki sen Katta Og‘aning muhokama qilib bo‘lmas, mutlaq bir iloh ekaniga ishonmas ekansan, demak, xoinsan!

To‘rt vazirlik va ularning vazifasi

Katta Og‘a bu mamlakatda to‘rtta vazirlik tashkil etgan. Ammo ularga to‘xtalishdan oldin yana bir ma'lumotni keltirib o‘tishimiz joiz. Dunyoda uchinchi jahon urishi sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng olamda tamoman yangi tartib o‘rnatilgan. Ummoniya, Yevrosiyo va Ostosiyo nomli uch buyuk davlat mavjud. Bizning hikoyamiz esa Ummoniyada bo‘lib o‘tmoqda. Xullas, Ummoniyada Katta Og‘a to‘rtta vazirlik quradi.

Haqiqat vazirligi. Haqiqat vazirligining asl ishi haqiqatni yo‘q qilishdir. U hatto shu kunning haqiqatlarinigina emas, tarixiy haqiqatlarni ham o‘chirib, tarixni butkul yangidan yozish bilan shug‘ullanadi. Chunki «Kim o‘tmishni boshqarsa, o‘sha kelajakni ham boshqaradi; kim bugunni boshqarsa, o‘sha o‘tmishni boshqaradi», deydi Katta Og‘aning partiyasi.

Tinchlik vazirligi. Tinchlik vazirligining ishi tinchlik emas, urushdir. U doim urush keltirib chiqaradi. Insonlar Katta Og‘ani savolga tutishga chog‘langani hamon, nimalardir yanglish ketayotganini pichir-pichir qilish boshlangani hamon Tinchlik vazirligi sahnada paydo bo‘ladi va urush keltirib chiqaradi. Chunki urush – omma va muxolifatning unini o‘chirishning eng yaxshi yo‘lidir.

Muhabbat vazirligi. Eng qo‘rqinchli vazirlik ham aynan shu Muhabbat vazirligidir. Chunki uning ishi nafrat «ishlab chiqarish», jamiyatdagi barcha insonni biri-biridan nafratlanadigan holga keltirishdir. Faqat bir kishi sevilishi kerak, faqat bir kishigina sevgiga munosib. U ham bo‘lsa, Katta Og‘adir!

Farovonlik vazirligi. U iqtisodiy masalalarga mas'ul hisoblanadi. Ammo u xalqning qornini to‘yg‘azish, farovon hayotni ta'minlash uchun mas'ul emas. Bir luqma ovqat, bir qultum suv – kifoya. Shu bilan qorningiz to‘ysin. Churq etmang, og‘zingizni yuming, shukr qiling, qo‘lingizni boshingizning ostiga qo‘yib uxlang», deyuvchi vazirlikdir bu, aslida.

Ikki karra ikki – besh

Umuman olganda, romanning butun ruhiga singib ketgan narsa shu – davlat bir narsani nima desa, demak, u o‘shadir. Agar davlat ikki karra ikki besh desa, sen «To‘rt bo‘ladi-ku», deya olmaysan. Chunki sen yo‘qsan! Faqat davlat bor, faqat partiya bor, faqat Katta Og‘a bor! Agar u besh deyayotgan bo‘lsa, demak, ikki karra ikki – beshdir. Agar besh emasligini inkor etsang, demak, xoinsan. Xoinlar esa yo‘q qilinishga mahkum!

Yozuvchi shu qadar mayda detallargacha kirib borganki, o‘n-yigirma yil avval chiqqan gazetalar yoqiladi va qaytadan chop etiladi. Hatto til ham o‘zgartiriladi. Qo‘zg‘olon, ozodlik, qarshilik, birlashish, bosh ko‘tarish, muxolifat kabi so‘zlar hatto lug‘atlardan chiqarib tashlanadi, lug‘atlardan o‘chirib tashlanadi. Chunki insonlar so‘zlar yordamida tafakkur qiladi, so‘zlarga asoslangan holda fikr yuritadi, so‘zlar bilan bir dunyo ichida dunyo yaratadi. So‘zlar bilan harakat qiladi – xayol dunyosini quradi, o‘z ideallarini so‘zlar yordamida ifoda etadi. Katta Og‘a hatto lug‘atlardan ham ba'zi so‘zlarni olib tashlaydi, toki odamlar tafakkurdan yiroq bo‘lsin, unga muxoliflik qila olmasin.

Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, to‘rt-beshta olim birlashib, cheklangan tilni yaratadi. Odamlar 100ta so‘z boyligi bilan muloqot qilishadi va bu 100ta so‘zning 80tasi itoatkorlik, bo‘ysunish, hurmat, aytilganidek bajarish, qoidalarga bo‘ysunish va hokazolardan iborat. Bu dahshat bo‘lmasdan nima?

«1984» nega kun tartibidan tushmayapti?

Yuqorida aytilganidek, Jorj Oruell bu asarini 1948 yilda yozgan. Agar bugun yozgan bo‘lsa ham shaxsan men hayron qolmasdim. Ishoning, yuz yildan keyin bolalarimiz, nabira-yu, evara-chavaralarimiz – balki u paytlar insonlar fazo kemalariga minib, Marsga, Yupiterga ketayotgan bo‘lishlari ham mumkin, ammo hech narsa o‘zgarmaydi – mundoq atroflariga boqib, ko‘radilarki, hayot xuddi «1984» romanidagi kabi. Chunki insonning shaxs bo‘lish, shaxs bo‘lib shakllanish, kuch va iqtidor sohiblarining esa shaxsni ezish, uni bo‘ysundirishga intilish jangi hech qachon to‘xtamaydi.

Nima uchun bu asar dunyo kun tartibidan hech tushmayapti? Nega u shoh asar hisoblanadi? Nega u hali ham ohorini yo‘qotmayapti? Chunki «1984» inson va jamiyatning eng nozik nuqtasiga borib tegadi. Bir tomonda shaxs, bir tomonda davlat. Bir tomonda ozod va hur insonlar, bir tomonda esa robotlashtirilgan, ulkan mashinaning kichik bir murvatiga aylantirilgan, ruhsiz, tafakkursiz, estetik diddan mahrum, tussiz va hissiz, bir so‘z bilan aytganda, hech qanday qadr-qiymat va mohiyatga ega bo‘lmagan insonni yaratish kurashi.

Xotima o‘rnida...

Men «1984»ning Karim Bahriyev tarjimasidagi o‘zbekcha nashrini, Sharif O‘zuoydin tarjimasidagi turkcha nashrini ham o‘qidim. Xudo umr bersa, yana va yana o‘qimoqchiman. O‘qimagan bo‘lsangiz, Siz ham albatta, o‘qing. O‘qish bilangina cheklanib qolmang – yaxshi ko‘rgan insonlaringizga ilining, ulashing; ularga ham o‘qiting. Bu kitob Sizga juda ko‘p narsa beradi – dunyoqarashingiz ufqini kengaytiradi, Sizga yangi perspektiv taqdim etadi.

Kitob o‘qing, kitobda qoling, keyingi kitobda ko‘rishguncha!

Loyiha muallifi:
Otabek Tillayev.

Tasvirchi va montajchilar:
Adhamjon Abdurahmon,
Sanjarbek Rahimov.

Ko‘proq yangiliklar: