O‘tgan bir yil davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga inflatsiya qay darajada ta'sir ko‘rsatdi? Kun.uz Statistika qo‘mitasi taqdim qilgan ma'lumotlar asosida narxlar o‘zgarishini tahlil qilib chiqdi.
Suyakli mol go‘shti
Ma'lum bo‘lishicha, suyakli mol go‘shti 2020 yilning oktabr oyiga nisbatan 14,9 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 12,2 foizga, joriy yilning sentabr oyiga nisbatan esa 1,7 foizga qimmatlashgan.
2021 yil 27 oktabr holatiga ko‘ra, suyakli mol go‘shtining 1 kilogrammi narxi respublikaning markaziy bozorlarida 45 000 – 68 000 so‘m oralig‘ida ekani qayd qilingan.
Qo‘y go‘shti
2020 yilning oktabr oyiga nisbatan 12,8 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 9,7 foizga, joriy yilning sentabr oyida esa 1,4 foizga qimmatlashgan. Statqo‘m ma'lumotlari bo‘yicha, bozorlarda qo‘y go‘shti 52 000 – 80 000 so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Kungaboqar va paxta yog‘i
2020 yilning oktabr oyiga nisbatan kungaboqar yog‘i 39,3 foizga, paxta yog‘i narxi esa 37,5 foizga oshgan. Dekabr oyiga nisbatan esa kungaboqar yog‘i 31,3 foizga, paxta yog‘i 29,1 foizga qimmatlashgan.
Shakar
Shakar narxi o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan olinganda 23,9 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 18,6 foizga, joriy yilning sentabr oyiga nisbatan esa 2,2 foizga qimmatlashdi.
Joriy yilning 27 oktabr holatiga ko‘ra, respublikaning markaziy bozorlarida 1 kg shakar 7 500 – 9 500 so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Guruch va bug‘doy uni
Yillik nisbatda guruch narxi 1 foizga arzonlashgan, bug‘doy uni esa 5,6 foizga oshgan. Dekabr oyidan beri esa guruch narxi 1,5 foizga pasaygan, bug‘doy uni 3,8 foizga qimmatlashgan.
Tuxum va sut
O‘tgan yilning oktabr oyidan beri tuxum 1,2 foizga arzonlashgan, sut narxi esa 13,7 foizga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkichni 2020 yilning dekabr oyi bilan solishtirsak, tuxum narxi 3,5 foizga pasaygan, sut narxi esa 8,1 foizga oshganini ko‘rishimiz mumkin. Ammo joriy yilning sentabr oyining o‘zida tuxum narxi birdaniga 11,2 foizga oshgan.
Ma'lumot uchun, joriy yilning oktabr oyidagi ko‘rsatkichga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari sektoridagi inflatsiya darajasi 14 foizni tashkil qilmoqda.
Umumiy iste'mol sektoridagi inflatsiya darajasi esa rasman 10,6 foiz. 2021 yil yakunida yillik inflatsiya darajasi bir xonali raqamga tushishi prognoz qilingan.
Avvalroq, Markaziy bank boshqaruvining 21 oktyabrdagi yig‘ilishida oziq-ovqat va yonilg‘i narxlarining oshishi inflatsiya pasayishiga to‘sqinlik qilgani ma'lum qilingandi.