Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sodir bo‘lgan YTHda qoidalarni buzib harakatlangan haydovchi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 20 oktyabr kuni soat 21:00larda M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Sherobod tumani Mehnatobod mahallasi hududidan o‘tgan 1311-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
1994 yilda tug‘ilgan haydovchi o‘z boshqaruvida bo‘lgan Nexia mashinasi bilan Toshkent-Termiz yo‘nalishida harakatlanib kelib boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l o‘rtasiga o‘rnatilgan beton to‘siqqa urilgan. Oqibatda haydovchi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Bundan tashqari, Nexia mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, haydovchi qorong‘i paytda qoidalarni buzgan holda belgilangan me'yordan yuqori tezlikda harakatlangan. Natijada boshqaruvni yo‘qotgan va beton to‘siqqa urilgan.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyda yo‘lni ta'mirlash ishlari olib borilayotgani va bu haqda hech qanday ogohlantiruvchi belgilari o‘rnatilmagani ma'lum bo‘lgan.