«Har bir xodimni qonundan bir qadam ham og‘ishmaydigan qilib tarbiyalamoqchimiz» – IIV akademiyasi boshlig‘i bilan suhbat

O‘zbekiston 18:37 / 25.10.2021 13850

– Rustam Abdug‘aniyevich, ichki ishlar vazirining kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan davringizda «tizimni nopok xodimlardan tozalash zamon talabi», «kadrlarni to‘g‘ri tanlashimiz kerak», deb aytgansiz va o‘sha paytlarda butun respublika bo‘ylab ichki ishlar tizimida «katta tozalash» amalga oshirilgandi. Kadrlar tizimidagi o‘zgarishlar qanday natija berdi?

– O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil topganining 30 yillik bayrami arafasida turibmiz. Qisqacha aytib o‘tganda, 30 yil mobaynida mustaqilligimizning dastlabki yillarida ichki ishlar organlari juda og‘ir davrlarni boshdan kechirgan. Sababi – o‘sha paytlarda jinoyatchilik, ayniqsa, uyushgan jinoyatchilik turlari avj olgan bo‘lib, respublika bo‘yicha kuniga yuzlab, hatto minglab jinoyatlar sodir etilganining guvohi bo‘lganmiz.

Mana shu vaqtlarda ichki ishlar organlari xodimlari sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘yib, jinoyatchilikka qarshi ayovsiz kurash olib borishgan. Ya'ni mamlakatimizda bugun hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik ta'minlanishi yo‘lida juda katta mehnat qilishgan.

Amaldagi davlat rahbari prezident sifatida faoliyat boshlagan paytda qabul qilingan ilk qonunlardan biri bu – «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun bo‘lgan. Bu bekorga emas. Ichki ishlar organlaridagi islohotlar haqiqatda o‘sha paytdagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan. Sababi so‘nggi 5 yildan avvalgi davrda ichki ishlar organlari jazolovchi idora bo‘lgan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq mutlaqo yangicha ichki ishlar organlarini shakllantirish, ya'ni qonun ustuvorligini ta'minlaydigan, har qanday holatda xalq manfaatiga xizmat qiladigan, ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun, sohaga doir prezident farmon va qarorlarida tizimni tubdan takomillashtirish, uni xalqqa yaqin qilish, xalq bilan bevosita muloqotga kirib, uning dard-u tashvishi bilan yashaydigan tuzilmaga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borildi.

Men 2018 yilda vazir o‘rinbosarligiga kelgan bo‘lsam, prezidentimiz topshiriqlariga ko‘ra vazirimiz rahbarligida butun respublika bo‘yicha har bir hududga borib, eng chekka-chekkada faoliyat yuritayotgan ichki ishlar xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazilgan, yig‘ilishlar qilingan. Bu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – har bir xodimga davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan islohotlarning tub maqsad-muddaosini yetkazish, bugungi kunda mutlaqo eskichasiga ishlab bo‘lmasligini tushuntirishdan iborat bo‘lgan.

Mana shu tadbirlar doirasida hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlaridan ko‘pchiligi lavozimga noloyiq deb topilib, ishdan olingan. Kadrlar bo‘yicha «tozalash ishlari» juda keng qamrovda amalga oshirildi. Bugungi kunda kadrlar tizimidagi o‘zgarishlar o‘zining samarasini bera boshladi, buni so‘nggi besh yilda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan salbiy xatti-harakatlar yildan yilga kamayib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

– Akademiya rahbarligiga tayinlangan vaqtingizda ichki ishlar tizimida kadrlar tayyorlash ahvoli qay darajada edi? Siz bu lavozimga kelganingizdan keyin tizimda nimalar o‘zgardi?

– Joriy yilning fevral oyida davlat rahbari IIV akademiyasi boshlig‘i etib tayinlaganlarida zimmamizga aniq vazifalarni yukladi. Ulardan eng asosiysi – bugungi kunda ichki ishlar xodimlarini tayyorlovchi yagona oliy ta'lim muassasasi hisoblangan akademiyamiz faoliyatidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, xususan, kursantlarimizning professional darajasi, xizmatga moslashuvi, nazariya va amaliyotning uyg‘unligini ta'minlash, kursantlarni ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Bugungi kunda akademiyamizda ta'lim jarayoni mutlaqo yangicha shaklda, jahon standartlariga mos ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ta'lim sifatining yaxshilanishi, yetuk va professional kadrlar tayyorlanishiga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, IIV akademiyasida fevraldan buyon qator o‘zgarishlar joriy etildi. Jumladan, 2021 yil 15 apreldagi «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida ham birinchi navbatda kadrlarni professional darajada tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta'minlash, jahon standartlariga ko‘ra oliy ta'lim tizimini ikki bosqichda (bakalavriat va magistratura) tashkil etish aniq belgilab berildi.

Qisqa davr ichida bir qator yangiliklarni joriy etdik. Jumladan, akademiyamizda o‘quv-tezkor guruhi tashkil etildi. Maxsus jihozlangan avtobusda professor-o‘qituvchilarimiz hamda kursantlarimizdan iborat maxsus guruh tun-u kun navbatchilikda turishadi, Toshkent shahrining qaysidir nuqtasida jinoyat sodir etilgani bo‘yicha chaqiruv ichki ishlar organlari bilan bir qatorda akademiyamizga ham kelib tushadi va maxsus guruh voqea joyiga yetib borib, tezkor xodimlar bilan birgalikda voqea joyini ko‘zdan kechirishadi, hujjatlarni qanday rasmiylashtirishni o‘rganishadi. Shu orqali kursantlarimizda voqea ishtirokchilaridan ko‘rsatmalar olish, voqeani ko‘zdan kechirish bayonnomalarini tuzish, shunga o‘xshagan ko‘plab tergovoldi xatti-harakatlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari shakllanib bormoqda.

Bundan tashqari, kunlik bazaviy amaliyotni yo‘lga qo‘yganmiz. Akademiyamizda yettita yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlanadi. Bular: jinoyat-qidiruv, tergov, ekspert-kriminalistika, jazoni ijro etish, tashkiliy shtab faoliyati, psixologlar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qiyotgan kursantlarning har biri kunduzgi ta'limdan so‘ng amaliyotdagi sohaviy xizmatlarga chiqib, u yerdagi xodimlar bilan birgalikda ish o‘rganmoqda. Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi ichki ishlar organlari akademiyamizga biriktirilgan bo‘lib, bu bilan kursantlarimizning o‘qishdan keyingi davrda amaliyot o‘tashlariga sharoit yaratildi.

Kursantlar nazariy mashg‘ulotlarda olayotgan bilimlarini amaliyotda o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlari orqali mustahkamlab borishmoqda. Bu esa ularning akademiyani bitirib qaysidir xizmatga ishga borganda, amaliyotga moslashib ketishlariga katta yordam bermoqda.

– Menimcha, hech bir harbiylashtirilgan ta'lim muassasasida kursantlarga aholiga nisbatan kuch ishlatishga, fuqarolarning huquqlarini poymol qilishga o‘rgatilmaydi. Aksincha, shu xalq va yurtning, osoyishtalikning himoyachisi ekani, egnidagi harbiy forma vakolat yoki imtiyoz emas, balki katta mas'uliyat ekani o‘rgatilsa kerak. Jumladan, IIV akademiyasida ham. Nima deb o‘ylaysiz, mana shunday vaziyatda tergov-surishtiruv jarayonlarida kuch ishlatadigan, qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yish uchun qiynoq qo‘llaydigan, aholi bilan muloqotda vakolatidan chetga chiqadigan xodimlar qayerdan paydo bo‘ladi?

– IIV rahbariyati, qolaversa, barcha bo‘g‘indagi ichki ishlar organlarining rahbarlari inson qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlarni keskin qoralaydi. Bu masala qonunlarimizda, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlarida belgilab qo‘yilgan.

Chiroqchida, Andijonda kuzatilgan voqealar ichki ishlar tizimi rahbariyatini, butun shaxsiy tarkibni tashvishga soldi. Chunki xodimlarimizning aksariyati vatani, xalqi uchun jonini berishga tayyor, kasbiga sodiq insonlardir. Lekin ichimizda salbiy tavsiflanuvchi xodimlar yo‘q deb hozircha aytib bo‘lmaydi. Mana shu voqealar ham ichki ishlar organlaridagi kadrlar tayyorlash tizimida ma'lum bir kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Ayni paytda ushbu muammolarning yechimi bo‘yicha juda katta ishlar qilyapmiz.

– Bunday salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘quv dasturlariga qandaydir o‘zgartirishlar kiritilyaptimi? Xodimlarning psixologik tayyorgarligi bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilganmi?

– Ro‘y bergan voqealardan so‘ng qonun hujjatlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi, yangi qarorlar qabul qilindi. Xususan, ichki ishlar organiga olib kelingan har bir fuqaro videokuzatuv o‘rnatilgan xonalardagina so‘roq qilinishi belgilandi. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, sudga taqdim etilgan materiallarda ayrim protsessual harakatlar videotasvirga olinmagan bo‘lsa, daliliy ashyo sifatida qabul qilinmaydi, «delo» suddan qaytadi.

Ichki ishlar organlarining har bir idorasida – vazirlikdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha kameralashtirilgan xonalar mavjud. Agar xodimlarimizdan kimda kim videokuzatuv o‘rnatilmagan xonada fuqaroni tergov yoki so‘roq qilsa, ularga nisbatan keskin choralar, ichki ishlar organlari tizimidan chetlatishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi belgilangan.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha akademiyamizda ham katta dasturlar ishlab chiqildi. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatida inson huquqlarini ta'minlash bo‘yicha fanlar o‘qitilmoqda va bu fanlarda asosiy e'tibor amaliyotga yo‘naltirilgan. Ma'lumki, 1984 yilda BMT tomonidan qabul qilingan Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyani 1995 yilda O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan. Mana shunga ko‘ra kursantlarimizga umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish singdirib borilmoqda, BMT tomonidan qabul qilingan inson huquqlari himoyasiga doir xalqaro hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan normalar yetkazib berilmoqda.

Bu orqali har bir kursantning ongiga, qalbiga inson qadr-qimmati va huquqlariga qarshi harakatlarni sodir etish qanday oqibatlarga olib kelishi yetkazib borilmoqda. Yuqorida aytib o‘tilgan Chiroqchi va Andijonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha har bir kursantga ushbu voqealarning ishtirokchilari uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgani, inson huquqlarini ta'minlashdan bir qadam og‘ishadigan bo‘lishsa, ularni nima kutayotganini anglatib bormoqdamiz.

– Ya'ni jinoyatni fosh etish muhim, lekin inson huquqlariga amal qilish bundan ham muhimligi singdirilyapti, to‘g‘rimi?

– Shunday. Ro‘y bergan voqealardan so‘ng akademiyada bu kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlar kuchaytirildi. Har bir xodimni qonundan bir qadam ham og‘ishmaydigan qilib tarbiyalamoqchimiz.

– Sohada ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislardan birisiz. So‘zlaringizdan ayon bo‘lyaptiki, IIV kadrlar tayyorlash tizimida islohotlar izchil ketmoqda. Kursant, xodimlar qancha o‘qitilmasin, unga qachon yaxshi bo‘l deb aytilmasin, baribir uning qonun bilan belgilangan vakolatlari doirasidan chetga chiqishi inson omiliga borib taqaladi. Shu jihatdan olib qaraganda aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlarning barchasini bodi-kameralar ta'minlash kerakdir. Masalan, yaqinda Rossiyadagi tergov hibsxonalari va qamoqxonalarda qiynoq qo‘llangani aks etgan, internetda tarqalgan videolar ham aynan bodi-kameralar tomonidan yozib olingan. Bizda ham bu tartib joriy etilsa, xodimlar ham o‘zlarini tiyib yurgan bo‘larmidi? Yoki buni ortiqcha xarajat deb hisoblaysizmi?

– Gap xarajatda emas. Ichki ishlar organlarida xalq bilan bevosita ishlaydigan sohaviy tuzilmalar bor. Juda to‘g‘ri taklifni aytdingiz, lekin bu masalaning ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tishim kerak. Masalan, tezkor xizmatlarimiz bor, tergov xizmatlarimiz bor. Ular kundalik faoliyatida davlat sirlariga, tezkor xizmat sirlariga amal qilishlari lozim.

Bunday xodimlarimiz turli manbalar bilan, turli shaxslar bilan ishlaydi, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri oshkor qilish maxfiylik tartibotiga zid. Buning uchun kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka ham tortilishlari mumkin. Shuning uchun ularning xizmat faoliyatini to‘liq ko‘rsatadigan bo‘lsak, xizmat sirlarini oshkor qilib qo‘yamiz va bu ham jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan jazoga olib kelishi mumkin.

Lekin shu bilan birga bizda tashqi xizmatlar bor, masalan, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, post-patrul xizmati. Ushbu xizmatlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning hammasi bodi-kameralar bilan ta'minlangan.

Undan tashqari, migratsiya xizmatlarimiz bor. So‘nggi besh yildagi o‘zgarishlardan yana biri joylardagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida xonalar xodim va fuqaro o‘rtasidagi muloqot shaffofligini ta'minlaydigan qilib jihozlanmoqda. Ilgaridagidek fuqarolar xodimlar tomonidan alohida-alohida xonalarda qabul qilinmayapti. Bu orqali yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan korrupsion harakatlarning oldi olinmoqda.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: