Ramiz Usmonov Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori etib tayinlandi

O‘zbekiston 11:34 / 22.10.2021 9768

Ma'lum qilinishicha, Davlat akademik katta teatrining sobiq direktori Mahmud Murodov o‘z vakolatlarini teatrning yangi rahbariga topshirgan.

Mahmud Murodov qisqa vaqt ichida juda ko‘p ishlarni amalga oshirgani qayd etilgan.

«O‘tgan yillar mobaynida teatr repertuari yangi, qiziqarli spektakllar bilan to‘ldirildi, chet ellik sahnalashtiruvchilar taklif qilindi, xalqaro loyihalar amalga oshirildi, yangi uzoq muddatli hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi, yosh kadrlar qo‘llab-quvvatlandi. Teatr rahbari buning uchun tinimsiz harakat qildi», deyiladi xabarda. 

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori lavozimiga O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov tayinlangani aytilgan.

Ramiz Usmonov 1981 yil Jizzax viloyati, Arnasoy tumanida tug‘ilgan. Yunus Rajabiy nomli musiqa bilim yurtini rubob ixtisosligi bo‘yicha, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasini «akademik vokal» ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. 2000 yilda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri stajyorlik guruhiga qabul qilingan, 2005 yildan hozirgi kunga qadar DAKT opera truppasi solisti sifatida ishlab kelgan. 2010 yilda yuqori darajadagi yutuqlari uchun Ramiz Usmonovga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni, 2015 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni berilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining tarixi 1929 yil, Muhiddin Qori Yoqubov boshchiligidagi konsert-etnografik ansambli ixlosmandlari tomonidan professional teatr tashkillashtirilgan sanadan boshlanadi. 1939 yilda mazkur teatr O‘zbek davlat opera va balet teatri deb qayta nomlanadi, 1948 yilning mart oyida esa rus teatri bilan birlashib, Alisher Navoiy nomidagi Davlat opera va balet teatri nomini oladi. 1959 yili teatrga akademik, 1966 yilda esa katta teatr maqomi berildi. 

Teatr binosi XX asr o‘rtalari me'moriy obidasi hisoblanadi. Loyiha muallifi - akademik Aleksey Shusev. Bino qurilishi 1939 yilda boshlangan, ammo 1942 yilda urush davri qiyinchiliklari tufayli to‘xtatib qo‘yilgan. 1944 yilga kelib esa qurilish ishlari qayta tiklangan. 1945 yilning noyabrida Kvantun armiyasining yapon asirlari Toshkentga jo‘natilgan va ular bino qurilishini tamomlagan.

Ko‘proq yangiliklar: