Tog‘li va olis hududlar uchun tibbiy vertolyot faoliyati yo‘lga qo‘yiladi - Prezident

O‘zbekiston 13:36 / 21.10.2021 6950

“Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Baxmal, G‘allaorol va Do‘stlik tuman shifoxonalari ayanchli holatda, 20 dan ziyod poliklinikaning uskunalari 30 yildan beri ishlatib kelinadi. Jizzax shahridagi 5 ta oilaviy poliklinikadan 2 tasi ijarada, 3 tasi 30 yil avval ta'mirlangan. 

Shu bois, viloyatda tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, ularni yangi bosqichga olib chiqib, odamlarni rozi qilish uchun: barcha oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalar to‘la ta'mirlanib, to‘liq jihozlanadi; qo‘shimcha 23 ta oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari ochiladi; Jizzax shahrida 320 o‘ringa ega ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonasi barpo etiladi; eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan Bolalar diagnostika markazi ochiladi; G‘allaorol, Paxtakor va Zomin tumanlarida “perinatal markazlar” tashkil etiladi; Do‘stlik, G‘allaorol va Zomin tumanlarida jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, tez tibbiy yordam uchun 100 dan ziyod “Damas”lar Jizzaxda ishlab chiqarilayotgan “Folksvagen” mashinalariga almashtiriladi. Tog‘li va olis hududlar uchun tibbiy vertolyot faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi besh yilda budjetdan 2,1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Yana bir muhim masala – aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatiga shifokorlarning yetishmasligi ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Viloyatda 1,5 mingga yaqin vrachlarga ehtiyoj mavjud. Shu maqsadda, tibbiyot oliygohlarida o‘qiyotgan 1 ming 200 nafar jizzaxlik talabalarni o‘z hududlarida ishga jalb etish uchun qulay sharoit yaratiladi. Ular bilan shartnoma tuzilib, ta'lim kontrakt pullari hokimliklar tomonidan to‘lab beriladi. Bundan tashqari, “Qishloq shifokori dasturi” kengaytirilib, yana qo‘shimcha 6 ta olis qishloqqa ishlashga boradigan yosh shifokorlarga ham 30 million so‘mdan beriladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: