Shavkat Mirziyoyev Jizzaxning ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga qaratilgan ishlar borishi bilan tanishdi

O‘zbekiston 22:23 / 21.10.2021 6309

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 4 maydagi qaroriga muvofiq, bu yerda Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga ichimlik suvi tizimini yaxshilash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qiymati qariyb 580 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida suv olish va tozalash inshootlari, «Jizzax» suvni taqsimlash uzeli, 183 kilometr magistral tarmoqlar qurilishi belgilangan.

Mutasaddilar loyiha doirasida bajarilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Bugungi kunda Bulung‘ur tumanida, Zarafshon daryosi yonida 100 ming kub metr sig‘imli «Uzunbuloq» suv tozalash inshooti, nasos stansiyasi, laboratoriya, filtrlash stansiyasi va yordamchi binolar qurib bitkazilgan. Uzunbuloq—Gagarin magistral tarmog‘ining Jizzax shahrigacha bo‘lgan 77 kilometri yotqizilgan. «Jizzax» suv taqsimlash inshooti, 5 ming kub metr sig‘imli ikkita suv havzasi qurilgan. Endi ushbu inshootlardan Gagarin shahrigacha 90 kilometr suv tarmog‘i tortiladi.

Ushbu tarixiy loyiha natijasida Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlari hamda Jizzax shahridagi 163 ta mahallada yashovchi 700 ming aholiga toza ichimlik suvi yetib boradi.

Tadbirda jizzaxlik nuroniylar, mahalla faollari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

«Jizzax viloyatida ichimlik suvi bo‘yicha vaziyat og‘ir edi. Bu suvni jizzaxliklar 30 yildan ortiq kutdi. Men hokim bo‘lgan paytlarda qancha harakat qilganmiz. Lekin loyiha ham, pul ham yo‘q edi. Mana, orzularimiz ushalyapti. Endi bu tizimning har bir inshootiga, har bir tumandan o‘tgan qismiga malakali mutaxassislarni biriktirib, sifatli ishlatish kerak. Yoshlarni axborot texnologiyalari asosida ishlaydigan bu tizim bo‘yicha o‘qitish ham zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihani 2022 yilning birinchi yarmida yakunlash rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: