Ronaldu qutqardi, «Barsa»da ilk g‘alaba, «Chelsi» Lukaku va Vernerni yo‘qotdi. YeChL o‘yinlari

Sport 12:44 / 21.10.2021 23563

Manchestercha kambek

F guruhi
«Manchester Yunayted» — «Atalanta» — 3:2
(Reshford, 53. Maguayr, 75. Krishtianu Ronaldu, 81 — Pashalich, 15. Merix Demiral, 30)

Bergamoliklarning Angliyaga safari ko‘ngilsizlik bilan boshlandi, o‘yindan oldingi kechada jamoa futbolchilari tunagan mehmonxonada bir necha bor signalizatsiya ishlab ketdi. Agar bu Jan Pero Gasperini jamoasini hushyor torttira olmagan bo‘lsa, Reshford o‘yin boshida yuz foiz imkoniyatga ega bo‘lgani mehmon futbolchilarni aniq sergaklantirgan. Faqat angliyalik futbolchi xato zarba berdi, Pashalich esa Dzappakostaning uzatmasini golga aylantirdi.

Krishtianu Ronalduning «MYu» futbolkasidagi 300-o‘yini Ole Gunnar Sulsherning rejalaridagidek boshlanmadi. O‘yinning birinchi yarim soati o‘tganda «Old Trafford» suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi - Kopmayners burchak zarbasini ijro etganida Merix Demiral bosh bilan britancha gol urdi. Markaziy himoyadagi qo‘pol xatolar davom etadi, «qizil iblislar» qatorasiga 12-uy uchrashuvida gol o‘tkazib yubormoqda. 

Birinchi bo‘lim davomida jamoaning hujumdagi ishlari yurishmadi, Fred deyarli ideal pozitsiyada turib xato zarba berdi. Ikkinchi bo‘limda maydonga boshqa «MYu» chiqib keldi, dastlab Ronaldu golli vaziyatga ega bo‘ldi, ko‘p o‘tmay «Atalanta» darvozasini Reshford zabt etishga erishdi, unda Brunu Fernandeshning a'lo darajadagi uzatmasini yo‘qqa chiqarish huquqi yo‘q edi. 

Sulsherning Manchesterdagi ilk o‘yinida gol urgan forvard norvegiyalik murabbiyni ham, o‘z jamoasini ham jarlik yoqasidan olib ketdi. Norvegiyalik mutaxassis maydonga Pogba va Kavanini tushirdi, Ronalduni markaziy hujumchi majburiyatlaridan xalos etdi. Kavani bo‘sh hududlar ochish va jamoa uchun ishlashda doimgidek beqiyos bo‘ldi. Uning borligi mehmonlar himoyasini chalg‘itib tashladi.

Hisobni qisqartiruvchi goldan keyin ham mehmonlarda vaziyatlar bo‘ldi, to‘p Maktominay orqali rikoshet bo‘lib darvoza ustuniga bordi, De Xea bir hujum davomida Sapata va Malinovskiy bergan zarbalarni qaytardi, ikkinchi bo‘limda hujumda tartibsiz harakatlar qilgan bergamoliklarning kuchi tugadi.

75-daqiqada mehmonlar darvozaboni Mussoda to‘pni bo‘sh burchak tomon yo‘llagan Maguayrga qarshilik ko‘rsatishga imkon yo‘q edi, Ronalduning o‘ziga xos tarzda «ikkinchi qavatdan» hujumi esa — alohida san'at asari edi.

YeChLda hech kim «Oltin to‘p»ning besh karra sohibi kabi bosh bilan ko‘p gol urmagan (25 gol). Bu gol Ronalduning YeChLda 38-raqib jamoaga urgan goli bo‘ldi - va bu rekord natijadir.

Birinchi bo‘limda ko‘pchilik tomonidan hisobdan chiqarilgan va Yevropa Ligasiga ravona bo‘lishi aytilgan «MYu» qoyilmaqom shou uyushtirdi va muxlislar uchun kutilgan bayramni taqdim etdi. Portugaliyalik futbolchi turnirning har bir o‘yinida gol urib kelmoqda. Manchesterliklar guruh jadvalida peshqadam bo‘lib olishdi, Sulsherning iste'fosi kechiktirildi.

«Yang Boyz» — «Vilyarreal» — 1:4 (Elia, 77 — Pino, 6. J.Moreno, 16. A.Moreno, 88. Chukvueze, 90+2)

Unai Emeri jamoasi safarda ishonchli g‘alabaga erishdi. «Sariq submarinalar» tezkor gol bilan hisobni ochishdi, shu kuni 19 yoshini nishonlagan Pino gol muallifi bo‘ldi, keyin jamoa to‘purari Jyerar Moreno ustunlikni mustahkamladi, keyin shveysariyaliklarning zarbalari yo‘lida Ruli metin qoya kabi turib berdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tilganida Elia bu devordan bir bor o‘ta olgan bo‘lsa-da, ispanlar o‘yin yakunigacha yana ikki bor javob berishdi va ochkolar soni bo‘yicha «Atalanta» bilan tenglashib olishdi.

2 noyabr. Vilyarreal — Yang Boyz, Atalanta — Manchester Yunayted.

Nagelsmann uchun darmon

Ye guruhi
«Benfika» — «Bavariya» — 0:4
(Sane, 70, 84. Everton, 80, avtogol. Levandovski, 82)

O‘tgan turda lissabonliklar «Barselona»ni ayamagandi (3:0), endi esa o‘yinning uchdan ikki qismida Yulian Nagelsmann betob bo‘lib qolgani tufayli bosh murabbiysiz o‘ynagan «Bavariya»ga qarshi turib berishdi. O‘yinda burilish nuqtasi Noyyer mahoratini ishga solib, Nunesning xavfli zarbasini qaytarganida ro‘y berdi. Myunxenliklar ustunlik qilgan va hatto darvoza to‘rini ishg‘ol qilgan bo‘lsa-da, Levandovski Komanning uzatmasini to‘xtatishda qo‘lini ishlatgani tufayli gol bekor qilindi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Myullerning goli hisobga olinmadi, VAR hujumning boshlanish vaqtidagi ofsaydni qayd etdi. «Bavariya» endi hech qanday e'tirozga o‘rin qoldirmaydigan tarzda gol urishi talab etilardi va bu vazifani jarima zarbasini a'lo darajada ijro etgan Sane uddaladi. Shu golning o‘zi «Benfika» futbolchilarini tushkunlikka tushirib qo‘yish uchun yetarli bo‘lib chiqdi. «Burgutlar» qarshilik qilishni to‘xtatishdi, o‘yin qahramoni tom ma'noda Sane bo‘ldi, u dubl rasmiylashtirdi va bir marta bo‘sh darvoza chizig‘i oldida turgan Levandovskiga pas berdi.

«Bavariya» uch o‘yinda uch g‘alabaga erishdi, to‘plar nisbati 12:0. Jamoa Bundesligada bo‘lgani kabi YeChLdagi guruhida ham qolganlar uchun kosmos bo‘lib qolmoqda.

«Barselona» — «Dinamo» K — 1:0 (Pike, 36).

Ikki jamoa uchun ham bu o‘yin ahamiyati yuqori edi, o‘yindagi mag‘lubiyat amalda mag‘lub jamoani bahorgi yevrokubok o‘yinlarida ishtirokni davom ettirish imkoniyatidan mahrum etardi, g‘alaba esa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi uchun kurashda qolish degani edi.

Lekin o‘yin u qadar katta qiziqish uyg‘otmadi, Kataloniyada «Kamp Nou»dagi o‘rindiqlar yuz foizga to‘ldirilishiga ruxsat berilishi ham yordam bermadi. Chipta narxlari uchun jiddiy skidkalar qilinganiga qaramay, o‘yinga 45 968 tomoshabin tushdi. Bu jamoaning Chempionlar ligasidagi so‘nggi 10 yillikdagi uy uchrashuvlarida qayd etilgan eng yomon natija — bundan kamroq tomoshabin tushishi 2011 yilda BATE bilan o‘yinda kuzatilgandi.

Kuman ichki chempionatda yana yorqin o‘yin ko‘rsata boshlagan Ansu Fatini zaxirada qoldirishga qaror qildi — o‘yindan keyin ushbu vinger bilan shartnoma 2027 yilga qadar uzaytirilgani, uning tovon puli sifatida bir milliard yevro narx belgilangani ma'lum bo‘ldi. 18 yoshli forvardni uzoq vaqt davom etgan davolanish jarayonidan keyin ehtiyot qilishmoqda, yakshanba kungi o‘yinda u uzoq tanaffusdan keyin boshlang‘ich tarkibga qaytgandi, oldindagi yakshanba kuni esa — «Real»ga qarshi klasiko bahsida o‘ynashi kerak.

Kiyevliklarga qarshi o‘yinda hujum markazidan Lyuk de Yong o‘rin egalladi. U ilk daqiqalardanoq «Barsa»ning asosiy quroli bo‘ldi, unga doimiy ravishda qanotlardan to‘p uzatishdi, ammo niderlandiyalik futbolchi ikkita ajoyib imkoniyatni ko‘kka sovurdi. Majburiy ravishda qanot hujumchisiga aylantirilgan amerikalik Dest ham Bushchan darvozasini ishg‘ol etolmadi. Ammo bo‘lim oxirlarida nihoyat «Barsa» turnirning joriy mavsumidagi ilk aniq zarbasi ortidan ilk golini ham urdi.

Ko‘p marta bo‘lganidek bu safar ham mas'uliyatli pallada Pike o‘zini ko‘rsatdi va turnir tarixiga ham kirdi. 34 yoshu 260 kunligida Jyerar ko‘k-anorranglilarning YeChLda gol urgan «eng katta yoshli futbolchisi» bo‘ldi, u Silvinoni va hozirgi murabbiylaridan biri Henrik Larssonni ortda qoldirdi. Shuningdek, asosiy yevrokubokdagi gollari soni bo‘yicha Serxio Ramosdan o‘zib ketdi, turnir tarixidagi eng samarali himoyachilar reytingida rekordchi Roberto Karlos bilan tenglashdi.

Kuman ikkinchi bo‘limda minimal hisobdagi ustunlikni saqlab qolish uchun o‘ynamoqchi emasligini namoyish etdi. U jarohatlangan Arauxo va diskvalifikatsiyaga uchragan Erik Garsiyasiz zaiflashgan himoyani o‘ylamasdan, Fati va Filippe Koutinodan iborat juftlikni maydonga tashladi. Bu futbolchilar hujumni kuchaytirishdi, ammo bir qator vaziyatlarda yoki raqib darvozaboni yaxshi harakat qildi, yoki zarbalarda aniqlik yetishmadi.

Yakunda o‘yinda hisob o‘zgarmay qoldi va «Barsa» o‘tgan yil dekabridan buyon ilk marta YeChL o‘yinlarida g‘alabaga erishdi. Oldinda jamoani «Real»ga qarshi yana bir muhim o‘yin kutmoqda.

2 noyabr. Dinamo K — Barselona, Bavariya — Benfika.

Tuxel hujumchilarsiz qoldi

N guruhi
«Chelsi» — «Malmyo» — 4:0
(Kristensen, 9. Jorjino, 21, penalti, 57, penalti. Havers, 48)

«Stemford Brij»da barchasi kutilganidek boshlandi. Jumladan, Verner ilk daqiqada darvozaga bir necha metr masofadan turib xato zarba yo‘llagani ham. Lekin ko‘p o‘tmay germaniyalik hujumchi o‘rniga daniyalik himoyachi Kristensen raqib jarima maydonidagi tartibsizliklardan foydalanib darvozani ishg‘ol etdi. Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, ushbu futbolchi «Chelsi» safidagi 137-o‘yiniga kelib debyut golini nishonladi.

Londonliklar bu o‘yinda yirik g‘alabaga erishdi, ammo yaqin vaqtlar ichida Tomas Tuxel yangi iste'dodlarni kashf etmasa bo‘lmaydi, jamoaning asosiy hujumchisi Lukaku jarohat olib safdan chiqdi. Belgiyalik futbolchi bu vaziyatda ishlab olgan penalti jarohatni oqlamaydi - inglizlar shusiz ham katta ustunlikka ega edi va o‘yinda uch ochko kafolatlangandi. Murabbiy sog‘ligidagi muammolar tufayli Belgiya termasi bazasini erta tark etgan Lukakuni YeChLning shiddatli o‘yiniga tashlab xato qildi.

Jamoa tanaffusga qadar yana bir hujumchi Vernerdan ayrildi. Bu yo‘qotishlar oqibati qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi, tibbiy tekshiruv natijalari hozircha e'lon qilinmadi. Boshqa tomondan Tuxelning «Chelsi»si yaqqol hujumchisiz ham o‘ynay oladi. Ushbu mutaxassis London klubiga kelganidan buyon jamoaning eng ko‘p gol urgan futbolchilari yarimhimoyachilar bo‘lib turibdi — Maunt va ikkinchi bo‘lim boshida hisobni yiriklashtirgan Havers — ular bu davrda oltitadan golga mualliflik qilishgan.

«Zenit» — «Yuventus» — 0:1 (Kulushevski, 86).

Peterburgliklar italyanlarga o‘yin oxirida o‘tkazilgan gol tufayli mag‘lub bo‘lishdi. Jamoa guruhdagi uch uchrashuvdan ikkitasida mag‘lub bo‘ldi, ammo pley-off uchun kurash davom etadi.

2 noyabr. Yuventus — Zenit, Malmyo — Chelsi.

Kutilmagan yetakchi
G guruhi
«Zalsburg» — «Volfsburg» — 3:1
(Adeyyemi, 3. Okafor, 65, 77 — Nmecha, 15)
«Lill» — «Sevilya» — 0:0

Bu kvartetda yaqqol peshqadam ajralib chiqdi — «Zalsburg» ishonch bilan yetakchilik qilmoqda. «Ho‘kizlar»ning navbatdagi muvaffaqiyati shunisi bilan ajralib turadiki, Avstriya jamoasi 43 yil ichida ilk bor Germaniya jamoasini mag‘lub etdi. «Volfsburg»ga qarshi o‘yinda hisobni Germaniya termasining 19 yoshli hujumchisi Adeyyemi ochdi.

Guruh favoriti sifatida qaralgan «Sevilya» esa uch turda biror g‘alabaga erishmadi - avvalgi turlarda «Zalsburg» hamda «Volfsburg» bilan o‘yinlarda 1:1 hisobidagi durang natijalar qayd etgan ispanlar bu turda fransuzlar bilan o‘yinda bitta ham gol urolmadi.

 

2 noyabr. Volfsburg — Zalsburg, Sevilya — Lill.

Ko‘proq yangiliklar: