Prezident belgisi va bayrog‘i joriy etilmoqda – ular yangi saylangan davlat rahbariga inauguratsiya paytida topshiriladi

O‘zbekiston 14:10 / 21.10.2021 4728

“Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 3 ta moddadan iborat “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi”, deb xabar bermoqda parlament yuqori palatasi axborot xizmati.

Qonun bilan Prezidentning farqlovchi belgilari, ya'ni o‘z belgisi va shtandarti (bayrog‘i)ni joriy qilish taklif etilmoqda. Qonunda belgi va shtandart (bayrog‘i) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

Davlat rahbarining farqlovchi belgilarini joriy qilgan xorijiy davlatlarda davlat rahbarining belgisi va shtandarti yangi saylangan Prezidentga qasamyod qabul qilgandan keyin inauguratsiya paytida topshirilishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ushbu masalalar tartibga solinmagani bois, qonunchilikni tegishli mazmundagi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Qonunni ishlab chiqishda milliy qonun hujjatlari, yurist-olimlar fikrlari, xorijiy mamlakatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tajribasi o‘rganilgan.

Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq takomillashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farqlovchi belgilaridan foydalanish tartibini belgilashga ko‘maklashishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullangan.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilingan, hujjat tashabbuskori bo‘lgan Adliya vazirligi rahbari Ruslanbek Davletov ushbu tartib lavozimga saylangan shaxsni prezidentlik lavozimiga yuklatilgan murakkab vazifalarni samarali amalga oshirishiga xalq va jamiyat tomonidan bildirilgan ishonch belgisi sifatida xizmat qilishini ta'kidlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: