Marg‘ilondagi qadimiy Xo‘ja Porso jome masjidi nega buzib tashlandi?

O‘zbekiston 16:01 / 21.10.2021 16866

Avvalo ta'kidlash kerak, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda ayrimlar tarixiy yodgorlik buzib yuborilganini keskin qoralagan bo‘lsa, yana kimlardir masjid yaroqsiz holatga kelib qolgani, uning o‘rnida zamonaviy masjid qurilishi to‘g‘ri ekanini aytib fikr bildirdi.

Xo‘ja Porso masjidi /Foto: Elmira Tuxvatullina
Xo‘ja Porso masjidi /Foto: Elmira Tuxvatullina

Qadimiy masjid nega buzildi?

Marg‘ilon shahri “Xo‘ja Porso” MFY Baxtiyorlik ko‘chasi 100-uyda joylashgan Xo‘ja Porso nomli masjid 1868 yilda qurilgan.

Vaziyatni o‘rganish uchun borganimizda masjid allaqachon buzilib, uning o‘rnida yangi zamonaviy masjid qad rostlayotgan edi. Buzib tashlangan qadimiy masjiddan chiqqan yog‘och shiftlar bir tomonga taxlanib, yomg‘ir tushmasligi uchun ustiga sellofan o‘rab qo‘yilgan.

Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Qadimiy Xo‘ja Porso masjidining nima sababdan buzib tashlangani haqida mahalla ahlining fikrlari bilan qiziqdik. Shu mahallada yashovchi G‘ulomjon Madumarov masjid haqida bilganlarini so‘zlab berdi.

“Mustabid sovetlar davlati davrida islomga, dinimizga qarshi kurash olib borilgan edi. O‘zbekiston hududidagi minglab masjidlar qatori Marg‘ilon shahridagi masjidlar ham vayron qilindi, buzib tashlandi. Ayrim masjidlar ba'zi bir sabablarga ko‘ra saqlanib qolgan.

Saqlab qolinishga sabab shu bo‘lganki, masjidlarni omborxonaga aylantirishgan, kimlardir yashaydigan joy qilishgan. Qaysidir tashkilotlarni olib kelib qo‘yishgan.

G‘ulomjon Madumarov
Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Biz turgan joy qadimda Xoji Isaqboy masjidi deb nomlangan. Masjid bundan taxminan 150 yil avval qurilgan. Nima uchun masjid Xoji Isoqboy nomi bilan atalgani haqida tarixiy manba yo‘q.

Mana shu mahalla fuqarosiman. 74 yoshga kirdim. Masjidda 10-o‘rta maktabning filiali bo‘lgan. Bu yerda boshlang‘ich sinflar o‘qigan. Men bu masjid o‘rnidagi maktabda 1-sinfdan 3-sinfgacha tahsil olganman. Yong‘inga qarshi ko‘ngillilar jamiyati (DPO) ham shu yerda joylashgan edi.

Foto: Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Mustaqillikka erishganimizdan keyin masjid va madrasalar xalqqa qaytarib berildi. Xalq shundan keyin o‘zining qadimiy masjidlarini, madrasalarini, namozxonalarini qo‘lga kirita boshladi. Xuddi shu davrda Xoji Isaqboy masjidi ham yana xalqqa qaytarildi. Tashkilotlar bu yerdan chiqarib tashlandi.

Mazkur masjid bir necha yillar mobaynida xalqqa xizmat qildi. Bugunga kelib, devorlari xom g‘ishtdan qilingani va poydevori bo‘lmagani uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Avvalgi paytda masjid qurilishi uchun hech kim homiylik qilmagan, u paytlarda masjidga xayriya qilishga ruxsat bo‘lmagan.

Bu masjid tarixiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan. Ayvondagi peshtoqlar, ustunlar – bizning madaniy boyligimiz bo‘lgan. Hozirda tadbirkorlar bir bo‘lib xalq talabidan kelib chiqqan holda yangilashga kirishildi. Ko‘rib turganingizdek, masjid zamonaviy qilib qurilmoqda.

Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Ijtimoiy tarmoqlarda tushunmovchiliklar bo‘lyapti: tarixiy masjid yo‘q qilinayotgani, tarixiy yodgorliklarning qadriga yetilmayotgani haqida asossiz gap-so‘zlar yuribdi.

Asossiz gaplar tarqatayotganlarga aytardikki, ko‘ngillaring to‘q bo‘lsin, masjidning naqsh bilan ishlangan har bir yog‘ochini raqamlab, tarixiy yodgorliklarga mas'ul respublika idorasi boxabarligida viloyat idorasi kelib, ehtiyotlab olib qo‘yishdi. Mutaxassislar yordamida tarixiy yodgorlik bo‘lgan qismi shundayligicha qayta tiklanib qo‘yiladi.

Restavratsiya qilish imkonsizligi bo‘yicha tegishli idoralarning xulosalari bor. Inson hayoti har narsadan ustun. Eski masjidga kirib ibodat qilish xavfli edi”, – deydi mahallada istiqomat qiluvchi G‘ulomjon Madumarov.

Muhammadjon Mirzayev
Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Shu mahalla fuqarolaridan yana biri Muhammadjon Mirzayev ham tarixiy masjid xususida o‘z fikrini bildirdi.

“O‘zbek xalqi tarixiy obidalarni ko‘z qorachig‘idek asraydi. Masjid tarixiy peshtoqlari, ustunlari bizning tarixiy madaniyatimizni eslatadi.

1970-80 yillarda 10-o‘rta maktabda harbiy ta'lim rahbari bo‘lib ishlaganman. Mazkur masjid shu maktabning filiali bo‘lgan. Bu yerda boshlang‘ich sinflar tahsil olgan.

Qadimiy Xo‘ja Porso masjidining bir tomoni cho‘kib ketgan, odamlar kirib namoz o‘qishi uchun ham xavfli edi. Bu masjidni kimdir o‘zidan o‘zi kelib buzib yubormadi. Mutaxassislar kelib holatni o‘rganishdi. Masjidni qaytadan qurish bo‘yicha oqsoqollar maslahati olingan. Yoshi ulug‘ odamlar bilan bu borada suhbatlar uyushtirilgan. Davlat arxitekturasi, kadastri, qurilish sohasi mutaxassislari kelib xulosa bergan. Xulosa berilgandan keyingina bu yerda qurilish ishlari boshlandi.

Kirib namoz o‘qish xavfli bo‘lib qolganidan keyin masjidga kam sonli odam kiradigan bo‘lib qolgan edi. Chunki masjidning bir tomoni cho‘kib ketgan, devorlari o‘rtasidan yorilib ketgan edi”, – deydi u.

Alisher Husanov
Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Alisher Husanov bu haqda shunday deydi.

“Xo‘ja Porso masjidi 1968-69 yillarda qurilgan. 2019 yilda Vazirlar Mahkamasining 846-sonli qaroriga asosan masjid madaniy meros obekti sifatida davlat muhofazasiga olingan. Masjid mahalliy toifadagi obektlar qatoriga kiradi.

Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev
Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Ta'mirtalab holatga kelib qolgani, namozxonlarning sig‘may qolgani sababli yangi masjid qurish taklifi bo‘yicha bizga murojaatlar kelib tushgan edi. Bu bo‘yicha 2020 yilda dastlabki loyiha tayyorlanib, madaniy meros ilmiy ekspert kengashiga yuborilgan. Dastlab ilmiy ekspert kengashi tomonidan loyiha ko‘rib chiqilib, masjid qurilishi bo‘yicha e'tirozlar bo‘lgan. Loyiha qayta ko‘rib chiqilgandan keyin 2020 yilning noyabr oyida masjid loyihasi kengash tomonidan ma'qullangan.

Xo‘ja Porso masjidining asosiy tarixiy ahamiyatga ega qismi ayvon qismi bo‘lib, o‘zgacha naqshinkorlari mavjud bo‘lgan. Aynan shu ustunlar mutaxassislar tomonidan yechib olinib, raqamlandi.

Yaqin vaqt oralig‘ida ayvonning tarixiy ahamiyatga molik qismi qayta tiklanadi.

Tarixiy masjid ayvonining qayta qurilishi yuzasidan e'tirozlar bo‘lganidan keyin viloyat hokimi shaxsan o‘zi voqea joyiga kelib holatni o‘rgandi.

Tegishli tashkilotlarning masjid bo‘yicha xulosalari, loyiha smetalari, hujjatlari ko‘rib chiqildi. Bu borada o‘rganishlar hozir ham davom etmoqda.

Foto: Farg‘ona viloyati Madaniy meros boshqarmasi

Ayvon ustunlarini yechib olishda ham ularga ziyon yetmadi. Vodiydagi malakali restavratorlar tomonidan masjidning ustun va peshtoqlari yechib olindi. Masjid xom g‘ishtdan qilingani uchun tabiiy ofatlar natijasida yoriqlar paydo bo‘lgan. Shuning uchun masjidni qayta qurish va tarixiy ayvonni yangidan qurishga kelishilgan.

Qadimiy masjid poydevorini mustahkamlash, naqshinkor ayvonning umrini uzaytirish uchun avvalgi holati qanday bo‘lsa shundayligicha bunyod etish uchun mutaxassislar jalb qilingan. Loyiha bo‘yicha buzilgan ayvon joyiga o‘rnashtiriladi.

Foto: Kun.uz / Sarvar Ziyayev

Masjidning shift qismi yaxshi saqlangan. Tom qismi mahalliy aholi tomonidan bir necha bor ta'mirlangan. Peshtoq naqshlariga zarar yetmagan. Faqatgina masjidning devor qismi ta'mirtalab bo‘lib qolgan.

Masjidning poydevori toshdan, devori xom g‘ishtdan, tepa qismi yog‘ochdan milliy Farg‘onacha uslubda qurilgan”, – deydi Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Alisher Husanov.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: