Jizzaxda avtomobil sanoati klasteri tashkil etiladi

O‘zbekiston 12:14 / 21.10.2021 6306

“Bunda, nostandart yondashuvlar, Jizzax erkin industrial hududi, logistika va sanoat zonalari hamda boshqa imkoniyatlardan keng foydalanamiz. Jumladan, menda katta qiziqish uyg‘otgan Hindiston tajribasi asosida viloyatda “Jizzaxda ishlab chiqaring” sanoat dasturini amalga oshiramiz. Ushbu dasturda zamonaviy korxonalarni tashkil etish, muhandislik-infratuzilmaga ulanishga ko‘maklashish, qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha barcha imtiyoz va preferensiyalar nazarda tutiladi. Buning uchun Investitsiyalar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi “Investorlarga ko‘mak markazi” tuziladi.

Bu borada biz Hindiston rahbariyati bilan gaplashib oldik va ular bizlarga yordam berish uchun zarur mutaxassislarni yuborishadi. Shuningdek, har bir tumanda loyihalarni ishlab chiquvchi “Loyiha guruhi” va tadbirkorlar ishtirokidagi “Holding kompaniyasi” tashkil etiladi. Ushbu loyihalarning 30 foizgacha qismi To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Har bir tumanga yiliga 30 million dollargacha, sanoati past rivojlangan Yangiobod, Zafarobod, Mirzacho‘l, Do‘stlik va Baxmal tumanlariga 40 million dollargacha mablag‘ ajratib boriladi. Viloyatda kelgusi besh yilda jami 12 milliard dollarlik 4 mingdan ziyod katta, o‘rta va kichik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 120 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bunda, zamonaviy mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal kabi sohalardagi loyihalarga alohida e'tibor qaratiladi. Jumladan, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilib, 800 million dollarlik 90 dan ziyod sanoat loyihalari amalga oshiriladi va 15 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, iqtisodiyot va aholi daromadlari o‘sishi tufayli hozirgi kunda avtomobilsozlik mamlakatimiz sanoatining eng yirik tarmoqlaridan biriga aylandi. Kelgusi besh yilda aholimizning avtomobillarga bo‘lgan talabi yiliga 500-600 mingga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu sanoat tarmog‘i qishloq xo‘jaligi, qurilish, kommunal kabi sohalar uchun ham texnika va asbob-uskunalar ishlab chiqaradi.

Shuni inobatga olib, viloyatda avtomobil sanoati yirik klasteri tashkil etiladi. Ushbu klaster tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, konstruktorlik, logistika, kadr tayyorlash sohalarini qamrab oladi. Jumladan, Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida 500 million dollarlik 60 ta loyiha amalga oshirilib, ham avtomobil, ham butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, mahalliylashtirish 60 foizga yetkaziladi. Misol uchun, Sharof Rashidov tumanida qiymati 100 million dollarlik loyiha hisobiga avtomobillar uchun kuzov panellari, plastik qismlar, o‘rindiqlar, yoqilg‘i baklari va boshqa butlovchi hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Ko‘proq yangiliklar: