Janubiy Koreya o‘zining ilk fazoviy raketasini uchirdi 

Jahon 20:25 / 21.10.2021 4572

Raketa poytaxt Seuldan 500 km uzoqlikda joylashgan Goxindagi kosmodromdan uchirilgan.

“Nuri”ning sinovi yakunlandi. Afsuski, biz ko‘zlangan maqsadga to‘liq erisha olmadik. Biroq birinchi galga ancha munosib natijaga erishdik”, deb aytgan Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In.

Uning ta'kidlashicha, raketa 700 km balandlikka erishgan, biroq sun'iy yo‘ldosh maketi raketadan ajralgach, orbitada qola olmagan. Janubiy Koreya prezidenti ayni vaqtda muhandislar bu hodisani taftish qilishayotganini va raketaning ikkinchi sinovi 2022 yil may oyiga belgilanganini qo‘shimcha qilgan.

“Nuri” 200 tonnalik 3 pog‘onali raketa bo‘lib, uning balandligi 47,2 metrni, diametri 3,5 metrni tashkil qiladi. U aviakerosin va suyuq qislorodda ishlaydi.

Seul 2010 yildan boshlab raketa ustida ishlarni olib borgan. Loyihani amalga oshirish uchun 1,79 mlrd dollar ajratilgan. 

Janubiy Koreya dunyodagi eng ilg‘or texnologik markazlardan biri hisoblansa-da, fazoni o‘zlashtirishda boshqa davlatlardan ortda qolmoqda. Mamlakatning o‘z raketasini uchirishga 2009 va 2010 yillardagi urinishlari muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan. Seul 2030 yilgacha Oyga zond yuborishni rejalashtirmoqda.

Janubiy Koreya “Nuri”ni sun'iy yo‘ldoshlarni uchirish uchun qo‘llashini aytsa-da, u bilan bog‘liq sinovlarga harbiy dasturning bir qismi sifatida qaraladi, chunki ballistik va fazoviy raketalarda o‘xshash texnologiyalar qo‘llanadi.

Ko‘proq yangiliklar: