Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar malakali pedagoglar bilan kuchaytiriladi

O‘zbekiston 08:04 / 20.10.2021 3739

Vazirlar Mahkamasining “Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga malakali o‘qituvchi-pedagoglarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2021 yil 1 martdan boshlab, ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi. 

Bunda, bir ma'muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz, boshqa ma'muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglar jalb qilinadi. Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati Xalq ta'limi vazirligi hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadi va XTVning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. 

Maxsus ustamalar ular borgan maktab ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanadi. Maxsus ustamalar umumta'lim fanlaridan biri bo‘yicha xalqaro tan olingan sertifikatga yoki umumta'lim fanlarini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda to‘lanadi.

Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta'lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

U quyidagilarni nazarda tutadi: Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarning ro‘yxatini shakllantirish tartibi; ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berishi uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish sxemasi; pedagoglarga qo‘yiladigan talablar; boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarni ishga qabul qilish va mehnatiga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi.

Ko‘proq yangiliklar: