Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida fuqaroning 10 tonna sarimsoq piyozini o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 8 sentyabr kuni, Toshkent shahrida yashovchi Z.Zokir Jarqo‘rg‘on tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z murojaatiga ko‘ra, joriy yil 28 iyul kuni tumanning Qoraburo mahallasida yashovchi opasi Z.Z.ning uyida saqlab qo‘ygan 10 tonna 477 kilogramm sarimsoq piyoz hosilini Andijon viloyatida yashovchi K.K. bilan 183 million 347 ming so‘mga savdolashib olgan.
K.K sarimsoq piyozning pullarni mahsulotni sotganidan keyin berishini aytib olib ketgan. Ammo oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramasdan pullarni bermagan va o‘zlashtirib ketgan.
Qayd etilishicha, joriy yil 7 oktyabr kuni K.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.