Rossiyada ketma-ket rekordlar yangilandi. Putin ishlanmaydigan hafta e'lon qildi, Moskvada lokdaun bo‘lishi mumkin

Jahon 17:57 / 20.10.2021 29789

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha bo‘lgan muddatni ishlanmaydigan kunlar sifatida belgiladi. Chorshanba kuni Rossiyada kunlik o‘lim holatlari bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Moskva rasmiylari qisqa muddatli lokdaun joriy etish masalasini muhokama etmoqda.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova 19 oktabr kuni Rossiyada 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha (4 noyabr kuni Xalq birligi kuni nishonlanadi, 5 noyabrdan 7 noyabrgacha shundoq ham dam olish kunlari edi) ishga chiqilmaydigan haftalik e'lon qilishni taklif etgandi. Chorshanba kuni u prezident ishtirokidagi onlayn yig‘ilishda bu taklifni takrorlagan.

Bundan tashqari, Golikova vaziyat nisbatan og‘ir hududlarda ishlanmaydigan kunlar rejimini 23 oktyabrdan boshlashni, QR-kodlarni keng joriy etishni va xavf guruhiga mansub bo‘laturib vaksina qabul qilmaganlar uchun ihotalanish rejimi e'lon qilish bo‘yicha takliflar bergan. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari rossiyaliklarni boshqa regionlarga safar qilishdan tiyilishga chaqirgan.

O‘z navbatida, yana bir  bosh vazir o‘rinbosari Andrey Belousov hukumat ishlanmaydigan kunlar sharoitida biznesni qo‘llab-quvvatlash choralarini tayyorlaganini bildirdi. Ulardan biri - kichik va o‘rta biznesning cheklovlardan zarar ko‘rgan tarmoqlarida ishlovchi bir kishiga bir martalik mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini to‘lashni nazarda tutadi. To‘lovlar 15 noyabrdan 31 dekabrgacha amalga oshiriladi.

Belousovning hisob-kitoblariga ko‘ra, ishlanmaydigan kunlar tufayli yuzaga keladigan qariyb ikki haftalik tanaffus biznesga taxminan 60 mlrd rublga tushadi.

Putin Golikovaning takliflariga rozilik bildirdi. U mamlakatda vaksinatsiya darajasi past sur'atlari saqlanib qolayotganini ta'kidlab, bugungi kunda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni joriy etishga zarurat borligini aytib o‘tgan.

Moskvada lokdaun bo‘ladimi?
«Forbs» jurnali ma'lumotiga ko‘ra, Moskva rasmiylari ishlanmaydigan kunlar vaqtida qisqa muddatli lokdaun joriy etishni rejalashtirmoqda. Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha, savdo markazlari, restoranlar, kafelar, do‘konlar, go‘zallik salonlari, kinoteatrlar va poliklinikalarga kirishda cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar barchaga, hatto emlangan va kasallikni boshdan kechirganlarga ham taalluqli bo‘ladi, QR-kod rejimi joriy etish hozircha rejalashtirilmagan.

Shu kunlarda Moskva meri Sergey Sobyanin Putin ishtirokidagi hukumat majlisini kutmasdan yangi kovid cheklovlari haqida e'lon qilgandi. Xususan, koronavirusga qarshi emlanmagan va 60 yoshdan katta bo‘lgan, surunkali kasalliklari bor moskvaliklar uydan chiqishi taqiqlangandi. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari uchun, shuningdek, ish beruvchilar uchun majburiy vaksinatsiya talabi qat'iylashtirilgan.  Shaharda Ko‘p funksiyali markazlarda va savdo markazlarida COVID-19 ga ekspress-test tashkil qilingan, maktab o‘quvchilarini tekshirish boshlangan va metroda niqob taqish ustidan nazorat kuchaytirilgan.

Tashkilotlar o‘z xodimlarining 60 foizini, shu jumladan, 60 yoshdan oshgan va surunkali kasalliklari bo‘lgan barcha ishchilarini masofadan ishlashga o‘tkazish majburiyatini oldi. Choralar 2022 yil 25 fevralgacha amal qiladi.

Kasallanish holatlari keskin o‘sishi
Rossiyada sentabr oyi oxirlarida koronavirus tarqalishi yana avj ola boshladi. So‘nggi oyda yangi kasallanish holatlari 70 foizga oshdi. Mamlakatda so‘nggi hafta davomida kunlik kasallanish holatlari va o‘lim holatlari bo‘yicha deyarli har kuni rekord ko‘rsatkichlar yangilandi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha operativ shtab ma'lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni Rossiyada Covid-19ga chalinish bo‘yicha yangi holatlar soni 34 073tani tashkil etdi (bu bir kun oldingidan 333taga ko‘p). Pandemiya davridagi eng yuqori maksimum mamlakatda 18 oktabr kuni qayd etilgandi - 34 325 yangi holat.

Chorshanba kuni kovid qurbonlari bo‘yicha rekord yana yangilandi - so‘nggi bir kunda koronavirusga chalinganlarning 1 028 nafari vafot etgan. Hukumat koviddan o‘lim darajasi yuqori bo‘lishini emlash kampaniyasi past templarda olib borilayotgani bilan izohlagan.

Regionlarda birin-ketin yangi cheklovlar joriy etilmoqda -  majburiy vaksinatsiyadan tortib QR-kodlar joriy etishgacha. Sankt-Peterburgda ko‘rgazma va konsertlar, sportzallar, restoranlar va hatto savdo markazlariga kirish uchun QR-kodlar joriy qilinishi haqida e'lon qilindi. Shuningdek, butun Rossiya bo‘ylab, Stavropol o‘lkasi, Ingushetiya va Qalmog‘istondan tashqari, aholining ba'zi guruhlarini majburiy emlash joriy etilgandi. Ammo hozircha birorta regionda lokdaun yoki ishlanmaydigan kunlar haqida e'lon qilinmagandi.

Ishlanmaydigan oy
Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli ilk bor 2020 yilning 30 martida ishlanmaydigan kunlar joriy etilgan va bu rejim 11 mayga qadar amalda bo‘lgandi. Moskvada mer farmoni bilan 2021 yil 15-19 iyun kunlarida ham dam olish kunlari e'lon qilingandi.

Biznes vakillari ish kunlari bo‘lmagani tufayli katta zarar ko‘rishlaridan shikoyat qilishgan. Regionlardan biri rahbariyatidagi manbaning BBC’ga ma'lumot berishicha, 2020 yilda Rossiya sanoat va savdo vazirligi hamda hukumatning iqtisodiy bloki ishlanmaydigan kunlar rejimi bekor qilinishida lobbistlik qilgan.

Seshanba kuni bosh vazir Mishustin hukumatdan biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni tayyorlashni talab qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: