“Navoiy va Namangan shaharlarida yetimxonada bola qolgani yo‘q” - bosh vazir o‘rinbosari

O‘zbekiston 17:08 / 20.10.2021 8230
Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

“Respublika miqyosida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini oila muhitida tarbiyalashga berish ko‘rsatkichlari ko‘paymoqda. Bu, albatta, juda yaxshi jarayon. So‘nggi ikki oyda mehribonlik uylarini tark etgan 583 nafar bolaning qariyb 40 foizi yangi tashkil etilayotgan oilaviy bolalar uylariga yo‘naltirilgan. Masalan, Navoiy va Namangan shaharlarida yetimxonada bola qolgani yo‘q. Birorta bola qolmadi. Boshqa hududlarda ham mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalar soni keskin kamaymoqda.

Lekin bizni boshqa bir masala o‘ylantiryapti: Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilalarga berish tartibi qanday bo‘lishi kerak? Bu bolalarni tarbiyaga olayotgan ota-onalar qaramog‘idagi shaxslarning ta'limi, tarbiyasi, davolanishi o‘z vaqtida bo‘lishi uchun kafolat bera oladimi? Oilalarda voyaga yetayotgan yetim bolalar mehnat ko‘nikmalariga ega bo‘lishadimi, ochig‘i, buni aniq bilmaymiz. Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova bilan ham shu haqda maslahatlashdik.

Ayni paytda mehribonlik uylarida saqlanayotgan bolalarni oilaga tarbiyaga olish eski tartib asosida amalga oshirilmoqda. Kundan kunga yetim bolalar tarbiyalanayotgan oilaviy uylar ko‘payib borayotganini hisobga olgan holda ularning faoliyatini yangidan tartibga solishimiz kerak. Oilada tarbiyalanayotgan yetim bolalarni moliyalashtirish qanday bo‘ladi, bu oilaga oziq-ovqat yetkazib beriladimi yoki ota-onaga ushbu xarajatlar uchun kompensatsiya sifatida pul beriladimi, mana shu tartib-qoidalarni ishlab chiqishimiz kerak”, – deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, 2021 yilning avgustida O‘zbekistondagi turli muassasalarda 1990 nafar yetim bola tarbiyalanayotgan edi. Hozirga kelib respublika bo‘yicha 16 ta mehribonlik uylarida 1119 nafar, 4 ta bolalar shaharchasida 101 nafar, 3 ta “SOS” bolalar mahallasida 205 nafar, jami 1425 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Behzod Musayevga ko‘ra, avgustdan buyon mehribonlik uylarini tark etgan 583 nafar bolaning 88 nafari asrab olingan, 223 nafari oilaviy bolalar uylariga tarbiyaga berilgan, qolganlari esa oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirgan.

Eslatib o‘tamiz, “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning muammolarini o‘rganish va hal etish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida yangi tizim yaratilgan, xususan, yetimlarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilgan.

Kun.uz'da avvalroq Andijon shahrida yashovchi Umarovlar oilasi “Bolalar shaharcha”sidan 7 nafar tarbiyalanuvchini farzandlikka olgani, Farg‘ona tumanidagi Valiyevlar xonadoni 6 nafar yetim bolani qaramog‘iga olgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: