Jahon chempionati har ikki yilda o‘tkazilishi mumkin. FIFAdan yangi tafsilotlar

Sport 16:55 / 20.10.2021 15364

Aftidan, futbolda navbatdagi inqilob ro‘y berishi kutilmoqda. Cadena Ser nashri ma'lumotiga ko‘ra, FIFA milliy federatsiyalarga jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida hujjat yuborgan. Bunday o‘zgarishlarni 2026 yilgi JChdan keyin hayotga tatbiq etish taklif etilmoqda.

Islohotning yangi tafsilotlari
Bundan tashqari, FIFA yangi taqvim milliy jamoalar uchun qulay bo‘lishini va'da qilgan. Tashkilotdagilarning fikricha, o‘zgarishlar futbolchilarga yuklama hajmini kamaytiradi, ular terma jamoa o‘yinlari uchun hozirdagi kabi 50 kun emas, 30 kunni ajratishi kifoya bo‘ladi. Shuningdek, saralash siklidagi o‘yinlar soni qisqaradi - xalqaro turnirlarning saralash bosqichi 7ta o‘yin bilan chegaralanadi, o‘yinlar ikki oyda: oktabr va mart oylarida o‘tkaziladi.

FIFA Lionel Messi terma jamoa uchun 2014 yildan 2018 yilga qadar 324 ming. km. bosib o‘tganini misol tariqasida keltirgan. Tashkilot ma'lumotlariga ishonilsa, islohotdan keyin bu masofani 157 ming. km.ga qisqartirish mumkin (2026-2030 yillarda). Janubiy Amerikadagi terma jamoalar uchun to‘rt yillik sikldagi o‘yinlar soni hozirgi 38tadan 34taga qisqaradi, Yevropadagi jamoalar esa 44 o‘rniga 43ta o‘yin o‘tkazadi. Jahon chempionatlarini juft son bilan tugaydigan yillarda, qit'a chempionatlarini toq son bilan tugaydigan yillarda o‘tkazish reja qilingan.

Avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatlarini yangi tizimga o‘tkazishning qanday afzalliklari borligi haqida gapirgandi.

«Menimcha, jahon chempionati har ikki yilda o‘tkazilishining ustun tomonlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yuqori darajadagi raqobat, boshqalarga umid berish va sensatsiyalar uchun imkoniyat. Jahon chempionatini har to‘rt yilda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qilinganida terma jamoalar soni 40ta bo‘lgan, hozir esa bizda 211 jamoa bor», — degan Infantino.

Bu g‘oya qachon paydo bo‘lgandi?
Jahon chempionatini ikki yillik sikl bo‘yicha o‘tkazish haqida ilk bor shu yil mayida FIFA kongressida aytilgandi. Saudiya Arabistoni vakili shunday tashabbus bilan chiqqan, uning g‘oyasi 166 federatsiya vakillari tomonidan ma'qullangandi. Shundan keyin FIFA ehtimoliy islohot borasida tadqiqotlar o‘tkazishga kirishdi.

«Arsenal»ning sobiq bosh murabbiyi, hozirda FIFAda global taraqqiyot bo‘yicha direktor vazifasida ishlayotgan Arsen Venger muxlislarga tushunarli va o‘rtaga katta narsa tikilgan yuqori darajadagi o‘yinlar kerakligini aytib o‘tgan.

«Tasavvur qiling: 2026 yilda AQSh, Meksika va Kanadada jahon chempionati; 2027 yilda — Yevropa chempionati va boshqa qit'a chempionatlari, 2028 yilda — yana jahon chempionati o‘tkazilsa. Saralash o‘yinlari kamayadi, ko‘proq pley-off o‘yinlari o‘ynaladi. Bu muxlislar istaydigan narsadir», — degan u L’Equipe uchun intervyusida.

Kimlar qarshi chiqdi?
Jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish g‘oyasini UYeFA prezidenti Aleksander Cheferin xushlamadi. U hatto agar FIFA o‘z rejasini amalga oshirgudek bo‘lsa, Yevropa jamoalari tomonidan boykot qilinishi bilan tahdid qildi. Uning fikricha, jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish turnir ahamiyatini pasaytiradi, shuningdek futbolchilarning sog‘ligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMeBOL) va Yevropa futbol klublari assotsiatsiyasi ham bunday islohotga qarshi chiqishgan.

Jahon chempioni, germaniyalik sobiq futbolchi Filipp Lam bunday reformaning minuslarini sanadi. Uning fikricha, bunday o‘zgarish futbolchilarda ham, muxlislarda ham norozilik uyg‘otadi.

«Jahon chempionatlari orasidagi muddat qisqartirilishi shunday tasavvur uyg‘otadiki, futbolning asosiy elementi — pul. Yirik sport musobaqalari sabrli bo‘lish va vaqt talab etadi. Bu ularning barqarorligi uchun muhim. Juda ko‘p futbol turnirlari muxlislarning joniga tegishi mumkin. Yirik turnirlar hamisha yodda qoladi. Greklar to‘rt yil mobaynida Yevropa chempionligi tituli bilan yurishdi, portugallar — besh, ispanlar — sakkiz. Agar yirik turnirlar har yili o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu ijtimoiy tarmoqdagi navbatdagi yangi kanal yoki telefondagi yangi ilovaga o‘xshab qoladi. Doimiy shiddatli o‘yinlar futbolchilarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Men 2014 yilda terma jamoani shuning uchun tark etganmanki, bu yog‘iga yuqori yuklamani ko‘tara olmasdim, ammo keyingi uch yilda klubda futbol o‘ynashda davom etdim», deydi u.

Rossiya termasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin ham bunga qarshi chiqdi: «Bundan kelib chiqadiki, har yili yirik turnirlar o‘tkaziladi. Men bunga qarshiman, futbolchilar zo‘riqib qoladi. Yevropada shundoq ham ba'zi futbolchilar katta turnirlar ham o‘tadigan yillarda 70tadan ortiq o‘yinlarda maydonga tushishmoqda. Agar bu har yili takrorlansa, keyin tag‘in so‘rashadi: bunday ko‘p jarohatlarning sababi nima?»

Ehtimoliy islohotlar adidas ijrochi direktori Kasper Ryorsted tomonidan ham tanqidga uchradi. Bu kompaniya FIFAning asosiy homiylaridan biri sanaladi.

«Men jahon chempionatini har ikki yilda o‘tkazish to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylamayman. Axir boshqa turnirlar ham bor: Yevro, Kopa Amerika. Boshqa narsalarga ham vaqt qoldirilishi kerak. Men futbolning ashaddiy fanatiman, ammo televideniye orqali biatlon, gandbol, tog‘ chang‘isi, tennis bo‘yicha musobaqalarni ham ko‘rsatish kerak. Agar biz faqat bitta sportni katta kuch bilan targ‘ib etadigan bo‘lsak, bu hech kimga foyda keltirmaydi», degan u.

Ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar bo‘yicha ovoz berish jarayoni dekabrda bo‘lib o‘tadi. FIFA bu takliflar federatsiyalarning katta qismi tomonidan ma'qullanishiga ishonch bildirmoqda. Avval bu islohotlarga qarshi chiqqan UYeFA va KONMeBOL rahbarlari qanday yo‘l tutishi hozircha noma'lum.

Manba: Championat.com

Ko‘proq yangiliklar: