Davlat sirlari va korrupsionerlar reyestriga doir qonun loyihalari tez kunlarda e'lon qilinadi - Akmal Burhonov

O‘zbekiston 17:08 / 20.10.2021 5174

O‘zbekistonda “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi hamda “Korrupsion jinoyat sodir etganlarning reyestri to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ishlab chiqildi.

Bu haqda ma'lum qilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, tayyorlangan loyihalar “yaqin kunlarda” jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

“Ochiqlik prezumpsiyasi amalga oshishi uchun birinchi o‘rinda “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun bo‘lishi kerak. O‘sha qonunda qaysi narsa davlat sirlari ekani ko‘rsatib o‘tiladi, unda yo‘q narsalarning barchasi ochiq bo‘lishi kerak.

2021 yil sentabr oyida mas'ul idoralar, jumladan agentlik ishtirokida “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Yaqin kunlarda bu loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilinadi”, – dedi Burhonov 19 oktyabr kungi davra suhbatida.

U korrupsion jinoyat sodir etgan mansabdorlarning ochiq reyestrini yuritish fuqarolarning turli huquqlariga ta'sir qilishini inobatga olgan holda, bu tartibni qonun sifatida qabul qilish taklifi bildirilganini ta'kidladi.

“Biz “Korrupsion jinoyat sodir etganlarning reyestri to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdik. Bu loyiha, nasib qilsa, kelasi hafta jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilinadi. Mana shu qonun asosida bu reyestr yuritiladi.

Sizni ishontirib aytamanki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab [korrupsion jinoyat sodir etgan mansabdorlar ro‘yxati] e'lon qilib boriladi, bu farmonda ham ko‘zda tutilgan.

Bu tartibning huquqiy mexanizmi va tizim ustida ishlayapmiz. Ya'ni ochiq reyestrda nimalar bo‘ladi: mansabdorni ismi-sharifi, qaysi korrupsion jinoyatni sodir etgani kabi. Hozircha bizda bu bo‘yicha muammolar yo‘q, hammasi reja bo‘yicha ketyapti”, – deya aksilkorrupsion organ rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil iyulida qabul qilingan ochiqlikka doir prezident farmonida 2021 yil avgust oyiga qadar “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida” qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozimligi aytilgan.

Loyihada quyidagilar nazarda tutiladi:

  • cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma'lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash;
  • cheklab qo‘yilishi fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishini man etish;
  • fuqarolar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatchilari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirish shartlari va tartiblari;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid prezident farmonida korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan .

Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • davlat xizmatiga qabul qilinish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
  • saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod ko‘rsatish;
  • davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a'zoligiga kirish;
  • ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi; davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi;
  • davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta'lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.

Tegishli qonun loyihasini Prezident administratsiyasiga kiritish muddati 2021 yil 1 oktabr etib belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: